Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 15:52 Chop etish versiyasi

El e’zozida

El e’zozida G‘arovtepa, 4-uy. Bu xonadonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G‘ani Tojiyev istiqomat qiladi.

Ushbu yozuv Jomboy tumani G‘azira mahallasidagi hovlilardan birining darvozasiga bitilgan. Ilgari bu mahallada bunday yozuvlar ko‘p edi. Bugun faqat bitta. O‘tgan asrning eng katta talafot va yo‘qotishlariga sabab bo‘lgan, dunyo xalqlari boshiga ko‘p kulfatlar solgan Ikkinchi jahon urushining shohidi – 93 yoshli G‘ani ota u kunlarni doim og‘ir xo‘rsinib eslaydi.

– Urush boshlangan chog‘da birinchilar qatorida frontga ketgandim, – deydi otaxon. – Uch yil qirg‘inbarot janglarda qatnashib, 1944-yilda og‘ir jarohatdan so‘ng uyga qaytdim. Bu yerda tinchlik hukm sursa-da, hayot urush bo‘layotgan joylardagi kabi juda murakkab, kun kechirish og‘ir edi. Keksayu yosh dalada tinim bilmay mehnat qilardi. Men ham ularning qatoriga qo‘shildim. Lekin dasturxonda non butun emasdi. Barchasi front uchun, degan gaplar bo‘lardi. Buning ustiga goh u oila, goh bu oilaga qora xat kelar, aza ochilmagan xonadon qolmagandi. Urush tugagandan keyin ham hayotning izga tushishi oson kechmadi...

Otaxon ko‘zida yosh xalqalandi. Bir nuqtaga termulgancha uzoq vaqt sukut saqlab turdi. Ikki yoshli chevarasi kelib bo‘yniga osilgandan so‘nggina xayollari to‘zg‘ib, yuzida tabassum paydo bo‘ldi.

– Yaratganga shukr, bugungi yorug‘ kunlarni ko‘rish nasib etdi, – dedi G‘ani ota chevarasini tizzasiga o‘tqazib, boshini silarkan. – To‘rt farzand o‘stirib, uyli-joyli qildik. Barchasi o‘zidan tingan. Nevara-chevaralarning sanog‘ini bilmayman. Yoshligimizda boshdan ko‘p ko‘rgiliklar o‘tgan bo‘lsa ham, shukr, keksalik chog‘imizda davlatimizning, xalqimizning e’zozu hurmatida hayot kechirayapmiz. Har kuni uyga yo‘qlab kelishadi, hol so‘rashadi. Betob bo‘lib kasalxonaga tushsam, baraka topishsin, shifokorlar atrofimda parvona. Turli sanatoriylarga borib, dam olib kelaman. O‘tgan yil o‘g‘lim hamrohligida “Tovoqsoy”da bo‘ldim. U yerdagi hurmat-e’tibordan boshim ko‘kka yetdi, yosharib keldim.

Prezidentimizning bizni mukofotlash haqidagi farmonidan so‘ng tuman hokimligidan vakillar kelib, hol-ahvol so‘radi. Davlatimizning pul mukofoti, esdalik sovg‘alarini topshirdi. Navbatsiz mashina olish haqida sertifikat berdi. Juda xursand bo‘ldim. Bolalarimning shaxsiy mashinalari bor. Endi nabiramga “Damas” olib beraman. Mehmonlar Toshkent shahrida va Samarqandda bo‘ladigan bayram tadbirlariga taklif etishdi. Albatta boraman, dedim. Safdosh do‘stlarimni ko‘rib kelaman, o‘tganlarini xotirlayman.

Ilohim, bugungi kunlarimizga ko‘z tegmasin, yurtimiz doim tinch bo‘lsin. Tunu kun duo qilaman.

Shu kunlarda otaxon xonadoni har qachongidan ham gavjum. Farzandu nabiralar, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni bilan birga hokimlik, jamoat tashkilotlari vakillari kelib, G‘ani otani bayram bilan tabriklamoqda.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 952






Все о погоде - Pogoda.uz