Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 12:38 Chop etish versiyasi

Ekologik aksiya doirasida yangi bog‘ yaratildi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “Xumson” qishloq fuqarolar yig‘inida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti va tabiatni muhofaza qilishga bag‘ishlangan ekologik aksiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Ekologik harakati, “Medical-Express” jurnali va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan aksiyada Ekoharakat va uning “Yoshlar qanoti” faollari, shifokorlar, fermerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Aksiyada ekologik muammolarning oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilishning yanada samarali choralarini ishlab chiqish, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, kam chiqitli texnologiyalarni joriy etish kabi mavzularda suhbatlar bo‘lib o‘tdi, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlar va faollar bilan ishlash guruhi rahbari Sh.Azizov. – Agrar soha mutaxassislarining bog‘dorchilikni rivojlantirish, xususan, intensiv bog‘larni tomchilatib sug‘orish, parvarishlash, bu borada hududda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqidagi ma’ruzalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Aksiya doirasida “Akmal – Nargis – Abbos” fermer xo‘jaligining yer maydoniga 150 dan ortiq tup turli mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, yarim gektarlik yangi bog‘ barpo etildi.

– Bunday aksiyalarda doim faol qatnashishga harakat qilamiz. Bugun 5 gektarga yaqin mevali bog‘imiz maydoni yanada kengayganidan juda xursand bo‘ldik, – deydi xo‘jalik rahbari Y.Mirzahmedov. – Xalqimizda hashar yo‘li bilan qilingan ishda baraka, unum bo‘ladi, degan gap bor. Erta-indin gul ko‘rsatish arafasida turgan kurtaklarga qarab, bu yil ham ekologik toza, quyosh nuriga to‘yingan, xaridorgir hosil yig‘ishimizga ishonaman.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 583






Все о погоде - Pogoda.uz