Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 16:33 Chop etish versiyasi

Ehtiromdan ko‘ngillar shod

Samarqandda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olinib, ularga ijtimoiy-tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, davlat va jamoat tashkilotlarining sovg‘alari topshirilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 130 dan ziyod Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 3 ming 600 ga yaqin mehnat fronti faxriysi davlatimizning doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib hayot kechirmoqda. Prezidentimizning shu yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ularga pul mukofotlari, tibbiy vosita va dori-darmonlar, esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirilmoqda. Narpay, Pastdarg‘om, Samarqand va Urgut tumanlarida 9 nafar urush qatnashchisi uy-joyini ta’mirlashga kirishildi.

Davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillarni bir martalik navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatlar ham berilmoqda.

Kattaqo‘rg‘on tumani Jarboshi qishlog‘ida yashovchi 92 yoshli Rayim Yusupovga ushbu sertifikat “Samarqandavtotexxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limlari vakillari ishtirokida topshirildi.

– Bugungi tinch-osoyishta kunlar uchun tunu kun shukrona aytaman, – deydi Rayim ota. – Biz yoshligimizda bir burda non topish uchun qancha mashaqqat chekardik. Hozir odamlar mashina olsam, yangi uy qursam, deb orzu-havas qiladi. Prezidentimizga ming rahmat, xalqimizning farovonligi uchun barcha imkoniyatni yaratib bermoqda. Biz, keksalarga bo‘lgan e’tibordan esa ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilmoqda. Bugun berilgan imtiyozli qog‘oz bilan nabiramga yengil mashina olib bermoqchiman.

Viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahalla, korxona va tashkilotlarda faxriylar ishtirokida “Qahramonlik, burch va fidoyilik”, “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida uchrashuvlar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 695






Все о погоде - Pogoda.uz