Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 16:15 Chop etish versiyasi

E’zoz va e’tibordan nurafshon dillar

E’zoz va e’tibordan nurafshon dillar 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joylarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylar bilan uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazilmoqda.

Xorazm viloyatida ham bunday tadbirlar yuksak saviyada tashkil etilmoqda. "Qahramonlik, burch va fidoyilik", "Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat" shiorlari ostida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlarda nuroniylar yoshlarga bugungi tinch va farovon kunlarning qadriga yetish, mustaqillikni mustahkamlash va uni ko‘z qorachig‘idek asrash lozimligini uqtirmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga pul mukofoti va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillarni navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirilmoqda.

Xorazm viloyatida 85 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 2 ming 700 dan ortiq front orti mehnat faxriysi istiqomat qilmoqda.

Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida yashovchi Sharifboy ota Abdullayev 95 yoshda. Bayram arafasida viloyat hokimligi, viloyat mudofaa boshqarmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, “Xorazm avtotexxizmat diller” korxonasi vakillari otaxonning uyiga kelib, Prezidentimiz nomidan 2 million so‘m pul mukofotini topshirdi. Shu kuni maxsus sertifikat asosida olingan “Damas” avtomashinasi kaliti ham berildi. Otaxon va oila a’zolarining quvonchi cheksiz.

– Davlatimiz tomonidan biz, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turmush sharoiti, salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Sharifboy ota. – Sog‘lig‘im yaxshi, hurmat-e’tiborda yashamoqdaman. Prezidentimizning biz, keksalarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan mamnun bo‘ldim. Yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin.

Mamlakatimizda keksalarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz