Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2017 12:40 Chop etish versiyasi

E’tirofga munosib sportchi qiz

1 (2).JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-martdagi qarori bilan bir guruh iqtidorli qizlarimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular safida Toshkent shahri Mirobod yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Nigora Tursunqulova ham bor.

Taekvondo bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Nigora erishayotgan yutuqlarga bugun tengdoshlari havas qiladi.

Sportga mehr qo‘ygan qizlar sog‘lom, ruhi tetik, irodasi mustahkam, kelajakda hayotning turli sinovlarini yengib o‘tishga qodir bo‘lib voyaga yetadi. Qizlarning sport bilan shug‘ullanishi ularning nafaqat salomatligida, ayni paytda qaddi-qomati to‘g‘ri shakllanishida, ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

N.Tursunqulova 2010-yili taekvondo bo‘yicha Toshkent shahar chempionatida birinchi o‘rinni egalladi. 2011-2012-yillarda O‘zbekiston chempioni bo‘ldi va mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi safiga qabul qilindi.

2013-yili Germaniyada o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada sovrinli o‘rinni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, ruhan sinmadi, o‘z ustidan tinimsiz ishladi. O‘z oldiga yanada jiddiy maqsadlar qo‘ydi va o‘sha yilning o‘zida 14 yoshli sportchimiz Janubiy Koreya ochiq chempionatida oltin medalga ega bo‘ldi.

– Nigora ilk marotaba mashg‘ulotga kelganida u mashqlarni to‘g‘ri bajarishga harakat qilayotgani, mazkur sport turiga bo‘lgan qiziqishi va ko‘zlaridagi ishtiyoqini ko‘rib, kelgusida iste’dodli sportchi bo‘lib yetishishiga ishongan edim, – deydi murabbiyi Dmitriy Xvan. – Bugun u barchamizning ishonchimizni oqlab kelmoqda. Uning o‘z ustida tinimsiz ishlashi va yuksak marralarni ko‘zlayotgani bizni quvontiradi.

Astoydil qilingan mehnat besamar ketmaydi. Buning isbotini Nigora misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Nigora 2015-yili Xitoy Taypeyi mezbonlik qilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston kubogida oltin medal bilan taqdirlandi.

O‘tgan yili iqtidorli sportchimiz Filippin poytaxti Manila shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari saralash musobaqasida gongkonglik Ming Chan, iordaniyalik Julyana Al-Sadek ustidan zafar quchdi va Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

– Sportda erishayotgan yutuqlarim davlatimiz tomonidan yuqori baholanib, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib topilganimdan baxtiyorman, – deydi Nigora. – Ayniqsa, bu mukofotni Prezidentimizning shaxsan o‘zlari topshirgani ikki karra baxt. Bu menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Maqsadim – Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari hamda Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lib, yurtimiz dovrug‘ini jahonga taratishdir.

Mamlakatimizda yosh avlodni, ayniqsa, qizlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, noyob iste’dod va qobiliyat egalarini munosib rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik yuksak samaralar bermoqda. Yigit-qizlarni ulkan marralar sari chorlab, yurtimiz shonu shavkatini dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadlar sari yetaklayotir. Buni Nigora kabi yoshlar o‘qishda va sportda erishayotgan yuqori natijalar yaqqol tasdiqlaydi.

Javohir Toshxo‘jayev, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
3 019






Все о погоде - Pogoda.uz