Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 22:49 Chop etish versiyasi

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnunmiz

Mamlakatimizda xotin-qizlar yurt farovonligi, xalqimiz dasturxoni barakasining ortishiga munosib hissa qo‘shayotir. Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘lib, fikrlarini yozib oldi.

Xalchaxon Mirzayeva, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Xadicha aya» fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni:

– O‘zbekning baxtli ayollaridan biriman. 2007-yil dekabrning boshlari. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ko‘ksimga «Oltin yulduz» medalini taqib qo‘yar ekan, atrofdagilarga qarab: «Mana shu ayolni ko‘ring, shu ayol Qahramon bo‘ladi, deb kim o‘ylagan?! Aslida, shu kichik jussasi-yu katta qalbiga el-yurtga xizmat qilishdek ulkan mas’uliyatni ortgan ayol uchun dalada ishlash bilan birga, olti farzandni boqib tarbiyalashning o‘zi qahramonlik emasmi?!», deganlarida ko‘zlarimdan yosh quyilgandi. Bir zamonlar chigit ekishdan tortib, g‘o‘zapoyani yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan ishlarda yuqorining ko‘rsatmasini kutib o‘tiradigan, dehqonchilikdan bexabar «mutaxassis»larning kitobiy yo‘l-yo‘riqlarini bajarishga majbur, hosil taqdiriga mas’ul, lekin uning parvarishida erki yo‘q, samarasidan bebahra oddiy brigadir edim.

Bugun xalqimiz, davlatimiz ardog‘idaman. Bir men emas, barcha ayollarimiz ana shunday izzat-ikromda. Bundan quvonmay bo‘ladimi?!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, qishloq aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga doir farmon va qarorlaridan butun xalqimiz qatori fermerlar ham nihoyatda xursand. Bu e’tibor, bu g‘amxo‘rlik kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shib, yangi marralarni egallashga chorlamoqda.

Amanjon Xolmurodova, Xorazm viloyati Yangibozor tumani “Dostonbek” fermer xo‘jaligi rahbari:

– Onalari sharaflangan, qizlari ardoqlangan shunday jannatmonand yurtda yashayotganimdan behad faxrlanaman. Yildan-yilga faoliyat turimizni kengaytirish borasida yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilib, imtiyozlar berilmoqda. Buning samarasida paxta va g‘alladan yuqori hosil olmoqdamiz. Davlat tashkilotlari ishlayman, yarataman degan tadbirkoru, fermerni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular bizga ko‘proq yordam berishga intilmoqda. Misol uchun, shu kunlarda “Agrobank” cheklanmagan miqdordagi mablag‘ni imtiyozli foizda taklif qilmoqda. Faoliyatimizni kengaytirishimiz, biznes loyihalarimizni amalga oshirish uchun yanada kengroq shart-sharoitlar yaratayotgani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiramiz.

Fermer ayollarning faoliyat turlari yil sayin ko‘payib, ular chorvachilik, parrandachilik, poliz va sabzavot mahsulotlari, meva yetishtirishni ko‘paytirishga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga, hosildorlikni oshirishga alohida e’tibor bermoqda. Ishlab chiqarishda ham fermerlarning hissasi oshib borayotgani quvonarlidir.

Husnirabo Ergasheva, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti dotsenti, texnika fanlari nomzodi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olimlar bilan uchrashuvida bildirgan fikrlari, Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni yurtimizdagi barcha ilm ahlini, jumladan, Buxoro viloyatidagi olimlarni ham ko‘nglini ko‘tardi, ayni chog‘da mas’uliyat yukladi. Davlat rahbari ilm sohiblarini, xotin-qizlarni e’zozlab tursa – albatta quvonasan, yangi-yangi kashfiyotlar qilishga intilasan kishi.

Mamlakatimizda yaratilgan sharoitlar tufayli xotin-qizlar barcha sohalarda faol mehnat qilmoqda. Olima ayollarning ham safi yildan-yilga kengaymoqda. Institutimizda qirq nafarga yaqin olima ayol faoliyat yuritadi. Ular yoshlarga ta’lim-tarbiya berish barobarida ilm-fanning ustuvor masalalari yuzasidan izlanishlar olib bormoqda. Yaqinda bir hamkasbimiz muhim ilmiy loyihasi uchun ellik million so‘mdan ko‘proq davlat granti yutib oldi. Olimalarimiz nafaqat mamlakatimiz, balki taraqqiy etgan xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib, ilm-fan sohasida ilgarilab bormoqda. Bularning barchasi yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar mahsulidir.

Zuhra Qalandarova, tadbirkor (Qoraqalpog‘iston Respublikasi):


– Yoshim 64 da. Bundan yigirma yil avval ikkita qurilma bilan ish boshlagan edim. Bugun zamonaviy kichik korxona sohibasiman. Korxonada yigirma nafardan ko‘proq yoshlar ishlaydi. Paxta sanoati chiqindisidan mahsulot ishlab chiqarib, hayotimiz to‘kinligiga, oz bo‘lsa-da, ulush qo‘shayotganimdan baxtiyorman. Farzandlarim ham mening izimdan borib, tadbirkorlik yo‘lini tanladi. Ularning taqdiridan ko‘nglim xotirjam. Chunki mamlakatimizda tadbirkorlik rivoji uchun barcha sharoit yaratilgan. Ishlayman, degan odam ko‘zlagan niyatiga erishadi. Ayol uchun shunday go‘zal zamonda, ozod va obod Vatanda, davlat, jamiyat, farzandlari ardog‘ida yashashdan ortiq baxt yo‘q.

Sayyora Shoyeva, Bahor Xidirova, O‘zA
581






Все о погоде - Pogoda.uz