Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 21:53 Chop etish versiyasi

Dunyo nigohini O‘zbekistonga qaratgan nutq

Dunyo tarixida mashhur davlat va jamoat arboblari kabi, mashhur nutq, mashhur ma’ruza va favqulodda muhim bayonotlar ham bo‘ladi. Millat, jamiyat rivoji, el-yurt ravnaqiga, murakkab muammolarni hal qilishga, davlatlararo munosabatlarning oydinlashuviga xizmat qilgan bunday chiqishlarda bayon qilingan qamrovli tahlil va umuminsoniy manfaatlarni ko‘zlagan takliflar oradan necha yillar o‘tsa-da, davlatchilik tarixi, inson va uning manfaatlari, avlodlar almashinuvi va yangi istiqbol ufqlari bilan hamohang yashab kelaveradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning yuksak minbaridan turib so‘zlagan nutqi, shubhasiz, mohiyat e’tibori va tahlil ko‘lamiga ko‘ra ana shunday muhim tarixiy hujjatlar sirasiga kiradi.

Dunyo favqulodda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab vaziyatda olamshumul ixtirolar, jahonning yetti mo‘jizasi safidan joy olishga dahldor buyuk bunyodkorliklar bilan birga, inson va uning hayoti, bu yorug‘ olamda tinch-totuv umrguzaronlik qilishi, ona zaminni, suv va havoni pokiza saqlab qolish, milliy va ma’naviy qadriyatlarni kelajak nasllarga bus-butun yetkazish bilan bog‘liq o‘ta murakkab muammolar ham yuzaga kelayotgani sir bo‘lmay qoldi. Bu muammolar bir millat yoki bir mamlakatga emas, jami insoniyatga barobar taalluqli ekan, yechim yo‘llarini birgalashib, aql-idrok va yaxshi qo‘shnichilik tafakkuri bilan qidirishdek qadim sharqona odob zarur bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining ma’ruzasi dunyo ahlini mana shu zaruratdan ogoh qildi.

Bugun dunyo xaritasidagina emas, uning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ilm-fan taraqqiyoti natijalari to‘la-to‘kis inson farog‘ati, uning oddiy hayotiy ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilmoqda, deb aytish qiyin. G‘arb mamlakatlarida yirik sanoat korxonalari ishchilarini zamonaviy robotlar bilan almashtirish rejalari tuzilayotgani, bu borada dastlabki qadamlar qo‘yilgani ko‘pchilikka ma’lum. O‘zbekistonda esa “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan, bir qarashda g‘oyat oddiy, ammo zamirida bu yorug‘ olamning mangu haqiqati, fusunkor falsafasi mujassam bo‘lgan tamoyil o‘zining yangi ma’naviy qiyofasini shakllantira boshlagan davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb belgilandi. Odamlar davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari odamlar uchun ishlashi kerak, degan da’vat jamiyat a’zolarining qon tomirlariga yangicha kuch-quvvat baxsh etdi.

Istiqlol yillarida kechgan umrimizga, erishgan yutuqlarimizga tanqidiy ko‘z tashlab, xato-kamchiliklarni xolisona tahlildan o‘tkazib, xalqimizning salohiyati va imkoniyatlarini chamalab, g‘ayrat-shijoatga to‘la yoshlarimizga tayanib, kelgusi besh yillik uchun Harakatlar strategiyasini qabul qilganimiz, xalqni tinglash, uning ichida bo‘lish, muammolarini hal qilish davlat idoralarining birlamchi vazifasiga aylangani O‘zbekistonda yangi uyg‘onish fasli kurtak yozayotgani, meva tugayotganidan dalolatdir. Bu qutlug‘ jarayon davlatimiz rahbarining ma’ruzasida keltirilgan aniq tahlil va takliflar bois, sessiya ishtirokchilari, ushbu anjuman ishini kuzatib, davlatlar rahbarlarining chiqishlarini tinglab turgan necha yuz millionlab kishilar ko‘z o‘ngida yaqqol namoyon bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas.

Dunyoning jug‘rofiy jihatdan bir-biriga tutashib ketgan necha-necha davlatlarida diniy va irqiy mojarolar avj olib turgan bir paytda Prezidentimizning “O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz” degan so‘zlari va bu niyatning bugun amalga oshayotgani ko‘plarning havasini keltirgan bo‘lishi aniq. Zero, BMTning yangi bosh kotibi Antoniu Guterrish va inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Al-Husayn mamlakatimizga tashriflari chog‘i bu siyosatning samaralarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar O‘zbekistonda yuksak maqomga ega ekanligiga ishonch hosil qildi. Shu yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi halqaro anjumanda mamlakatimizning yangi xalqchil yo‘li, inson omiliga bo‘lgan yuksak e’tibor g‘oyat ta’sirchan tarzda namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston keyingi paytlarda dunyo hamjamiyati oldida o‘zining beg‘ubor tashqi siyosati va insonparvar, mehr-muruvvatga to‘la ichki siyosatini namoyon etdi. Yaqin o‘tmishning odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan, bir oila a’zolari, bir sulola, ildizi bir millat vakillarini bir-birlaridan uzoqlashtiradigan g‘ayriinsoniy cheklovlari bekor qilingani, inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqotlar faollashib borayotgani insonparvarlik, kechirimlilik tamoyillaridan kelib chiqib, turli sabablarga ko‘ra to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarni sog‘lom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani dunyo ibrat olsa, havas qilsa arzigulik ishlardir.

Istiqlol yo‘li, uning buyuk imorati, biz ko‘zlagan oliy manzil shundayki, unga yetishish uchun to‘xtovsiz g‘ayrat qilmoq, bu yo‘lni imon-e’tiqod kabi pokiza saqlamoq, hosil bog‘larini tinimsiz parvarishlamoq, qurigan shox-shabba, mevasiz novdalardan tozalamoq, yangi nihollar bilan boyitmoq, meva tugish davridan o‘tganlaridan voz kechmoq, qay bir o‘zanlarni yangilamoq, istiqlol solnomasiga yangicha mazmun va ulug‘vorlik, ko‘rk va salobat bag‘ishlamoq, elni rozi qilib yashamoq, dardiga darmon bo‘lmoq zarur bo‘ladi. O‘zbekiston bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mana shunday zalvorli maqsad yo‘lida ertangi yanada sermazmun kunlarga qat’iy ishonch bilan odimlamoqda. BMT sessiyasi ishtirokchilari davlatimiz rahbarining nutqini favqulodda e’tibor bilan tinglar ekan, xalqaro hamjamiyatning faol a’zosi, o‘z yo‘li va aniq maqsadiga ega O‘zbekiston rahbarini samimiy olqishladilar.

Ahmadjon Meliboyev,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti.

O‘zA
1 838






Все о погоде - Pogoda.uz