Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 18:57 Chop etish versiyasi

Dori-darmon ta’minoti: muammo va yechimlar

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni, Toshkent farmatsevtika instituti vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Hojiboyev, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Komilov, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni boshqaruvi apparat rahbari N.Ibrohimov va boshqalar inson salomatligini muhofazalashda aholini sifatli, arzon dori-darmon bilan ta’minlash ham muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bugungi kunda bir yuz ellikka yaqin farmatsevtika korxonasi tomonidan tibbiyotda qo‘llaniladigan ikki ming ikki yuzdan ziyod turdagi dori vositasi va tibbiyot buyumi ishlab chiqarilayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 5-yanvar va 7-fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda ham bu masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Aholini arzon, sifatli dori-darmon bilan ta’minlash, tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga asossiz ravishda qimmat dorilar tayinlashga chek qo‘yish, dorixonalarda narx-navo oshirilishining oldini olish bilan bog‘liq muammolarni hal etish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikda ushbu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Qaror asosida chetdan olib kelinadigan va mamlakatimizda ishlab chiqariladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji savdosi uchun 15 foiz, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari belgilandi. Tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositasi va tibbiyot buyumi uchun muayyan narxlar joriy etildi. Cheklangan narxlar joriy etilgach, mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxi sezilarli darajada pasaydi.

Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi buzilishi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish borasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Iste’molchilarning bu boradagi murojaati, taklif, ariza va shikoyatlarini o‘z vaqtida hal etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining (0371) 242-84-16 raqamli “ishonch telefoni” ishga tushirildi. Har bir murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qonun doirasida hal etilmoqda.

2017-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatimizdagi barcha dorixonalarda “Iste’molchilar burchagi” joriy etildi. Dorixonalarda zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari hamda cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017-yillar uchun qiyosiy jadvali ilib qo‘yilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga mutasaddilar tomonidan javob qaytarildi.

Bahor Xidirova, O‘zA
2 026






Все о погоде - Pogoda.uz