Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 12:01 Chop etish versiyasi

Dori-darmon ta’minoti: imtiyoz va imkoniyatlar

Milliy matbuot markazida xalqimizni arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash, dorixonalarda chegaralangan narxlarga rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Pharmclub.uz loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, "O‘zfarmsanoat" aksiyadorlik konserni, "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi, turli tashkilot va korxonalar vakillari, ishlab chiqaruvchilar va dorixona xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov va boshqalar mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida aholi va davolash-profilaktika muassasalarini yuqori samaradorlikka ega, arzon va sifatli dori-darmon hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

Ushbu qaror asosida chetdan olib kelinadigan va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish bo‘yicha cheklangan savdo ustamalari joriy etildi.

Tibbiyotda keng qo‘llaniladigan ijtimoiy ahamiyatga ega 343 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilandi. Ulardan 116 tasi mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi, 227 tasi chetdan olib kelinadi.

Aholining bu chora-tadbirlardan xabardorligini oshirish maqsadida barcha dorixonalarda "Iste’molchilar burchagi" joriy etildi. Unda dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori-darmon hamda tibbiyot buyumlari minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, dori-darmon va tibbiyot vositalarining cheklangan narxlari ro‘yxati, 2016 va 2017-yillar uchun narxlarning qiyosiy jadvali ilib qo‘yildi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan loyihalar ham kengaytirilmoqda. 2016-2020-yillarda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga oid dastur doirasida 67 investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu chora-tadbirlar mahalliy farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning turi va hajmini oshirish, dori ta’minotini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar va sohada faoliyat yuritayotgan ulgurji va chakana korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislarni sohadagi islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning ishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarning yechimini topishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Farmatsevtlarning Pharmclub.uz loyihasi ana shu maqsadda tashkil etildi.

Davra suhbatida mutaxassislar tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda ulgurji va chakana savdo yo‘nalishida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dorixona xodimlarining savollariga mutasaddi vazirlik va idoralar mutaxassislari batafsil javob qaytardi, ularni qiynayotgan muammolar yechimi yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.

Bahor Xidirova, O‘zA
442






Все о погоде - Pogoda.uz