Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 22:04 Chop etish versiyasi

Doktor Ahmad Dubayon: “Imom Buxoriy sababli Yevropada Islomiy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda”

Buyuk Britaniyaga safar qilgan mamlakatimizning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya London shahrida joylashgan Islom madaniyati markazida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning Lordlar palatasi a’zosi, lord Muhammad Iltaf Shayx, Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayon va islom madaniyati markazining ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Londondagi Islom madaniyati markazi nafaqat Buyuk Britaniya, balki butun Yevropadagi eng yirik madaniy-ma’rifiy muassasalardan biri hisoblanadi. Markazda islom dinini ilm-ma’rifat orqali targ‘ib etish, jaholatning muqaddas dinimizga butkul yot ekanini ilmiy dalillar asosida tushuntirishga alohida e’tibor beriladi. Bu yerda yahudiy, nasroniy va boshqa din vakillari ham ma’ruza va ko‘rgazmalar bilan qatnashib, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etadilar.

Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, diniy-ma’rifiy sohadagi tub islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlangandek, O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi tuzilmalar muqaddas dinimizning asl g‘oyalarini o‘rganish, buyuk allomalarimiz, aziz avliyolarimiz ilmiy merosini chuqur tadqiq etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish imkonini beradi.

Islom madaniyati markazi direktori doktor Ahmad Dubayon O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlarning ahamiyatiga to‘xtalib, jumladan, bunday dedi: “O‘zbekiston hamisha bizning yodimizda. Imom Buxoriy, Imom Termiziydek buyuk zotlar o‘zbek zaminida tarbiya topgan. Imom Buxoriyning asarlari bo‘lmaganida bugun bizning markazlarimiz ham bo‘lmas edi. Biz hamisha bu ulug‘ zotlar haqqiga duo qilamiz. O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati juda ham yuqori. Yaqin orada Xitoydan to Amerikagacha – butun dunyo musulmonlari O‘zbekistonga oqib keladi”.

Uchrashuvda Islom madaniyati markazida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy va betakror shaharlar, noyob tarixiy obidalar haqida fotoko‘rgazma, buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi haqida ma’ruzalar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zA
4 898