Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.06.2018 17:45 Chop etish versiyasi

Do‘stlik tumanida davlat xizmatlari markazi ish boshladi

Do‘stlik tumanida davlat xizmatlari markazi ish boshladi Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, vazirlik huzuridagi davlat xizmatlari agentligi, viloyat hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tajriba sifatida ishga tushirilgan ushbu markazda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish boshlandi.

Tuman markazidagi “Farhod” kinoteatri binosida joylashgan markaz zamonaviy mebellar, idora jihozlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq ta’minlandi. Markazda 7 nafar xodim xizmat ko‘rsatayotir. Shuningdek, markazda tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, kadastr xizmati, IIBning avtotransport vositalarini ro‘yxatga olish, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

3.JPG

11.JPG

– Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ochilgan ushbu markaz“Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan tamoyilni joriy etishning amaldagi ifodasi bo‘ldi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umirzoqov. – Bu ishni viloyatning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida tumanlarda targ‘ibot tadbirlari, “Ochiq eshiklar kunlari”, uchrashuvlar, davra suhbatlari, treninglar tashkil etilayotir. Aholiga davlat xizmatlari haqida, ularning turi, afzalligi tushuntirilmoqda.

Davlat xizmatlari markazi – aholiga barcha xizmatlar bir joyda ko‘rsatiladigan o‘ziga xos maskan. Bu yerda aholiga davlat soliq qo‘mitasining jismoniy shaxslarga soliq va boshqa qarzi bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomani hamda soliq to‘lovchining identifikatsion raqamini berish, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli guvohnomalar berish kabi 81 dan ziyod xizmatlar ko‘rsatiladi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
2 402