O‘zA O`zbek

01.12.2017 14:19 Chop etish versiyasi

“Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi sayyor sudda firibgarlikka oid jinoiy ish ko‘rildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tumani sudi tomonidan tumandagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Unda endigina yigirma ikki bahorni qarshilagan Mirza Ahmad Atametovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi.

...Ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan, bilagi kuchga to‘la, navqiron bu yigit oson pul topish, o‘z nafsi yo‘lida o‘zgalarni aldab, mehnatsiz rohat ko‘raman, deb firibgarlikka qo‘l urdi.

Toshkent shahar Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi M.Atametov joriy yilning 4 iyul sanasida fuqaro Shohrux Jo‘rayevga “Qishloq qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan kreditga namunali uy-joyga shartnomani tez kunlarda olib berishni va’da qildi. Buning evaziga oldindan 600 AQSH dollari, keyinchalik esa 2 ming 500 AQSH dollari berishni talab qiladi. Jinoyatchi pulning bir qismini olgach, uni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.

Sayyor sud ishida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari eshitildi. Sudda hozir bo‘lmagan guvohlarning ko‘rsatmalari esa o‘qib eshittirildi. To‘plangan dalillar yana bir bor ko‘zdan kechirilib, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zlari tinglanib, hukm e’lon qilindi.

M.Atametov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor, deb topildi. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sud majlisida, ayniqsa, voyaga yetmagan yoshlarga huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklar keltirib chiqaradigan oqibatlar haqida tushuncha berildi. Mamlakatimizda korrupsiya, firibgarlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Sayyor sudda rejasini oson yo‘l bilan amalga oshirish maqsadida kimgadir pora berish, tartib-qoidani chetlab o‘tish orqali ish bitirishga urinayotgan va mana shunday jinoyatning boshlanishiga sababchi bo‘lgan shaxslar ham qonunlarimiz, jamiyat oldida javob berishi kerakligi ta’kidlandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
7 274