Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.11.2017 19:38 Chop etish versiyasi

Diniy bag‘rikenglik: kecha, bugun, ertaga

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan "Diniy bag‘rikenglik: kecha, bugun, ertaga" mavzuida intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi. Unda iqtidorli talabalar, yosh tadqiqotchilardan tarkib topgan jamoalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-maydagi "Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mazkur ustuvor vazifalarni amalga oshirish, bu boradagi strategik maqsadlarga erishishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Jamoalar chiqishlarida ana shu islohotlar mazmun-mohiyati tushuntirib berildi. Yurtimizda ahil va inoq yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillarining yagona maqsad – mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yuksalishida hamjihat bo‘lib mehnat qilayotgani aks ettirildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 022






Все о погоде - Pogoda.uz