O‘zA O`zbek

01.08.2018 20:25 Chop etish versiyasi

Diametri 40 sm bo‘lgan daraxtni kesish jarimasi 9 million so‘m bo‘lishi mumkin

Diametri 40 sm bo‘lgan daraxtni kesish jarimasi 9 million so‘m bo‘lishi mumkin Mamlakatimizda o‘simlik dunyosi obyektlari 4 ming 500 va hayvonot dunyosi 15 ming 700 turdan ortiqni tashkil etadi. Ulardan 324 tur o‘simlik va 184 tur hayvonot dunyosi obyektlari O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi joriy yilning shu davriga qadar o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha 2 ming 345 nazorat tadbiri o‘tkazdi. Natijada o‘simlik dunyosi bo‘yicha 2 ming 23, ovchilik qoidalarining buzilishi bo‘yicha 264, baliq ovlash bo‘yicha 675qonunbuzilish holati aniqlandi.

Aniqlangan 2 ming 716 holat bo‘yicha 385 million so‘m jarima qo‘llanilgan. Atrof-muhitga yetkazilgan zarar 3,76 milliard so‘m miqdorida hisoblangan bo‘lib, shundan 576,3 million so‘m undirilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Tadbirda qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘ktam O‘tayev o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, noqonuniy daraxt kesilishi holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratar ekan, tizimda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida batafsil axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari, takliflari o‘rganilib, qo‘mita va Toshkent shahar hokimiyati o‘rtasida “Toshkent shahri hududidagi manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarining oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlab qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorning imzolanishi bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

– O‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun belgilanadigan da’vo summalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun to‘lov summalari miqdorini xalqaro mezonlardan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i N.Mo‘minov. – Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlarning kesilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Albatta, bu jiddiy masala va ular qonun doirasida o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Daraxtlarning hajmiga qarab, masalan, diametri 40 santimetr bo‘lgan bir daraxtni kesish 755 ming so‘m jarima bilan belgilangan. Hozirgi kunda bu borada ishlab chiqilayotgan choralarga muvofiq, kelgusida aynan shu diametrdagi daraxt jarimasi 9 million so‘mni tashkil etadi. Bunday sa’y-harakatlar esa tabiatimizni asrashga xizmat qiladi

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining davlat hisobi va monitoringini yuritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 805