Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 19:29 Chop etish versiyasi

Deputatlar va partiya faollari yoshlar huzurida

Namangan muhandislik-texnologiya institutida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – demokratik jamiyat qurishning huquqiy poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston Xalq Demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari, talabalar ishtirok etdi.

Xalqaro qonunchilik andozalari va milliy qadriyatlarimiz asosida qabul qilingan Asosiy qonunimizning huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lidagi ahamiyati, uning boshqa davlatlar konstitutsiyalaridan farqi va o‘ziga xos jihatlari haqida yoshlarga so‘zlab berildi.

– Konstitutsiyamizning 56-moddasida O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan siyosiy partiyalar, ijodiy uyushmalar, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari hamda boshqa demokratik institutlar jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etilishida davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirishning mukammal mexanizmi kafolatlangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati I.Hojiyev. – Shuningdek, Bosh qomusimizning yoshlarga oid normalari qator qonun xujjatlarida, ularning muayyan tarkibiy qismlarida o‘zining to‘la ifodasini topgan. Shunga ko‘ra, yoshlar masalasi parlamentimizning doimiy e’tiborida. Bugun yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi va sog‘ligini muhofaza qilishi, oila qurish, yashash joyiga ega bo‘lish kabi o‘nlab hayotiy talablarni davlat tomonidan kafolatlash va qondirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda yoshlarning Konstitutsiyamiz haqidagi bilimini, huquqiy savodxonligini oshirish, ularda mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabat, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
4 925