Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 17:31 Chop etish versiyasi

Deputatlar tibbiyot masalalarini muhokama qildi

Aholi salomatligini muhofaza qilishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi muassasalar alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz joriy yil 5-yanvar va 7-fevral kunlari tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan bo‘lgan uchrashuv va videomuloqotda sog‘liqni saqlash tizimida yechimini kutayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan qator vazifalarni ilgari surdi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida parlament quyi palatasi qaroriga asosan Qonunchilik palatasi huzurida va viloyatlar, tuman hamda shaharlar xalq deputatlari Kengashlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori vositalari ta’minotini yanada yaxshilash, sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyalar tuzildi.

Ushbu komissiyalar tashabbusi bilan joylarda sog‘liqni saqlash tizimini chuqur tahlil qilish asosida sohadagi muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat tarkibda tuzilgan hududiy ishchi guruhlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan sog‘liqni saqlash sohasidagi nazorat tahlil faoliyatini amalga oshirishda ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatayotir.

Deputatlar Buxoro viloyatining qator hududlari, jumladan, Buxoro shahrida bo‘lib, birlamchi tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, ixtisoslashtirilgan shifoxonalar faoliyati, patronaj xizmati ahvolini o‘rgandi. O‘rganishlar yakunlari xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining sessiyasida muhokama etildi.

Buxoro shahrida 10 oilaviy, bitta markaziy poliklinika, shahar markaziy shifoxonasi va tug‘ruq kompleksi faoliyat yuritib, 287 mingdan ortiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasalarda 1 ming 670 dan ortiq shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi mehnat qilayotir. Ular davolash ishlari bilan birga, profilaktika tadbirlari ham olib bormoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan patronaj xizmatini takomillashtirgan holda xonadonlarda bo‘lib, uy va hovlilardagi tibbiy-ijtimoiy holatni o‘rganib, turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlamoqda. Ayni paytda ularni bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, tibbiy madaniyatni oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Sessiyada hali sohada qator muammolar ham borligi qayd etilib, ularning yechimi bo‘yicha fikr almashildi.

– Shahar hududidagi ayrim viloyat ixtisoslashtirilgan shifoxonalarida kamchiliklar mavjud, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov. – Viloyat perinatal markazida davolash ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ba’zi dorilar yetishmaydi, shifoxona chiqindilarni yo‘qotish uchun mo‘ljallangan mufel pechiga ega emas. Shu bois bu tadbir boshqa tibbiyot muassasasida amalga oshiriladi. Viloyat bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga javob bermasligi binolarni rekonstruksiya qilishni talab etmoqda. Joylarda tibbiy xizmat madaniyati borasida ham muammolar mavjud. Shahardagi oilaviy poliklinikalar patronaj hamshiralari faoliyati monitoringini yuritish, ayrim muassasalardagi sanitariya holatida ham kamchiliklar bor. Quyi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishi sifatini yanada yaxshilash zarur. Ana shu va boshqa muammolar yechimi Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi mutasaddilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sessiyada soha tashkilotlari rahbarlariga oilaviy poliklinikalar hududlarida aholi uchun zarur bo‘lgan arzon va sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari sotuvini yo‘lga qo‘yadigan ijtimoiy dorixonalar tashkil etish, poliklinikalarni yuqori malakali vrach-laborant, endokrinolog-vrachlar bilan ta’minlash, mazkur muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy amaliyot shifokorlari va tor doiradagi mutaxassislarning malakasini tizimli ravishda oshirib borish vazifalari yuklatildi.

Shahar tibbiyot birlashmasi va boshqa tegishli tashkilot hamda muassasalar mutasaddilarining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-darmon ta’minoti va sohadagi qonunchilikni amaliyotga tatbiq etish borasida olib borilayotgan ishlar haqidagi hisobotlarini xalq deputatlari shahar Kengashi sessiyalari va majlislarida eshitib borilishini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

– Tibbiyot muassasalarining reproduktiv salomatlik, xonadonlardagi tibbiy-ijtimoiy holatni o‘rganish, umuman, aholi salomatligini muhofaza qilishda yechimini kutayotgan muammolarni birgalikda hal etish borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan doimiy amaliy muloqoti muhim ahamiyatga ega, – deydi Buxoro shahridagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hurmat Azimova. – Sessiyada oilaviy poliklinikalar rahbarlarining mahalla fuqarolar yig‘inlari qo‘shma yig‘ilishlaridagi hisobotlarini muhokama qilish amaliyotini takomillashtirishga jiddiy e’tibor qaratilgani tibbiy xizmat sifati va kasalliklarning oldini olish tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 127






Все о погоде - Pogoda.uz