Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.04.2017 17:57 Chop etish versiyasi

Deputat so‘rovi – ta’sirchan usul

Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Deputat so‘rovini amalga oshirishning huquqiy asoslari: nazariya va amaliyot” mavzuidagi seminarda deputatlar, Bosh prokuratura, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida parlamentning mas’uliyatini oshirish, qonun chiqaruvchi organning qonun ijodkorligi, saylovchilar bilan muloqoti va nazorat-tahlil faoliyatini yanada takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining samarali ishlashida parlament muhim rol o‘ynaydi.

Tadbirda parlament nazoratining shakllaridan biri sifatida deputat so‘rovi belgilanganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy Majlisning parlament nazoratini olib borish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirishda hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining parlament oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish uchun qo‘shimcha mexanizmlarni yaratishda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga tegishli saylov okrugi saylovchilarining yoki O‘zbekiston Ekologik harakatining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan so‘rov yuborishga haqli.

– Hozirga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan yuboriladigan so‘rov ham, deputat yuborgan so‘rov ham bir xilda “parlament so‘rovi” deb aytilardi, – deydi deputat Jahongir Shirinov. – Deputat so‘rovini yuborish tartib-taomili parlament so‘rovini yuborish tartibi bilan bir xil bo‘lib, deputat uchun qator noqulayliklar keltirib chiqarardi. “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan so‘ng, “deputat so‘rovi” va "parlament so‘rovi” tushunchalari bir-biridan ajratildi. Endilikda parlament nazoratining 13 shaklidan eng tezkor amalga oshiriladigani bu “deputat so‘rovi”dir. Bu deputatlarning haqiqiy ahvolni o‘rganish yuzasidan joylarda har oyning birinchi o‘n kunligida amalga oshirayotgan ishlari davomida aniqlangan kamchilik va muammolarga mutasaddilar e’tiborini jalb etgan holda hal etish imkonini beradi. Birgina fevral oyida deputatlarimiz davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuzdan ziyod so‘rov kiritgan.

Seminarda deputat so‘rovidan keng va samarali foydalanish masalalari, uning nazariy asoslari muhokama qilindi. Deputat so‘rovini tayyorlash tartibi, deputat so‘rovini ko‘rib chiqish muddati va tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasi haqida so‘z yuritildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 292






Все о погоде - Pogoda.uz