Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 19:50 Chop etish versiyasi

Demokratik tamoyillar asosida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan soha yanada takomillashmoqda. Unda yoshlarni Vatanga muhabbat, xalqimizning milliy an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada kuchaytirishga e’tibor qaratilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek, Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish nazarda tutilgan.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlarining ta’sis konferensiyalari o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Abrorov, Toshkent shahar muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi, Toshkent shahar moliya boshqarmasi boshlig‘i N.Sobirov, tuman hokimligi, moliya, ichki ishlar, mehnat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash bo‘limlari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasining tuman tuzilmalari rahbarlari va boshqa davlat, nodavlat tashkilotlarining vakillari, hududdagi 54 fuqarolar yig‘ini faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Unda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashini tuzish, a’zolarini tasdiqlash, tuman kengashi ijro apparatining tuzilmasini tasdiqlash keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqildi. Tuman kengashining raisi, birinchi o‘rinbosari hamda raisning yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda kengash kotibi ochiq ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi.

– Prezidentimiz farmoni asosida joriy etilayotgan lavozimlarga vatanparvar, har jihatdan yetuk va fidoyi kadrlarni tanlab olishga e’tibor qaratilmoqda, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani “Katta Qorasuv” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Naima Jabborova. – Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tayinlanishi e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Bu yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan asrash, ularni ma’nan boy, jismonan sog‘lom qilib tarbiyalash, bandligini ta’minlash singari muhim masalalarga yechim topishda jamoatchilik faolligi va hamkorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ta’sis konferensiyasida ishtirok etish uchun hududdagi fuqarolar yig‘inlaridan Alisher Navoiy nomidagi mahalla raisi B.Nazarov ishonchli vakil sifatida ishtirok etishi ma’qullandi. Shu bilan birga, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi tashkiliy yig‘ilishida ishtirok etish uchun tumandan 8 nafar delegat saylandi.

Hududlarda ta’sis konferensiyalari bo‘lib o‘tmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 695






Все о погоде - Pogoda.uz