Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 14:41 Chop etish versiyasi

Dasturi – adolat va inson manfaati

Amir Temurning davlatchilik siyosati, hukmdorlik salohiyati haqida zamondoshlari, keyingi olti asr davomida olimlaru siyosatchilar qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan. Bunda o‘sha davr tarixchilari asarlari bilan birga, Sohibqironning “Temur tuzuklari” eng qimmatli manba hisoblanadi.

Bu haqda birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida alohida to‘xtalib, “Temur tuzuklari”ni har gal o‘qir ekanman, xuddiki o‘zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat topgandek bo‘laman. O‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qachon eskirmaydigan, inson ma’naviyati uchun bugun ham oziq bo‘ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganman”, deb yozgan.

Darhaqiqat, Sohibqironning xalqparvar, adolat ustuvorligiga asoslangan siyosati bugun ham keng o‘rganilmoqda.

Amir Temur 1370-yilda Movarounnahr hukmdori etib saylangach, Samarqandda katta qurultoy chaqirib, unga barcha beklarni, amirlarni, lashkarboshilarni, olimu fuzalolar, din peshvolarini chorladi. Qurultoyda tanazzulga uchragan davlatchilik an’analarini qayta tiklash va rivojlantirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi. Bunday qurultoylar keyinchalik ham muntazam o‘tkazib turilgan va bu yig‘inlarda xalqning orzu-umidlari, muammolari, dardu hasrati muhokama etilgan.

Amir Temurga xos xislatlardan biri shu ediki, u biror masalani hal etishdan oldin shu soha bilimdonlari, olimlar bilan maslahatlashar, so‘ng qaror qabul qilardi. Bu maslahatlar har xil daraja va turli shakllarda bo‘lgan. Amir Temur tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix fanlari vakillari, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek, din sohasidagi mashhur odamlar bilan shaxsiy suhbatlar o‘tkazgan. Suhbatlarda hayotning muhim masalalari to‘g‘risida Movarounnahr va Xorazmdan tashqari, Oltin O‘rda, Oq O‘rda, Xuroson, Hindiston, Eron, Iroq, Turkiya, shuningdek, butun G‘arb – Mag‘ribni o‘z ichiga olgan podshohlikka oid ishlar haqida gap borgan.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temur qayerga borsa, o‘sha yerning bosh maydonida xalqni to‘plab, ular bilan bevosita muloqot qilgan, hol-ahvolini so‘ragan, hokimlar va soliqchilarning faoliyati haqida surishtirgan.

Bu jihatdan Sharofuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida Boilkan shahrida Amir Temur tomonidan hijriy 806-yilda chaqirilgan olim-fuzalolar kengashi haqida keltirilgan ma’lumot diqqatga sazovordir. Kengashda Amir Temur bunday degan: “Mening maqsadim mamlakatda adolat o‘rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kuchaytirish, davlatimizni rivojlantirishdir. Sizlar bu ishlarni amalga oshirishda menga o‘z maslahatlaringiz bilan ko‘maklashishingiz kerak. Mamlakatning ahvoli, devonning suiiste’mol qilinganligi va qilinayotganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan qisib qo‘yilishi kabi hollar hammadan ko‘ra sizlarga ayondir. Shular haqida ma’lumot bersangizlar, bu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi hamda shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlarni aytsangizlar yaxshi bo‘lardi. Bu olijanob ishda menga yordam berishlaringizni iltimos qilaman”.

Amir Temur haqida fransuz tarixchisi Lyangle quyidagilarni yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildiradi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda bilimdon bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Negaki, Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tibor berar edi. Temur odamlarni o‘ziga bo‘ysundirish qobiliyatiga ega edi. U o‘zining bu qobiliyatini odamlarni baxtli qila bilish talanti bilan uyg‘unlashtirdi. Temur uning tarixchilaridan biri (Sharafuddin)ning aytishicha, bir vaqtning o‘zida dushmanlariga ofat, askarlariga qattiqqo‘l rahbar, o‘z xalqiga esa ota bo‘la olar edi. U o‘z fuqarosining ahvoli haqida yaxshi boshliqlari bergan ma’lumotlarni o‘zi shaxsan ko‘zdan kechirardi. Negaki, u odam taniy va tanlay biladigan shoh edi”.

Amir Temur yozishmalariga muvofiq, vaqti-vaqti bilan so‘roqpursish, reviziya va tekshirish – taftish, tergov qilish – tahqiq o‘tkazilib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ichkilik, maishiy buzuqlik kabilar og‘ir gunoh hisoblanib, qattiq jazolangan. Yazdiyning yozishicha, suiiste’mol qilish Temur avlodlariga taalluqli bo‘lgan vaqtda ham ular tegishli jazolarini olganlar. Chunonchi, uning o‘g‘li Mironshoh, nevarasi Amirzoda Pirmuhammad xalq oldida qattiq jazoga tortilganliklari to‘g‘risida manbalarda yozilgan. Temur davlatning obro‘si, sharafi, manfaati sohasida g‘oyat qattiqqo‘l edi: u bunday paytlarda o‘zini ham, o‘g‘il va nevaralarini ham, qarindosh-urug‘larini ham, harbiy boshliqlarni ham ayamas edi. U o‘z davlat ishlarida g‘oyat mustahkam, tebranmas, barqaror turardi.

“Menga bo‘ysungan yangi davlatlarda hurmatga loyiq odamlarga hurmat ko‘rsatdim. Men payg‘ambar avlodlariga, qonun targ‘ibotchilariga, olimlar va keksalarga nisbatan buyuk hurmat hamda ehtirom bilan munosabatda bo‘ldim; ularga nafaqa (pensiya) belgiladim. Bu mamlakatlarning badavlat kishilari mening og‘a-inimdek, yetim-esir va kambag‘allari esa bolalarimdek bo‘lib qoldi. Mag‘lub bo‘lgan mamlakat qo‘shinlari mening qo‘shinlarimga qo‘shilardi. Men bu mamlakatlarda xalq hurmatini qozonishga harakat qildim. Yaxshilarga, ular qaysi millatdan bo‘lishidan qat’i nazar, men ham yaxshilik qildim: g‘arazli kishilar va sotqinlar esa mening davlatimdan quvildi. Qo‘rqoq va pastkash odamlarga o‘zlariga loyiq ishlar topshirdim hamda ularni ma’lum chiziqdan chiqishlariga yo‘l bermadim. Menga tobe hamma mamlakatlarda adolat eshigi ochiq edi. Shu bilan birga, o‘g‘irlik va talonchilikning barcha yo‘llarini bekitishning choralarini ko‘rdim”.

Amir Temurning soliqlar haqidagi qoidasi ham muhim ahamiyatga ega. Sohibqiron yozadi: “Soliq yig‘ishda xalqni og‘ir ahvolga solishdan yoki o‘lkani qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Negaki, xalqni xonavayron qilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu, o‘z navbatida, hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi”.

G‘alla yig‘ib olinmasdan burun soliq to‘plash qat’iy man etilgan. Soliq muayyan uch muddatda to‘langan. Agar fuqaro soliqni dildan rozi bo‘lib gap-so‘zsiz to‘layversa, unda soliq yig‘uvchiga ham hojat qolmasdi; soliqchiga zarurat bo‘lgan taqdirda esa, u (soliqchi) davlat soliqlarini yig‘ish uchun so‘z va ta’sir kuchi bilan harakat qilmog‘i, lekin hech vaqt bu ishda tayoq, qamchi yoki zanjir ishlatmasligi zarur edi. Umuman, uning qarzdor shaxsga nisbatan qattiq choralar ko‘rishga haqqi yo‘q edi.

Biror shaxs o‘zlashtirilmagan yerni ishlab, uni sug‘orib, ekin eksa yoki tashlandiq yerni ekin ekish uchun yaroqli qilsa, birinchi yil soliqdan ozod qilingan. Ikkinchi yil o‘z istaganicha to‘lagan, uchinchi yil soliqlar haqidagi umumiy qoidaga bo‘ysungan. Agar badavlat yer egasi kambag‘alni qisib qo‘ysa yoki unga zarar yetkazsa, u holda o‘sha boy barcha qilmishi uchun javobgar bo‘lib, jabr ko‘rgan odamga o‘z davlatidan bergan.

U bir necha marta poytaxt aholisini har xil soliqlardan ozod qilgan. Shaharda adolat bo‘lishini qattiq nazorat qilgan, narx-navoni asossiz ravishda oshirgan savdogarlarni qattiq jazolagan. Bu borada ispan elchisi Klavixo: “Samarqandda qonunga qattiq rioya qilinadi, janob (Amir Temur)ning ruxsatisiz bir kishi ikkinchi kishini xafa qilishi yoki birovga nisbatan zo‘ravonlik qilishi mumkin emas”, deb yozgan.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Amir Temur o‘z faoliyati davomida oddiy xalq bilan ham, olimu ulamolar bilan ham muloqot qilishni yoqtirgan va shu orqali xalqning muammolaridan, orzu-istaklaridan boxabar bo‘lgan. Shu yo‘l bilan xalq turmushini yengillashtirish uchun ko‘plab tadbirlarni amalga oshirgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, tom ma’nodagi tub islohotlar, xususan, joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani, bu borada olib borilayotgan ishlar – Prezidentning Virtual qabulxonasi, joylardagi Xalq qabulxonalarining faoliyati va samaralari buyuk Sohibqiron tutumiga naqadar mos ekanini ta’riflab, izohlab o‘tirishga ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylaymiz.

Amriddin Berdimurodov,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Arxeologiya instituti direktori.

O‘zA
1 704






Все о погоде - Pogoda.uz