Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 12:35 Chop etish versiyasi

Daromadlarni deklaratsiyalash masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiyalashning huquqiy asoslariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari X.Shokirov va boshqalar mamlakatimiz soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlar, xususan, xo‘jalik subyektlari va aholi daromadlariga nisbatan soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini tartibga solish va o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Soliq kodeksining 189-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxslar daromadlari bo‘yicha jami yillik deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etishi zarur, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Jismoniy shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi davlat soliq katta inspektori A.Rasulov. – Agar jismoniy shaxsning asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan daromadidan soliq uning arizasi bo‘yicha eng yuqori stavka asosida ushlab qolingan bo‘lsa, bu holatda deklaratsiya topshirilmaydi.

Tadbirda ishtirokchilarga jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim etishning mohiyati va tartibi, shuningdek, mol-mulkini ijaraga berishdan olgan daromad bo‘yicha dastlabki deklaratsiyalar haqida ma’lumotlar berildi.

Birinchi Prezidentimizning 2011-yil 30-dekabrdagi qarori bilan 2012-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning soliq solinadigan eng kam daromadini aniqlash maqsadida uy-joyni ijaraga berganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorlari joriy qilingan. Unga ko‘ra, ijaraga berilayotgan turar joylarning 1 kvadrat metr maydoni uchun oylik ijara to‘lovining eng kam miqdori Toshkent shahrida 4,5 ming so‘mni, Nukus shahri va viloyatlar tarkibidagi shaharlarda 3 ming so‘mni, boshqa aholi punktlarida 1,5 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilda o‘tgan yildagi me’yorlar 1,5 barobarga indeksatsiya qilingan. Shuningdek, jismoniy shaxslarning noturar joyni va avtotransport vositasini ijaraga berganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori ham ko‘rsatilgan.

Matbuot anjumanida soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha berilgan imtiyozlar va boshqa masalalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 389






Все о погоде - Pogoda.uz