Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 12:45 Chop etish versiyasi

Chustda 100 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi

Namangan viloyati Chust tumanidagi “Chust O‘ktamjon servis” tikuvchilik korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Sanobar Tojiboyevaning oilaviy tadbirkorlik biznes rejasi negizida vujudga kelgan korxonada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turi yildan-yilga ortayotir.

Dastlab, o‘z xonadonida to‘rtta tikuv mashinasi va sakkiz nafar chevar bilan faoliyat boshlagan tadbirkor puxta o‘ylangan biznes reja asosida ish yuritdi. Chust tumani Do‘zanda mahallasidagi foydalanilmay turgan ikki qavatli binodan bir qismini ijaraga olib, tikuvchilik korxonasi tashkil qildi. Asosan bolalar va o‘smirlar ichki kiyimini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada 40 dan ziyod ish o‘rni yaratildi. Chust shahri, Karnon, Karkidon, Varzik, Toshqo‘rg‘on qishloqlaridan malakali tikuvchi xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.

Korxona tashkil etilganidan buyon o‘tgan besh yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida yaratilgan keng imkoniyatlar, iste’mol bozorining talab va takliflari asosida ish yuritilishi tufayli mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmi muntazam ortib bordi. Ayollar va erkaklar uchun ham kiyim-kechak ishlab chiqarila boshlandi. Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi 20 dan oshdi. Qisqa muddatda eksportchi korxonalar qatoridan joy oldi. O‘tgan yili 400 ming dona mahsulot ishlab chiqarildi va oxirgi oyda dastlabki eksport amalga oshirildi. Rossiya davlatiga shartnoma asosida 36 ming dollarlik mahsulot sotildi.

– Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, faoliyatimizni yanada kengaytirishga undamoqda, – deydi S.Tojiboyeva. – Joriy yil yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani ham biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Yaqinda “Asaka” bankning 1 milliard 500 million so‘mlik krediti ko‘magida Xitoydan 100 zamonaviy tikuv, bichuv va dazmollash dastgohi keltirib, o‘rnatdik. Bu ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, eng muhimi, 100 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
8 536