O‘zA O`zbek

13.07.2018 23:47 Chop etish versiyasi

Chorvoq tomonlarda nimalar sodir bo‘lmoqda?...

Chorvoq tomonlarda nimalar sodir bo‘lmoqda?...
Chirchiq daryosiga ulangan kanalizatsiya, suv bo‘yiga qurilgan 
xojatxona va shu suvni iste’mol qilayotgan Toshkent aholisi...
 (Muammo ildizi xiyla chuqurroq)

Chorvoq tomonga ko‘pchilikning yo‘li tushgan. Hech bo‘lmaganda bu hududning ta’rifini eshitganmiz.

photo5352698916895828426.jpg

O‘zbekiston quyoshining qaynoq mehrini Toshkentda konditsionersiz ofisda o‘tirib ishlayotgan xodim va bozorda oftob tig‘ida qovun-tarvuz sotayotgan savdogar juda yaxshi biladi. Quyoshning issig‘iga dosh berolmaganlar esa tabiati so‘lim go‘shalardan panoh izlashmoqda. Masalan, Chorvoq atrofidagi oromgohlar, xususiy dachalar, Ugam daryosi bo‘yidagi pullik tapchanlar bu issiqda ayni muddao joylardir.

Ammo kishi tabini xira qiladigan, ona tabiat inom etgan go‘zallik kelajagini barbod qilib, uning tabiatiga zarar yetkazayotgan shunday qusurlar borki mulohaza qilishga, bir dam bo‘lsa-da fikr yuritishga chorlaydi.

Ma’lumki, xalqaro turizmda huddi shunday hududlar sanoqli hisoblanadi. Borlarini asrash, borligicha kelajakka qoldirish va foydalanish yuzasidan esa dunyo mamlakatlarida yetarlicha nazorat o‘rnatilgan. Tartib-intizom, tabiatga nisbatan munosabat, hatto sayyohlar uchun ma’lum qoidalar belgilangan. Ammo bizda-chi?

photo5352698916895828427.jpg

Duch kelgan joyga uy-joy solish, atrof-muhitdan istaganimizcha foydalanish, biror bir me’yorlarga amal qilmaslikni, faqat moddiy manfaatni o‘ylab ish yuritishni odat qildik.

“Men bu joylarning buzilishini bilardim, lekin buzilguncha foydalanishim kerak. Bir kun bo‘lsa ham menga foyda”, deydi shu hududdan shaxsiy dam olish uyini tashkil etgan bir fuqaro.

Ko‘rayapsizmi ma’naviyatni...

photo5352698916895828428.jpg

Bu hududdagi noqonuniy qurilmalar ortidan kelayotgan zararni esa hech bir mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ma’lumki, Chirchiq daryosidan kelayotgan obi hayotni ichimlik suvi sifati Toshkent shahri va Toshkent viloyati ahli iste’mol qiladi. Ammo shu daryoning eng yuqori qismidagi ayanchli manzaralarni ko‘rgan kishining dili xufton bo‘lishi tayin. Shundoqqina daryoga ulangan kanalizatsiya tarmoqlari, qirg‘oq bo‘ylariga to‘lgan axlat-chiqindilar uyumi, suv bo‘yiga qurilgan xojatxona va oshxonalar... Bularning barchasidan chiqayotgan chiqindilarning huddi ana shu daryoga tashlanishi va daryo suvini millonlab odamlar iste’mol qilishini nazarga olsak muammo ildizini biroz tushungan bo‘lamiz.

Mubolag‘a qilib aytganda, ayrim kimsalar tabiat go‘zalligi, so‘lim go‘shalari orqali daromad topib, yana unga “tupurmoqdalar”. Eng achinarlisi, bu holat bir necha yillardan beri davom etib kelayotganidir.

photo5352698916895828429.jpg

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda esa bugungi qayta yangilanish, munosib sharoit yaratish maqsadida qilinayotgan urinishlarni “Chorvoqda uylar buzilmoqda”, deya turlicha talqin qilinmoqda, go‘yoki davlat bu joylarni noqonuniy buzib, hudud aholisiga zarar keltirayotgandek. Bunday noto‘g‘ri talqin jamoatchilikda shubha uyg‘otayotir. Odamlar orasida “Bechora tadbirkor mulkini davlat buzdiribdi”, “Tinchgina tirikchilik qilishga ham qo‘yishmaydi” kabi fikrlar urchiy boshladi.

Aslida-chi, tabiatni borligicha asrash, sodda qilib aytganda, chin ma’nodagi erkin turistik zonaga aylantirish maqsad qilingan. Odamlarga xavfsiz hudud yaratiladi, dam oluvchilar uchun hech qanday muammo tug‘ilmaydigan, sayyohlar oqimi yetarli darajada ortadigan dam olish maskaniga aylantirish ko‘zga tutilgan. Turli faxsh va chirkin turmushdan uzoq toza va ozoda hayot jonlanadi.

Shunday ekan, davr va hayot bu hududga nisbatan munosabatlarimizni ham qayta ko‘rib chiqishni taqazo etmoqda.

Bu borada esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish to‘g‘risida farmoni ham e’lon qilingan.

photo5352966725286603069.jpg

Bugun ayni shu damda, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimiyati Chorvoq va Ugam daryosi bo‘yidagi noqonuniy qurilmalarni buzishga ko‘rsatma bergan. Chorvoqda daryo atrofidan 50 metr uzoqlikda bo‘lmagan qurilmalar olib tashlanmoqda. Noqonuniy qurilishlar ortidan bo‘layotgan tirbandliklar chek qo‘yilib, yo‘llar kengaytirilmoqda.

Suv yoqasida qonun-qoidalarga rioya qilmasdan qurilgan savdo rastalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari boshqa joylarga ko‘chirilmoqda. Eng muhimi, davlat tomonidan noqonuniy qurilgan qurilmalar egalariga ham boshqa hududlardan bo‘lsa-da joy ajratilmoqda.

Umid qilamizki, farmon asosida Chorvoq atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilib, zamon talabiga javob beruvchi chet-ellik sayyohlarni ham jalb etadigan turistik zonaga aylantiriladi.

O‘zA
9 636