Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2018 12:32 Chop etish versiyasi

Chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bo‘lsa ham o‘smirlarning jinoyatga qo‘l urish hollari kamaymayapti. Nega?

Yurtimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga asosiy va muhim masala sifatida qaralmoqda. Jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar bandligini ta’minlash, bilib-bilmay xato qilayotgan o‘g‘il-qizlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga e’tibor yanada kuchaygan.

Ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bo‘lsa ham o‘smirlar, yoshlarning jinoyatga qo‘l urish hollari kamaymayapti. Nega?

Har bir ota-ona farzandi oqil, tarbiyali, el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lishini istaydi. Ammo xohishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun qat’iy tarbiya zarur. Mutaxassislarning fikricha, bolaning yoshiga qarab to‘g‘ri munosabatda bo‘lish uning kelajakda o‘z yo‘lini topishi, mazmunli hayot kechirishida muhim ahamiyatga ega bo‘lar ekan.

O‘g‘il-qizlarning o‘smirlik davridagi tarbiya jarayoni kuchli e’tibor talab etadi. Atrof-muhit, tabiatan ta’sirchan bo‘lish, oiladagi nosog‘lom muhit kabi sabablar voyaga yetmagan yoshlarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi tomonidan o‘tgan 2017 yilda o‘n oltita voyaga yetmagan o‘g‘il-qizga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 5 nafariga jarima, 5 nafariga ozodlikdan cheklash, bittasiga majburiy jamoat ishlari tayinlangan, 5 nafariga jazoni shartli ravishda o‘tash belgilangan.

Ana shunday jinoyatlardan biri 2017-yilning 18-noyabridan 19-noyabrga o‘tar kechasi soat 00:30 da Sanjar Ahmedovga tanishi Niginaning qo‘ng‘irog‘idan so‘ng sodir bo‘ldi. U Sanjarga amakisining o‘g‘li tegajoqlik qilayotganini aytgan. Shundan so‘ng Sanjar ikki o‘rtog‘i bilan birga qizning uyiga boradi. Eshikni ochgan yigitni urib, voqea joyidan qochib ketadi.

Tuman sudi joriy yil 24 yanvarda “Yakkasaroy” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari bilan birga ochiq sud majlisi o‘tkazdi.

O‘smirlar birlashib jinoyat qilish, birovning uyiga bostirib kirish, tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-modda 2-qismi “b” bandi, 127-modda 3 qismi bo‘yicha ayblovlar e’lon qilindi.

Ularning oldin sudlanmaganligi, tartibni buzmagani, xulqidan shikoyat qilinmaganligi inobatga olinib, jazo tayinlandi.

Bu holatning kelib chiqishida kerakli huquqiy tartibot organlariga murojaat qilmasdan yigitga qo‘ng‘iroq qilgan qiz aybdormi? Yoki zo‘ravonlik sodir etgan yigitlarmi? Savollar ko‘p, ammo uning javobi yana ta’lim-tarbiya, oilaga borib taqaladi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishida hamma birdek javobgar. Mahalla – maktab – ta’lim muassasasi bilan ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kuchaytirish, boshqa muassasalar tomonidan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini keng miqyosda o‘tkazishni davrning o‘zi talab etmoqda.

Tumanda o‘quvchilarning o‘z vaqtida darsda bo‘lishi, bo‘sh vaqti nazoratga olinib, uni mazmunli o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan har bir huquqbuzarlik va jinoyat chuqur tahlil qilinib, uning sabablari o‘rganilib, vaziyatni tubdan to‘g‘rilash choralari ko‘rilayotir. Barkamol avlodni tarbiyalashda ta’lim-tarbiyaning ahamiyati, jinoyatchilik, giyohvandlik, diniy ekstremizm illatlarining ayanchli oqibatlari, yot g‘oyalarning ta’siri kabi mavzularda tizimli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Har bir ota-ona farzand tarbiyasiga alohida mas’uliyat bilan yondashishi borasida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Chunki o‘smirlik davrida yengil-elpi hayotga o‘rgangan bolada bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq holatlar ko‘p uchraydi. Moddiy ta’minotga muhtoj o‘g‘il-qizlar boshqalar bilan ko‘p janjallashadi, o‘g‘rilik, bezorilik kabi jinoyatlarga qo‘l uradi. Oiladan ma’naviy ozuqa ololmayotganlari esa atrofdagilarga o‘z «botir»ligini ko‘rsatishga urinadi. Bu o‘zboshimchalik, erkalik, o‘jarlikning vaqtida oldi olinmasa, ulg‘ayganida ularning xatti-harakatlari salbiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Hasan Hayitov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar 
Yakkasaroy tumani sudi raisi.

O‘zA
5 534