Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.03.2018 12:07 Chop etish versiyasi

“Cholish” – ko‘p millatli, obod qishloq

“Cholish” – ko‘p millatli, obod qishloq
Xalqimizda “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan hikmatli gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, o‘lkamizga kirib kelgan bahor nafasi yurtdoshlarimiz ko‘ngliga o‘zgacha iliqlik va shijoat ulashayotir. Umumxalq bayramimiz – Navro‘z oldidan mamlakatimizning barcha hududlari kabi ko‘hna Xorazm vohasi ham yangicha qiyofa kasb etmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir ezgu maqsad samarasida har bir viloyatda “Obod qishloq”lar barpo etilayotgani qishloq aholisi farovonligi va turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilayotir.

Cholish – Urganch tumanining Amudaryo sohiliga eng yaqin hududda joylashgan qishloq bo‘lib, 6 ming 500 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloqdagi Munis Xorazmiy va Komiljon Otaniyozov nomidagi ikkita mahallada 1 ming 119 xonadon mavjud.

2 (1).jpg

Shuni alohida ta’kidlash joizki, viloyatning chekka hududi hisoblangan ushbu qishloq ancha yillar mobaynida mutasaddi rahbarlar nazaridan chetda qolib ketgan edi. Aholining o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yig‘ilib qolgan. Qishloq ko‘chalarida fuqarolarning o‘zboshimchaligi bilan turli ko‘rinishdagi, hech qanday talab va normalarga javob bermaydigan noqonuniy qurilmalar qurilgan. Qishloq ichidan oqib o‘tuvchi ariq-zovurlar tozalanmagan, yonidan o‘tgan kishi badbo‘y hiddan nafas ololmas edi. Ichki yo‘llar ahvolini aytmasa ham bo‘ladi. 

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan sektorlar samarali faoliyat yuritmoqda.

Urganch tumani viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov boshchiligidagi uchinchi sektor tarkibiga kiradi. Hududda viloyat ishchi guruhining maxsus shtabi tashkil qilinib, amaliy ishlarga kirishilgan. Hududlarda uyma-uy yurib, aholining yashash sharoiti va muammolari o‘rganilib, aniqlangan muammolarning ko‘pchiligi joyida bartaraf etilmoqda.

– Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ishga barcha birdek xayrixohlik bildirmoqda, – deydi Urganch tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i M.Rajabov. – Qishloqni obodonlashtirish natijasida hududdagi 7 kilometr ariq-zovurlar, 20 gektar tomorqa yerlar ortiqcha xas-cho‘plardan, chiqindilardan tozalanib, shudgor qilindi. Uch yarim mingdan ortiq mevali va manzarali daraxtlarga ishlov berildi. Aholi tomonidan 150 dan ortiq noqonuniy qurilmalar, 6,5 ming metrlik to‘siq va panjaralar olib tashlandi. Bu ishlarga 60 dan ortiq turli texnika va 1 ming 500 mingdan ortiq hasharchi jalb etildi.

Bu xayrli tadbirlarda qishloq aholisi ham tashabbus ko‘rsatib, toza-ozoda yashashni avvalo oilada shakllantirish kerakligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu keng ko‘lamli ishlarga viloyat va tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol yoshlari xayrixoh bo‘lib, qishloqdagi yolg‘iz, nogironi bor, keksa xonadon egalariga yordam berilmoqda. Tomorqa yerlari chopilib, atrofi obod etilayotir.

– Qishloq aholisining uchdan bir qismini qozoq millatiga mansub fuqarolar tashkil qiladi, – deydi mahalla faoli S.Ibrohimov. – Qishloqdagi maxsus qozoq tiliga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarning bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ammo bizni doimo bir narsa qiynab kelardi, u ham bo‘lsa, qishlog‘imizning xunuk qiyofasi. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu xayrli loyihaga aynan biz yashayotgan qishloq tushganidan mamnun bo‘ldik. O‘n bir millat vakillari bir oiladek tinch-totuv istiqomat qilayotgan qishlog‘imiz aholisi tashkilotchilardan minnatdor.

“Obod qishloq” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlarni kuzatar ekansiz, bunda xalqimizning hashar, mehr-oqibatlilik kabi ulug‘ qadriyatlari o‘zining amaliy ifodasini topganligiga guvoh bo‘lasiz. Eng muhimi, bu yil cholishliklar Navro‘z umumxalq bayramini go‘zal va obod qishloqda nishonlashadi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat) O‘zA
7 189