O‘zA O`zbek

02.02.2018 20:00 Chop etish versiyasi

Chiqindidan ikkilamchi mahsulot

Chiqindidan ikkilamchi mahsulot Mamlakatimizda aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirish va tozalikka rioya qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

8.jpg

Mazkur hujjat ijrosi doirasida 2017-2018-yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan texnologiyalarni joriy etish prognoz ko‘rsatkichlari, barcha viloyatlar markazlarida chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurish ko‘zda tutilgan.

Rivojlangan mamlakatlarda chiqindini qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishning samarali usullari yo‘lga qo‘yilgan. Bu amaliyot O‘zbekistonga ham jadal kirib kelmoqda, mazkur sohaga doir tadbirkorlik faoliyati davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tashabbuskorlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, o‘ziga xos klasterlarni ishga tushirayotir.

Qarshi shahridagi “Qashqadaryo eko trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati bu yo‘nalishda qiymati 5,2 million dollarga teng istiqbolli loyihani amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi. U rag‘batlantirilib, tijorat banki tadbirkorga mazkur tarmoq rivoji uchun moliyaviy ko‘mak berdi.

4.jpg

– Faoliyat boshlaganimizga hali ko‘p bo‘lmadi. Hozircha faqat Qarshi shahri aholisiga xizmat ko‘rsatmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Ulug‘bek Ziyodullayev. – Shunday bo‘lsa-da, bugungi kunda korxonamiz xizmatidan foydalanuvchilar soni 250 mingdan ortdi. Tegishli hisob-kitoblar asosida xizmat haqi aholi jon boshiga 2,5 ming so‘m, xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun 36 ming so‘m qilib belgilangan. 62 nafar nazoratchi hududlarga chiqib, bevosita mijozlar bilan ish olib bormoqda. Kelgusida xizmat ko‘rsatish qamrovini yanada kengaytirib, boshqa tumanlarda ham ish yuritishni rejalashtirmoqdamiz. Korxonamiz tasarrufida 44 ta zamonaviy texnika va transport mavjud. Ularning asosiy qismi yuk tashuvchi mashinalar.

Yukxonasiga 7 kubdan 18 kubgacha hajmdagi chiqindini olish imkoniyatiga ega ushbu mashinalarga GPS-navigatorlari o‘rnatilgan. Bu esa transport vositalari harakatini onlayn kuzatish imkonini beradi. Xizmatga chiqishdan oldin transport vositalari texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida yig‘ib olingan chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda chiqindi poligonining yonidan ajratilgan 30 gektar maydonda zavod qurish ishlari boshlab yuborilgan. Zavodni barpo etish uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. O‘tgan yili majmuaning saralash sexi qurib bitkazilib, xorijdan keltirilgan energiyatejamkor liniya bilan jihozlandi. Xorijlik mutaxassislar ko‘magida sinov ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarish sexlari qurilishi joriy yilda bitkaziladi. Mazkur sexda 5 turdagi mahsulot – shox-shabba va xazonga qo‘shilgan ko‘mirdan briket, qurilish chiqindisidan shlakoblok, qog‘oz chiqindilaridan karton, rezina mahsulot va shinalardan piroliz, ya’ni suyuq yoqilg‘i, plastik idishlardan sintefon – sintetik tola ishlab chiqariladi.

7.jpg

Hozircha chiqindilar belgilangan joyda yig‘ilib, zaxira yaratilmoqda. Buning uchun Qarshi tumanida aholi yashash manzilidan uzoq hududda poligon barpo etilgan. Shu bilan birga, bu yerda qayta ishlab bo‘lmaydigan chiqindilarni utilizatsiya qilish choralari ham ko‘rilmoqda.

Muxtasar aytganda, “Qashqadaryo eko trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar tadbirkorlik subyekti sifatida iqtisodiyotimizga foyda keltirishi, qolaversa, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishi, eng muhimi, aholi salomatligini saqlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
17 475