Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.03.2018 08:20 Chop etish versiyasi

Chiqindi tashlash bo‘yicha 14 huquqbuzarlik aniqlandi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash bo‘yicha tezkor reyd o‘tkazildi.

Tumandagi “Eyvalek”, “Axcha” va “Telov” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi tomonidan ruxsat etilmagan joylarga chiqindilarning tashlab ketilishi oqibatida hudud ifloslangani aniqlandi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, mahallalardagi bunday chiqindi poligonlari tufayli sanitariya-epidemiologiya holat yomonlashib, yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishigacha borib yetgan.

Ushbu holatni bartaraf etishga tuman obodonlashtirish boshqarmasi, ichki ishlar bo‘limi, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali xodimlari jalb qilindi.

– Tumanda aholi, korxona va tashkilotlar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlangani bo‘yicha 14 huquqbuzarlik aniqlandi, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Sherzod Yo‘ldoshev. – Ushbu holatlar yuzasidan qoidabuzarlardan 2 million 411 ming so‘m jarima undirildi. Ammo joylardagi chiqindilarni vaqtida olib ketish bo‘yicha muammolar ham yetarli. Tumandagi 29 mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat qiluvchi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan jalb qilingan 3 yuk tashuvchi avtotransport vositasining bittasi ta’mirtalab, 2 tasi esa barcha mahallalarga birdek xizmat ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun, har bir mahalla, ko‘cha va uylar ozodaligini saqlashda aholi, ayniqsa, yoshlarning tartib va tozalik bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda, ko‘p qavatli uylar atrofida qo‘shimcha tarzda chiqindi tashlash joylari tashkil etilayotir.

Tezkor reyd davomida chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlayotgan fuqarolarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rildi. Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanga biriktirilgan inspektorlari mahallalar raislari bilan birgalikda bahor mavsumida hashar tashkil etish, hududning sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha olib borilishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan tushuntirish, targ‘ibot ishlarini o‘tkazmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
4 715