Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.02.2018 14:33 Chop etish versiyasi

Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida zax suv chiqmaydigan bo‘ldi

Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi Chimqo‘rg‘on qishlog‘i aholisi ancha yillardan buyon yer osti suvining ko‘tarilishidan aziyat chekayotgan edi. Yaqinda muammoni bartaraf etish uchun hududda zaxga qarshi 3 kilometr uzunlikda zovur qazildi.

– Bu ish viloyatdagi 3-sektor rahbari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rustam Tursunovga murojaat qilganimizdan so‘ng amalga oshirildi, – deydi Chimqo‘rg‘on qishlog‘ilik 65 yoshli Abduvali Qosimov. – Yog‘ingarchilik boshlanishi bilan hovlilarimiz, uylarning yerto‘lalarini suv bosib, imoratlar zaxlab ketardi. Tomorqada dehqonchilik qilishning umuman iloji yo‘q edi. Zovur bitdi, demak, bu muammomiz ham hal bo‘ldi. Sektor faoliyatidan barcha qishloq aholisi mamnun.

Chimqo‘rg‘onliklarning sektor faoliyatidan minnatdor bo‘lishiga sabab faqat zaxga qarshi kovlagan zovurgina emas. Sektor rahbari bilan uchrashuvda qilingan murojaatlarda ko‘tarilgan taklif va talablar asosida qishloqqa toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Elektr uzatish tarmog‘i yangilanib, "Oqtom", "Niholzor", "Yaxshi niyat", "Fayzli" ko‘chalaridagi 77 xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlandi.

Ushbu sektorning muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlaridan nafaqat chimqo‘rg‘onliklar, tumanning boshqa qishloqlari aholisi ham mamnun bo‘layotir. Masalan, sektor rahbari boshchiligida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda "Lolazor” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan uchrashuvda bildirilgan talab-takliflar asosida 9-umumta’lim maktabining isitish tizimini ta’mirlash va oltita qozon o‘rnatish uchun byudjetdan 100 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratishga erishildi. Maktabning eshik-romlarini almashtirish ishlari ham hal etilayotir.

Sektor boshqaruvi har bir fuqaroning murojaatida ko‘tarilgan shaxsiy masalalarni ham hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masalan, Dilshod Qambarov sektorga bankdan 4 million 500 ming so‘m miqdorida kredit olishiga ko‘mak berishni so‘rab murojaat qilgan edi.

– Bu masalaning ortiqcha yugur-yugurlarsiz hal bo‘lganidan mamnunman, – deydi Dilshod Qambarov. – 1 sotix joyda issiqxona qurdim. Ichiga limon ko‘chatlari ekkanman, orasida 5 xil ko‘katlar o‘smoqda. Yana bir sotix maydonda issiqxona qurmoqchiman.

Uch nafar farzandini yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirgan Lolazor qishlog‘ilik Umida To‘rayevaning turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha arizasi ham ijobiy hal etildi. Ya’ni, vaqtincha yashab turishi uchun uy belgilandi. Tuman hokimligi turar joy qurish uchun yer ajratdi. Qurilayotgan yangi loyihadagi uylardan birini olishi uchun viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan moliyaviy yordam beriladigan bo‘ldi.

Sektor tomonidan bunday ishlar tumandagi boshqa qishloqlarda ham olib borilmoqda. Hozirgacha sektor hududidagi barcha muammolar, ko‘makka muhtoj oilalar, nogironlar va mehnatga layoqati cheklangan fuqarolarning ahvoli to‘liq o‘rganib chiqildi. Bu hududdagi barcha masalalarning yechimini o‘z vaqtida topishga, davlatimizning aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan g‘amxo‘rligidan har bir odamning bahramand bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
3 462