Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.09.2017 14:12 Chop etish versiyasi

Chegaralar mustahkamligi – tinchlik garovi

Chegaralar mustahkamligi – tinchlik garovi Oddiy askar Hasan Yo‘ldoshev "Dik" laqabli xizmat iti bilan chegara bo‘ylab yura boshladi. Sal tepalikka chiqib, durbin orqali o‘tkir nigohlari bilan chegaraning olis nuqtalarini kuzatdi. Tinchlik. Hammasi joyida. "Dik" vovullagancha yon-atrofga bir-ikki borib keldi. So‘ng egasini tushungandek tinchlandi. “Bu Vatanimiz ostonasi. Uni hamisha sergak turib qo‘riqlash sen va bizning muqaddas burchimiz” xayolidan o‘tkazdi oddiy askar...

Vatan himoyasi uning sarhadlarini mustahkam, har qanday xavf-xatardan ishonchli qo‘riqlashdan boshlanadi. Shu bois mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq davlatimiz chegaralarini, uning daxlsizligini saqlashga ustuvor vazifa sifatida alohida e’tibor qaratildi.

...Mazkur chegara maskani asosan tog‘li va cho‘l hududlardan iborat. Bu yerda harbiy xizmat o‘tashning o‘ziga yarasha mas’uliyati va mashaqqatlari bor. Buni chuqur his qilgan chegarachilar sarhadlarimiz daxlsizligi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikning muhim sharti ekanini yaxshi biladi.

Chegaralar mustahkamligi – tinchlik garovi

Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan biridamiz. Chegara posti majmualarida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlangan harbiy xizmatchilar mamlakatimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlamoqda.

Chegara posti cho‘l o‘rtasida joylashgan bo‘lsa-da, harbiylar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Chegara postida tunu kun hushyor xizmat qilayotgan oddiy askarlar, serjant va ofitserlar, ularning oila a’zolari uchun hamma qulaylik muhayyo.

Bu haqda chegara posti boshlig‘i, katta leytenant Kamol Xolmurodov to‘lqinlanib so‘zlab berdi.

– Harbiy xizmat kishidan, avvalo, mustahkam iroda va matonat talab qiladi, – deydi u. – Bundan 9-yil avval tantanali harbiy qasamyod qabul qilganimdan buyon harbiylik hayotim mazmuniga aylangan. Cho‘lning o‘ziga xos injiqliklari bor. Boshida biroz qiynaldik, ammo Vatan sarhadlarini qo‘riqlashdek mas’uliyatli va sharafli vazifa zimmamizda turgan ekan, har qanday sharoitda bunga tayyor bo‘lishimiz lozim. Bo‘linmamizda xizmat qilayotgan askar va ofitserlar, ularning oila a’zolari uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, o‘tgan yili 4 ofitser uchun bo‘linmaning o‘zida zamonaviy 2 va 3 xonali uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Ichimlik suvi va gaz tarmog‘i tortildi. Chegara postida xizmat qilayotgan ofitserlarning barchasi to‘liq uy-joy bilan ta’minlangan.

Darhaqiqat, suv kelgan joyda hayot qaynaydi. Bir paytlar qum barxanlaridan iborat bo‘lgan qip-qizil cho‘lda shinamgina yashil go‘sha tashkil etilgan. Yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan uy-joylar atrofi obodonlashtirilib, cho‘l havosiga mos manzarali va mevali daraxtlar ekilgan. Mo‘jazgina bolalar maydonchasi barpo etilib, turli attraksionlar o‘rnatilgan.

Chegaralar mustahkamligi – tinchlik garovi

Askarlar yotoqxonasida jihozlar batartib. Bir qarashdayoq harbiycha ruh va intizom ufurib turadi. Bir guruh askarlar ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik xonasida. Kutubxonada harbiy ilmlardan tashqari turli badiiy va ilmiy adabiyotlarni mutolaa qilish ilmga chanqoq askarlarning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. Ulardan biri toshkentlik oddiy askar Samariddin Sultonmurodov.

– Toshkent transport kollejini tamomlagach, harbiy xizmatga keldim, – deydi Samariddin. – Serjant va ofitserlardan harbiy bilimlar o‘rganyapman, chiniqayapman. Shaharda o‘sganim bois, ochig‘i, cho‘l havosiga moslashish boshida biroz qiyin bo‘ldi, lekin hammasi ortda qoldi. Hozir o‘zimni go‘yo butun umr cho‘lda yashagandek his qilaman. Bo‘sh vaqtimda kutubxonada mutolaa qilib, bilimlarimni oshirib boryapman. Maqsadim – imtiyozli tavsiyanoma olish va qiziqqan soham bo‘yicha o‘qishni davom ettirish.

Harbiy qism tarkibidagi ikkinchi postga sim to‘siqlar tortilgan chegara bo‘ylab borarkanmiz, qum barxanlarining poyoni yo‘qdek. Shamoldek yelib borayotgan harbiy mashinada goh nishablikka chiqsak, goh o‘tkir qiyalikka sho‘ng‘iymiz. Ayni tush payti. Saxiy quyosh olovli tig‘i bilan butun zaminni yondirayotgandek. Jaziramada ilib qolgan suvdan ho‘playmiz. “Mana shu sim to‘siqlarni ham askarlarimizning o‘zi tortyapti. Boisi ikkinchi post yangidan tashkil etilgan. O‘sha postgacha tortib boriladi, nasib etsa”, deb izoh beradi hamrohimiz ko‘nglimizdagini sezgandek. Haqiqatan ham, askarlar yo‘lda sim to‘siq tortmoqda ekan. Shunday issiq va dim havoda ishlayotgan chegarachilarning matonati tahsinga loyiq.

– Chegara postimiz o‘tgan yili tashkil etilgan, – deydi chegara posti boshlig‘i, kapitan Temur Allabayev. – Mamlakatimizda harbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning oila a’zolari uchun munosib turmush va mehnat sharoiti yaratish yo‘lida qilinayotgan ishlar bizni yanada ruhlantirmoqda. Postimizda askarlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zamonaviy mini-futbol maydonchasi, barcha inventarlar bilan jihozlangan sport zali barpo etilgan. Bular harbiylarimizning jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lishiga xizmat qilayotir.

Darvoqe, kapitan Temur Allabayev barchaga o‘rnak. U 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi “Eng ilg‘or vzvod komandiri” ko‘rik-tanlovi g‘olibi sifatida maxsus diplom bilan taqdirlangan.

Mamlakatimizda MXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun ko‘rkam uy-joylar, yotoqxonalar, zamonaviy komputer va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan o‘quv maskanlari, sport majmualari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Serjant va ofitserlar uchun qurilgan uy-joylar atrofini aylanar ekansiz, turli anvoyi gullar hidi dimog‘ingizga uriladi, kayfiyatingiz yanada ko‘tariladi. Hududga o‘zgacha fusun bag‘ishlagan manzarali daraxtlar cho‘l shamolida ohista tebranadi. Bolalar maydonchalarida quvnoq kulgi hukmron...

– Turmush o‘rtog‘im bizga uy berishdi, endi cho‘lda birga yashaymiz, deganida avvaliga qattiq qarshilik ko‘rsatganimdan o‘zim uyalib yuraman, – deydi kulib namanganlik katta leytenant Avazbek Teshaboyevning turmush o‘rtog‘i Shodiya Abdujabborova. – Bu yerga ko‘chib kelayotganimizda yo‘lda qum barxanlarini ko‘rib yig‘lab yuborganman. Lekin manzilga kelib qarasam, bari boshqacha, go‘yo shahar deysiz. Uyimizdagi sharoit ham shaharnikidan aslo qolishmaydi. Bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib, “Xudoga shukur-ey” deb yuborganimni bilmay qolibman. Tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, hammasi muhayyo. Xullas, oilaning baxtiyor hayot kechirishi uchun barcha qulaylik bor.

– Harbiy libos kiyish bolalik orzuim, – deydi shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askar Dilshod Mengliyev. – Kasbim bilan faxrlanaman. Axir, yurt tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdek eng sharafli va olijanob ish bilan mashg‘ulman. Davlatimiz tomonidan harbiylarga qaratilayotgan alohida e’tibor sabab, bizning oilamizga ham postimizdagi 2 xonali zamonaviy uylardan birini berishdi. Xizmatdan uyga qaytganimda o‘g‘lim Rishodbek yugurib, istiqbolimga chiqadi. Boshimdan furashkamni yechib unga kiydiraman. U harbiycha salom beradi. To‘lqinlanib ketaman. Bor charchog‘im chiqib ketadi.

Mamlakatimizda harbiylar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor, yaratilayotgan qulay imkoniyatlar chegarachilarimizni xizmat vazifasini sharaf bilan bajarish, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi uchun mudom mas’ul va fidoyi bo‘lishga undaydi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
1 257






Все о погоде - Pogoda.uz