Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2018 11:32 Chop etish versiyasi

Chaqaloqning shukronasi qani?

Chaqaloqning shukronasi qani? Er-xotinlikning eng buyuk maqsadi – farzand. ...Ayolning eng muhim vazifasi – bu farzand tarbiyasi.

Abdurauf Fitrat

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning bundan bir asr ilgari, aniqrog‘i, 1914 yili chop etilgan “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” degan ajoyib asari bor. Unda oilaga, jamiyatning eng muhim halqasi, deb qaralib, millatning bu boradagi o‘sha paytlarda namoyon bo‘lgan ko‘p-ko‘p illatlari ochib tashlangan. Shu bilan birga, bu borada ilg‘or mamlakatlar tajribalaridan o‘rnak olishga chaqirilgan. Afsuski, oila borasida hozirgi paytda ham, yutuqlarimiz bilan birga, talay kamchiliklarimiz ham mavjud. Shuning uchun bu asar – hozir ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Birgina misolga e’tibor qilaylik. “Ma’lumki, odam birinchi tarbiyani onasining bag‘rida oladi, – deb yozadi alloma. – Shu narsa muqarrarki, birinchi tarbiya (oila tarbiyasi) tarbiyaning eng muhimi hisoblanadi. Uning ta’siri odam tabiatiga mustahkam o‘rnashadi”. Bu satrlar har bir ona gardaniga buyuk vazifa va mas’uliyat yuklaydi.

Demak, ona – tarbiyaning asosiy mehvari. Lekin hammaga ayon bir gap ham bor-da: avvalo, tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak.

Afsuski, jamiyatimizdagi ma’naviyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ba’zi urf-odat, marosim va tadbirlarning urchib borayotganiga aynan onalar sababchi bo‘layotgani kishini o‘ylantirib qo‘ymoqda. Ayollar to‘y-hasham, oilaviy tadbirlarda dabdababozlik, boyligini, “hech kimdan kam emas”ligini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish, buni kimlargadir ko‘rsatib qo‘yish, isrofgarchilikning asl sababchilari bo‘lib kelayotgani yaxshi emas.

Bu illatlarimiz chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqishdan boshlanadi. Ochig‘ini aytganda, bularning barini keyingi davrlarda o‘zimiz o‘ylab topib, an’anaga aylantirib olganmiz. Chunki avvalgi zamonlarda tug‘ruqxona bo‘lmagan-ku.

Muqaddas dinimizda an’anada yo‘q qoidalarni joriy etishga “bid’at” deyiladi. Chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish dabdabayu as’asalari dunyoviy ma’noda bid’at emasmi?

Bid’atligi shundaki, chaqaloq tug‘ilishi, uning chillasi, bu davrdagi tarbiyasi bilan bog‘liq shunday asriy an’analarimiz borki, ular zamirida xalqimizning sinovlardan o‘ta-o‘ta pishgan orzu-maqsadlari, tajribalari, xulosalari – yashirin. Biz shuni buzmayapmizmi?

Chaqaloq – Xudoning ota-onaga bergan o‘ta pok, nozikdan-nozik ne’mati. Uni mayin esgan shamoldan ham, chang-chungdan ham, shovqin-surondan ham, hattoki, odamlarning nazaridan ham oliy darajada asrash kerak. Ota-bobolarimiz bekorga qirq kungacha, ya’ni chillasi chiqqunga qadar go‘dakka haddi a’losida e’tibor bilan qarashni odat qilmagan. Shu muddat tugaganidan keyingina chillagurezon qilib, kelin bolasi bilan ota-onasinikiga, boshqa yaqinlarinikiga borishi mumkin, xolos. Ungacha bolakay yotgan uyga har kimni kiritishga ham yo‘l qo‘yilmagan.

Hozirgi ilm-fan rivojlangan zamonda ham tibbiyot yo‘rgakdagi bola uchun alohida sanitariya-gigiyena tartib-qoidalariga qat’iy amal qilishni lozim ko‘radi.

Biz nima qilyapmiz?

Chaqaloqni tantana bilan tug‘urqxonadan olib chiqamiz. Bu tadbirga katta-kichik bolalardan ham bir nechasini yetaklab kelamiz. Karnay-surnayni vaqavang qilib chaldiramiz. Bir necha avtomobil pappilata-pappilata butun mahallani boshiga ko‘taradi. Darvozaxonamiz yoki ko‘p qavatli uyning yo‘lagini sun’iy gullar bilan bezatamiz. Farzand ko‘rganimizni hammaga ko‘z-ko‘z qilamiz. Bularning hammasini videotasvirga oldiramiz. Go‘yo bularning bari chaqaloq uchunday. Holbuki, bu go‘dak hali bu narsalarni tushunmaydi-ku. Ha, nima emish, katta bo‘lganida videodan ko‘rar emish.

Amalda bu o‘zimizni o‘zimiz ko‘z-ko‘z qilish emasmi?

Axir, ko‘z-suq degan narsalar ham bor-ku, ular qayoqda qoldi? Ayrim kishilarning qarashida moddiy quvvat borligini ilm ham tasdiqlaydi-ku. Pokdan-pok, nimjongina chaqaloqni yot nazarlardan asrash mohiyatini tushungan tushunadi.

Birov bir narsani urfga kiritadi, bo‘ldi, boshqalarimiz buni xuddiki ota-bobolarimizdan qolgan muqaddas udumday qabul qilaveramiz. Ya’ni ana shu yangi-yangi odatlarga o‘ylamay-netmay amal qilaveramiz.

Aslida-chi? Asr-asrlardan buyon ajdodlarimizdan chaqaloqni tarbiyalash, uni yo‘rgaklash, beshikka belash, sochini olish, yaxshi yurib ketishini ta’minlash, muskullarini rivojlantirish, tilining ravon chiqishiga ko‘maklashish bilan bog‘liq qancha-qancha go‘zal udumlarimiz yetib kelgan. Eng yomoni, o‘zimiz keyingi vaqtlarda yaratib olayotgan odatlar aynan ana o‘sha asriy udumlarimizning unutilishiga olib kelmoqda.

Milliy meros – keng tushuncha. Milliy urf-odatlarimiz, marosimlar, an’ana va qadriyatlarimiz ham milliy merosga kiradi. Uzoq tarixiy ildizga ega bu meros zamirida esa yuksak ma’naviy qadriyatlar yotibdi. Xalqning e’tiqodi, milliy mafkurasi ham shular asosida shakllanadi. Ular xalqning ma’naviy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda paydo bo‘lib, o‘z mazmunida shu yurt kishilarining orzu-havasi, turmush tarzi, ma’naviy darajasini namoyon etadi. Xalqimizning har bir urf-odati, fazilatida teran milliylik bor.

Shunday ekan, kitoblarda urf-odatlarimiz, to‘ylarimiz, oila, farzand tarbiyasi haqida qoldirilgan fikrlarga befarq, bepisand bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Xususan, xalqimizning bola tarbiyasi bilan bog‘liq boy merosini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz, buning uchun ularga oqilona amal qilib borishimiz, mohiyatan ma’naviyatsizlik belgisi bo‘lgan yangi-yangi odatlarni urfga kiritishdan saqlanishimiz zarur.

Xo‘sh, bu o‘ylab topilgan tadbirlarni o‘tkazishdan kimga foydayu kimga zarar?

XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida yashagan buyuk tatar ma’rifatparvari Rizouddin ibn Faxruddin “Oila” asarida: “Har bir xotunning aqlini o‘lchamoqchi bo‘lsangiz, uning qo‘l ostidagi bolalariga boqing!” – degan fikrni keltiradi. Bola tarbiyasi esa unga sarflangan mablag‘ bilangina belgilanmaydi. Kitobning “To‘y” degan faslidagi mana bu jumlaga e’tibor qilaylik: “Yolg‘iz avom madhini eshitish uchungina aqlli kimsa o‘z molini nobud etmas. Maishati ko‘tarmagani holida boshqalarga taqlid etib, sarmoyasini sovurmas”.

Demak, bundan bir asr muqaddam ham musulmon xalqlari o‘rtasida to‘y qilib, shuhrat topish illati bo‘lgan. O‘sha zamonlarda ham ziyolilar bunga qarshi kurashgan. Rizouddin ibn Faxruddin sarmoyani bekordan-bekorga sarflab, dabdabali to‘y qilishlarni faqatgina ko‘pchilikning orasida boyligini ko‘rsatish, sun’iy ravishda shuhrat topishdan boshqa narsa emasligini ochiq yozyapti.

Chaqaloqlarni tug‘ruqxonalardan olib chiqish bilan bog‘liq salbiy holatlar ma’naviyatimiz, azaliy qadriyatlarimiz, milliy tiynatimizga yot odatlarga asoslanayotgani bilan tobora bugunning dolzarb muammosiga aylanib boryapti.

Bunday marosimlar mamlakatimiz oilalari iqtisodiga, ma’naviy olamiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgani hech kimga sir emas. Bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun “Oilada farzand tug‘ilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlardagi dabdababozliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi. U O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T. Norboyeva tomonidan shu yilning 5 martida tasdiqlandi. Uni Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus vazirliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamkorlikda tayyorlagan.

Undagi to‘rt bo‘limning nomlanishidan ham mazkur rejadagi chora-tadbirlar mohiyatini va ahamiyatini tushunib olish mumkin: “Farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq milliy marosimlar haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkillashtirish”, “Farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazishda aholi tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan dabdababozliklarning oldini olish”, “Tibbiyot xodimlari tomonidan ona va bola salomatligi yuzasidan tushuntirish ishlarini kuchaytirish”, “Farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq milliy marosimlar yuzasidan diniy va ma’naviy tarbiyani shakllantirish”.

Chaqaloqning tug‘ilishi – bayram. U xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh – qiz, buning shukronasini qilishimiz kerak. Ota-ona, avvalo, unga yaxshi, chiroyli, farzand ulg‘ayganida norozi bo‘lmaydigan bir ism topib qo‘yishi kerak. Musulmonchilik an’anasiga ko‘ra, keyin qulog‘iga ismini aytib, azon o‘qitib qo‘yish lozim.

Beshikka belashning ham qanchadan-qancha an’anaviy udumlari bor.

Masalan, Buxoroda bolani beshikka belayotganda u bir necha karra boshini bir oyoq tarafga, bir bosh tarafga qilib yotqiziladi-da, atrofdagilardan: “Chappami, rosta?” (“Xato yotqizildimi yoki to‘g‘rimi?” ma’nosida), – so‘raladi. Oxiri to‘g‘ri yotqizilgan holatida qoldirilib, belanadi. Buning tagida ham ma’no bor. U shundan iboratki: “Hayotda xato va to‘g‘ri yo‘l bor, bola ulg‘ayib, faqat to‘g‘ri yo‘llarda yursin!” – degani bu.

Beshik biz uchun birinchi uyimiz. Uni xalqimiz Vatan ramzi sifatida qabul qilib kelgan. Bola kindigini beshikka boylash zamirida ham Vatanga sadoqat g‘oyasi ilgari surilgan. Bu udumda olam-olam ma’no, fikr – mafkura bor. Chaqaloqning kesilgan kindigi bola ulg‘ayib, beshikni tark etguniga qadar beshikning cho‘piga bog‘lab qo‘yiladi. Keyin esa u bir mevali daraxtning tagiga ko‘miladi. Nima uchun? Bunda ham ezgu orzu-maqsad aks etib turibdi: bola ulg‘ayib, voyaga yetib, ana mevali daraxtga o‘xshab farzandlar ko‘rsin!

Marhamat, bunday go‘zal va qadimiy urf-odatlarimizga amal qilaylik. Ular asrlar mobaynida kishilarga Vatan, el-ulusga muhabbat tuyg‘usi singdirib kelgan. Eng muhimi, bu udumlarga amal qilish uchun katta mablag‘ talab etilmaydi.

Xo‘sh, chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqishni iqtisodiy foyda ko‘rish manbaiga aylantirayotganlar kimlar?

Birgina chaqaloqni olib chiqish uchun buyurtma berilgan avtomobilning eng past narxi – 150 dollar. Bu tadbirda turli kiyimlarni kiyib, ishtirok etadiganlarning (Masha, Medved va boshqalarning) har biriga kamida 50 dollardan berish kerak. Karnaychi, surnaychi, nog‘orachilar ham bepul xizmat qilmaydi, albatta. Rasmchi, videochilarning ham belgilangan “stavka”si bor. Avtomobilni, hovli yoki ko‘p qavatli uy yo‘lagini sun’iy gullar bilan bezatish ham – xarajat.

Farzandlik bo‘lgan ona ham tug‘ruqxonadan “tekinga” chiqmaydi. Nechanchi farzand ko‘rganidan qat’i nazar, unga yangi sarpo-suruq qilish zarur. Tug‘ruqxonaga go‘zallik saloni xodimining tashrifini uyushtirish lozim. Bunday dabdabayu as’asa bo‘layotgan mahalda tug‘ruqxona xodimlari ham “quruq” qoldirilmasligi kerak, albatta. Bularning bari oila byudjetidan sarflanadi.

Tabiiyki, zamonamiz – yaxshi. Aholi o‘rtasida iqtisodiy jihatdan boyib borayotgan toifa ham ko‘payyapti. Shunday bo‘lishi kerak. Ana shundaylar uchun biz tilga olgan xarajatlar oilaning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi – tabiiy ham. Ammo masalaning ikkinchi, ma’naviy tomoni bor-da. Bizda taqlidga moyillik – kuchli. Kuchi yetgan ham, yetmagan ham shu “an’ana”ga bo‘ysunishga intilib qoladi. Boyligini ko‘z-ko‘z qilayotganlar o‘zi bilgan-bilmagan holda jamiyatda salbiy urf-odatni joriy etishga hissa qo‘shyapti. Buning ham savol-javobi borligini o‘ylab ham ko‘rayotgani yo‘q.

Eng yomoni, bunday dabdabayu as’asalarga, avvalo, ayollarning o‘zi sababchi bo‘lyapti. Bu borada hamma tashabbus xotin-qizlardan chiqadi. Shunday ayollarimiz ham topiladiki, ular ko‘rganiyu eshitganini oila boshliqlariga aytib, bajartirishi kerak. Undan uyog‘i bilan ishi yo‘q ularning.

Endi biz qoralab tasvirlagan tadbirni o‘tkazishga qurbi yetmagan oila boshlig‘ining ahvolini ko‘z oldingizga keltiring. U nima qiladi? Bu “qonun-qoida”lardan voz kechib qo‘ya qoladi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q-da. Birovdan qarz olib bo‘lsa ham, shunday qiladi.

Xo‘sh, endi ana shu qo‘li kaltaroq oilada chaqaloqni zamonaviy talablar asosida parvarishlash, emizikli bolasi bor onani sifatli mahsulotlar bilan boqish uchun sarflanishi lozim bo‘lgan mablag‘ qarz uzishga ketadimi? Ketadi. Axir, biz norasida go‘dagimizning rizqini qirmayapmizmi?! Bu kelajak daraxtning ildiziga bolta urish bilan barobar emasmi?!

Buni, avvalo, onalarning o‘zi o‘ylashi kerak emasmi? Ona oqila ayol bo‘lsa, oila iqtisodini hisobga olib, xalqona aytganda, ko‘rpaga qarab oyoq uzatishi, bolasining kelajagini o‘ylab ish ko‘rishi lozim-ku.

Aslida, ilk farzand ko‘rgan ota-onaning qarindosh-urug‘lari o‘zaro to‘planib, jamiyatda yangi bir inson tug‘ilgani, yangi ota-ona vujudga kelganini jamoaga tanishtirish niyatida dasturxon yoyishgan. Unda onaga shunday farzandni mukammal qilib tarbiyalab, voyaga yetkazishi, otaga esa shu farzandning o‘sib ulg‘ayishi uchun barcha iqtisodiy va ma’naviy imkoniyat, shart-sharoit qilib borishi vazifasi yuklanishi tadbirning maqsadi qilib olinadi.

Hozirgi zamonda bola tarbiyasi bilan bog‘liq shunday katta ilm rivojlanganki, ota-onalar bundan boxabar bo‘lishi zarur. Axir, chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish bilan bog‘liq behuda xarajatlar o‘rniga har bir oila eru xotin munosabatlari, bola tarbiyasi bilan bog‘liq ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarni sotib olsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Xalqimiz va davlatimiz oldida turgan tezroq rivojlangan mamlakatlar safidan o‘rin olishdek oliy maqsadga har taraflama komil avlodni voyaga yetkazish orqali erishiladi, axir. Chaqaloq bahonasida ko‘z-ko‘z qilinayotgan dabdabayu as’asaning bolaning tarbiyasiga hech qanday aloqasi yo‘q. Aksincha, u bu tarbiyaga salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Ziyoda G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi mas’ul xodimi 

O‘zA
4 482