Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 11:49 Chop etish versiyasi

Chaman kuldi hatto toshlardan

Chaman kuldi hatto toshlardan
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham ulkan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar amalga oshirilmoqda

Ona tabiat yer yuziga sep yoyganda, yurtimiz zaminiga alohida “saxiylik” qilgan, degan gapda zarracha mubolag‘a yo‘q. Mana, Sirdaryo viloyatini oling. Qadim Sayxun sohillaridagi so‘lim voha mustaqillik yillarida chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bir paytlar qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan bepoyon hudud o‘zlashtirilib, zamonaviy shaharu qishloqlar bunyod etildi, taraqqiyot kirib keldi.

Mustabid tuzum davrida butun respublikamiz aholisi qatori sirdaryoliklarning ham qadri toptalgan. Mashaqqat bilan yetishtirgan mahsulotlari suvtekinga sobiq markazga olib ketilgan. Og‘ir sharoitda ter to‘kib, mo‘l hosil yetishtirgan zaxmatkash insonlar rahmat o‘rniga tuhmat va malomatga qolgan, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan qatag‘onlarga duchor bo‘lgan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning uzoqni ko‘zlab yuritgan oqilona siyosati tufayli bu zamin, uning odamlari erkinlik havosidan, halol mehnati samarasidan bahramand bo‘ldi. Suyagi dalada qotgan, qiyinchiliklarda toblangan, irodasi mustahkam, bag‘rikeng Sirdaryo ahli bu haqiqatni teran anglab, uning qadriga yetib, o‘z yurtini yanada obod, turmushini farovon etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Birgina misol: “Do‘stlik” kanalining Guliston shahridan o‘tgan qismi beton bilan qoplangach, sizot suvlar sathi keskin pasaydi. Yopiq va ochiq kollektorlarni tozalash, tik drenaj quduqlar tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘nlab ko‘p qavatli yangi turar joy binolari o‘z egalariga topshirildi.

Bugun vohaning qay go‘shasiga bormang, qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ustidan chiqasiz. Aholi bunyodkorlik ishqi bilan yashamoqda. Bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shish payida. Ta’bir joiz bo‘lsa, hamma “uyg‘ongan”. Guliston shahridan qiyos: yangi dehqon va buyum bozori hademay to‘liq ishga tushiriladi. Ijtimoiy, madaniy muassasalar, sanoat korxonalari, madaniyat va sport inshootlari barpo etilayotir. Yo‘llar ta’mirlanib, kengaytirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Guliston o‘z nomiga monand shaharga aylanmoqda.

Sirdaryo viloyati iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati, geografik joylashuvi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi.

Viloyatda yalpi hududiy mahsulot 2010-yildan buyon 1,6 barobar oshgan. Keyingi besh yilda uning tarkibida sanoat mahsulotlari 1,6-marta o‘sgan.

Bilasiz, ilgari vohada bitta issiqlik elektr stansiyasi va paxta tozalash zavodidan boshqa sanoat korxonasi yo‘q hisobi edi. Mustaqillik yillarida Sirdaryo viloyatida sanoatning ilg‘or, zamonaviy tarmoqlari shakllandi va rivojlandi. Sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi oxirgi besh yilda 21 foizdan 28 foizga o‘sdi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali bu borada muhim rol o‘ynamoqda. Viloyatda mavjud 66 qo‘shma korxonaning 38 tasi oxirgi besh yilda tashkil etilgani, shuning 8 tasi ilgari bunday korxonalar umuman bo‘lmagan tumanlar hisasiga to‘g‘ri kelayotgani yanada e’tiborlidir.

Jarayon 

“Avtomobil ta’mirlash” davlat aksiyadorlik korxonasidan foydalanilmas edi. “Guliston med texnika” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga “nol” qiymatda berildi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy ishbilarmon va xorijiy sarmoyadorlar zimmasiga yaqin ikki yilda ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 7 million 300 ming dollar investitsiya kiritish majburiyatini yukladi.

Ishbilarmonlar sarmoyani korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qurilish va ta’mirlash, chetdan zamonaviy uskunalar olib kelish uchun yo‘naltirdi. 65 kishi ishga qabul qilindi. Loyihaga ko‘ra, bu yerda bosqichma-bosqich yangi tarmoqlar ochilib, faoliyat ko‘lami kengaytirib borilaverdi. Korxonada ayni paytda bir martalik shpris hamda infuzion sistema ishlab chiqarilmoqda.

Qo‘shma korxona rahbari Alisher To‘ychiboyev quyuv, trafaret, yig‘uv, qadoqlash sexlaridagi jarayon bilan birma-bir tanishib chiqqach, qo‘liga kalkulyator olib kunlik mahsulotlarni xomcho‘t qildi. Natija yomon emas. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan shpris va infuzion sistema oldi-sotdisi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar ijobiy yechim topsa, yana 150 yosh yigit-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

* * * 

Import va eksportchi korxonalarning oltin qoidasiga ko‘ra, ichki bozorda muayyan mahsulotga bo‘lgan talabni birday ushlab turishda quyidagi taomil qo‘l keladi: mahsulotning sotuv bahosi saqlab qolingan holda tarkibi, hajmi, iste’molga yaroqliligi, sifati xaridor foydasiga o‘zgarishi kerak. Tashqi bozorning talabi katta. U kutish nimaligini bilmaydi. Muvozanatni saqlashda sifat, narx, muddat uyg‘unligi ta’minlansa, bas. Buning uchun korxonaning ishlab chiqarish quvvati katta bo‘lishi kerak.

Guliston shahridagi “Neo cotton” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari mazkur qoidaga amal qilib yanglishmagan ekan. Ular taqdim etgan shartnoma xorijlik hamkorlar tomonidan imzolandi. Kelishuvga muvofiq, umumiy qiymati 306 ming dollarlik mahsulot xaridorlarga mart-aprel oylarida yetkazib berilishi lozim. Vaqt tig‘iz. 150 ga yaqin ishchining qo‘li-qo‘liga tegmaydi: hamma paypoq tayyorlash bilan band.

Ishlab chiqarish sexi boshlig‘i Sarvinoz Jaloliddinova dastgohlar va ularga jamg‘arilgan tabiiy va sintetik tolani birma-bir ko‘zdan kechirib chiqqach, xodimlarning chaqqon harakatini kuzatadi. Ulardan biri sensorli tabloga nimalarnidir qayd etadi. Zum o‘tmay, to‘qimachilik dastgohlari bir maromda ishlay boshlaydi. Uskunalar Italiyadan keltirilgan. Komputer “buyrug‘i” bilan ishlaydi. Masalan, maxsus dasturiy tizim orqali ular xotirasiga to‘qilishi kerak bo‘lgan yangi mahsulot eskizi skaner orqali kiritilsa bas, bir zumda haqiqiysi qo‘lingizda bo‘ladi.

Sarvinoz liniyadan shundoq yelim savatchaga kelib tushayotgan deyarli tayyor holdagi to‘qima mahsulotni olib, qo‘lidagi rangli chizmaga solishtiradi. Hammasi risoladagidek. Bichimiyu ranglari joy-joyida!

* * * 

“Baqqol don savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan dastlabki yillarda un ishlab chiqarar edi. Yaqinda uning tarmog‘i yana bittaga kengaydi. Buning uchun 3 milliard 518 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ishchilar soni 38 nafarga yetdi. Ayni paytda bu yerda tayyorlanayotgan pista yog‘i va un iste’mochilarga peshma-pesh yetkazib berilayotir.

Korxona ta’sischilari joriy yilda aholiga qariyb 2 milliard so‘mlik xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan. Shuning uchun yana 30 nafar ishchiga ehtiyoj bor. Tez orada bu masala ham ijobiy yechim topadi.

Yog‘ quyilgan yelim idishning yorlig‘i ko‘zimga allanechuk issiq ko‘rindi.

Oshpaz oshnamiz bor: halfanalarda qozon boshiga hech kimni yo‘latmaydi. Buni qarangki, og‘zini to‘ldirib reklama qiladigan “rossiyskiy” yog‘i “Baqqol don savdo”niki ekan. Qiziq-da, kiyim-kechak xarid qilayotganda uning yorlig‘i, savdo belgisiga qaraymiz-u, oziq-ovqat mahsulotlariga kelganda bunga ko‘pam e’tibor beravermaymiz. Farmonbibining kelinlariga qilgan o‘sha mashhur kesatig‘ida hikmat ko‘p.

* * * 

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2000-yildan buyon qiymati 5,5 milliard dollardan ortiq 2,8 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Ilgari chetdan keltirilgan 4,8 mingdan ziyod yangi mahsulot turini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Natijada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining umumiy hajmida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushi 20 foizdan ko‘proqni tashkil etdi.

2016-yil 26-dekabr. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Mazkur hujjat bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish va izchil davom ettirish uchun muhim dasturilamal bo‘lish bilan birga, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulot tayyorlash istagida yurgan ko‘plab tadbirkorlar qatori Erkin Hamroyev uchun ham ayni muddao bo‘ldi.

U Xitoydan 6,5 million dollarlik investitsiya jalb etib “Wangda metal” mas’uliyati cheklangan jamiyatini barpo etishga kirishdi. Ta’sischining so‘zlariga ko‘ra, zavod yiliga 16 ming 250 tonna metalldan qishloq xo‘jaligi texnikasi, barcha turdagi sanoat korxonalariga butlovchi va ehtiyot qismlar, qurilish materiallari tayyorlashga ixtisoslashgan. Agar bu mahsulotlarni bozor narxiga chaqsak, 21 milliard so‘mga aylanadi. Shundan 960 millioni byudjetga tushadi. 400 yangi ish o‘rni yaratiladi. Ayni paytda bu yerda pardozlash ishlari avjida. Ochilish marosimi Navro‘z umumxalq bayrami arafasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

* * *

Navro‘z ayyomini munosib kutib olish hamda ko‘tarinki kayfiyatda keng nishonlash uchun Sirdaryo viloyatida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shahar va tumanlar, mahalla va qishloqlar, ko‘cha va xiyobonlar bayramona bezatilib, obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Yangi bog‘-rog‘lar, gulzorlar barpo etilayotir.

Mart-aprel oylari mamlakatimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilingan. Oylik doirasidagi tadbirlarda viloyat ahli, ayniqsa, yoshlar hamjihatlik bilan faol ishtirok etmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish jarayonida manzarali ko‘chatlardan ko‘proq foydalanilsa, keyinchalik ayrim ekologik muammolar bartaraf etiladi, insonlarda nafas yo‘li bilan bog‘liq kasalliklarning oldi olinadi, bir qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalar ham ijobiy hal etiladi. Buning uchun manzarali ko‘chatlar ekilayotgan hududning tabiiy holati, iqlimi, tuproq unumdorligi kabi xususiyatlar inobatga olinishi lozim.

Archadan qiyos. Tyan-Shan, Chotqol, Qurama tog‘larida ko‘p uchraydigan sarvdoshlar oilasiga mansub mazkur daraxt juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega. Uning yog‘ochi me’morlik va o‘ymakorlik ishlari, qalam yasashda ishlatiladi. Qubbalaridan efir moyi, qand, mum va organik kislotalar olinadi. Qubbasining damlamasi tabobatda peshob haydovchi, balg‘am ko‘chiruvchi va ovqat hazmini yaxshilovchi malham sifatida keng ishlatiladi.

Soha mutasaddilari mazkur jihatlarni inobatga olib, asosiy e’tiborni viloyat iqlimi sharoitiga mos archa, qayrag‘och, oq qayin kabi manzarali daraxtlar ekishga qaratmoqda...

Taraqqiyot va yuksalish

Sirdaryo viloyatiga xizmat safari davomida guvoh bo‘ldik bu jarayonga. Taajjublanganimiz rost. Hamrohimizdan “Bu yer chindan ham Sirdaryomi”, deb so‘radik. U tabassum bilan biz tomonga bir qaradiyu, “Albatta-da...”, dedi.

Uning aytishicha, biz hozir so‘nggi uch-to‘rt oy ichida amalga oshirilgan ishlarning ayrimlarigagina guvoh bo‘libmiz, xolos. Bundan tashqari, shu vaqt ichida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashagan “Sirdaryo best fashion”, temir beton tayyorlaydigan “Sohil ummon baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari singari o‘nlab loyihalar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilgan. Umuman, joriy yilda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda qiymati 1,5 trillion so‘mlik 1499 loyiha amalga oshiriladi va qariyb 22 ming ish o‘rni yaratiladi.

Mezbon yo‘l-yo‘lakay Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mamlakatimizni yanada rivojlantirishning besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq Sirdaryo viloyatida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, viloyatda umumiy qiymati qariyb 59 million dollar bo‘lgan beshta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Masalan, kelgusi ikki yilda Sayxunobod tumanida to‘qimachilik sohasida katta bir loyihani joriy etish hisobidan ip-kalava tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 147 loyiha amalga oshiriladi. Chunonchi, joriy yilda Sirdaryo tumanidagi “Fayz” qo‘shma korxonasida g‘o‘zapoyadan yog‘och-qipiqli plita ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

O‘ndan ortiq tibbiyot maskanini kapital ta’mirlash va ularni 43 tomograf, 326 rentgen, 320 UZI apparati va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan qo‘shimcha jihozlash ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda Yangiyer shahri, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlari, 2021-yilda Guliston, Boyovut, Sardoba, Xovos va Oqoltin tumanlarini subvensiyaga qaramlikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Xo‘sh, bu natijalarga qanday va nimaning hisobidan erishiladi?

Guliston tumani misolida aytadigan bo‘lsak, kelgusi yillarda 282 yangi obyekt ishga tushirilishi va mahalliy byudjetga soliq to‘lovlari 27 milliard so‘mga ko‘payishi hisobidan byudjet xarajatlarining to‘la qoplanishi kutilmoqda. Xususan, 2018-yilda “Mili Guliston” korxonasi tomonidan 20 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, yiliga 10 ming tonna ip-kalava, 15 million kvadrat metr ip-gazlama, 2 ming tonna trikotaj ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Guliston tumanidagi “Baraka tekstil” korxonasi tomonidan 4 ming 500 tonna ip-kalava ishlab chiqarish va uni bo‘yash, 10 million kvadrat metr paxmoq mato ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Eksport masalasiga yengil qarab bo‘lmaydi. Chunki valyuta fondining yuksalishida bu jihat asosiy omil sanaladi. Viloyatning hududiy eksport hajmini kamida 1,2 barobar oshirish, eksport faoliyatiga yana kamida 30 korxonani jalb etish mo‘ljallangan.

Shirin va Yangiyer shaharlari, Boyovut, Guliston, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos tumanlaridagi dehqon bozorlarini tubdan rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda...

Bular Sirdaryo viloyatida erishilayotgan iqtisodiy yutuqlar, taraqqiyot istiqbollari, aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish yo‘lida qilinayotgan ishlardan bir shingil, xolos. Fan-ta’lim, sport, madaniyat va boshqa ko‘plab sohalarda faxr bilan so‘zlaydigan ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasining zamirida inson va uning manfaatlari mujassam.

Tiniq tonglar shukronasi

Safarimiz qaridi. Biz o‘tirgan “Cobalt” Sirdaryodan qo‘zg‘aldi. Viloyatda keyingi oylarda amalga oshirilgan ishlar, vohaning bugungi ko‘rku-tarovati qalbimizda bir olam taassurot qoldirdi. Sirdaryoga fayzu baraka, tarovat kirganiga, odamlarda ertangi kunga ishonch har qachongidan ham kuchayganiga yana bir bor amin bo‘ldik. Beixtiyor atoqli shoir Oybekning “Hayot qo‘shig‘i” yodga tushadi.

Quyosh, nuring to‘ka ber mo‘l-mo‘l!
Bahor, ketma bizning boshlardan.
Yurtimizda qolmasin dasht-cho‘l,
Chaman kulsin hatto toshlardan!

Oybek domla bu she’rni 80-yil avval bugungidek farahbaxsh kunlar saodatini orzulab yozgan. Tiniq tonglar shukronasi, ona zamin saxovati, jannatmonand yurt jozibasidan sarmast yashayotgan har qaysi yurtdoshimiz bugun bu munavvar orzuning cheksiz ijobatiga guvoh.

Ana, boboquyosh zarrin nurlarini zaminimiz uzra taratmoqda. Fasllar kelinchagi – bahor o‘lkamizga sepini yoymoqda. Yurtimizda dasht-cho‘l qolmadi. Hatto toshlar ustida ham chaman undi, unmoqda...

Bekzod Hidoyatov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
4 769






Все о погоде - Pogoda.uz