O‘zA O`zbek

11.07.2019 20:33 Chop etish versiyasi

Buyuk kuch-qudratingga taʼzimdamiz, istiqlol!

Buyuk kuch-qudratingga taʼzimdamiz, istiqlol!

Ajdodlarimiz bir umr orzu qilib yashagan istiqlolni yaratganning biz uchun buyuk inoyati, deb bilamiz. Erkin va obod hayotimizni, nurli kelajagimizni belgilab bergan, oʻzligimizni anglatgan mustaqillik kuni bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Bu gaplar dunyoning qaysidir burchagida kimlar uchundir ehtimol balandparvoz soʻz boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin biz uchun aslo unday emas. Chunki, 28 yil davomida erishgan ulkan yutuqlarimiz, ongu shuurimizdagi oʻzgarishlar bizning bu masaladagi fikrimizni qatʼiy mustahkamlab, istiqlol gʻoyalariga ishonch tuygʻumizni yanada yuksaltirmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda yuz berayotgan betimsol yangilanishlar yoshu keksaga birdek faxr va quvonch ulashmoqda.

Prezidentimizning 2019-yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bilan yaqindan tanishib, men ana shunday fikrga keldim. Zero, bugun hayotimizda sodir boʻlayotgan tub oʻzgarish va yangilanishlarning barchasi istiqlolning bizga ato etgan buyuk neʼmatidir. Bilasizmi, mazkur qaror bilan tanishar ekanman, oddiy baxshi-shoir sifatida bundan yigirma besh, oʻttiz yil muqaddam xalq ogʻzaki ijodiga boʻlgan munosabatni koʻz oldimdan oʻtkazdim. Ustozlarimizning doʻmbirani yashirincha chertib, hadik aralash terma va dostonlar aytgan yillarini esladim. Oʻtmishda buyuk ajdodlarimiz yaratgan “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish”, “Malla savdogar” kabi dostonlarimizga, milliy xalq hunarmadchiligi durdonalariga eskilik sarqiti, deya baho berilgan suronli yillarni birma-bir yodga oldim. Tomiri ming yillarga borib taqaladigan ilohiy sanʼatimiz oʻtgan asrda boshidan oʻtkazgan bunday ogʻir yillarni mustaqillik yoshlari bilmasligi mumkin. Biroq, biz keksa avlod vakillari qalbida bu holatlar bir jarohat boʻlib qolgan. Ana shu jarohatimiz istiqlol sharofati bilan tuzalayotganiga har tong shukrona aytamiz.

Oʻrni kelganda aytish kerakki, bundan yigirma sakkiz yil ilgari yurtimizda esgan mustaqillik shabadalari hozirgidek goʻzal va farovon turmushni orzu qilib bu dunyodan oʻtgan baxshi-shoir, oqin va jirovlarimizning endilikda ruhini shod etayotgani ham oʻz erkimizga oʻzimiz egalik qilganimizning yorqin ifodasidir. Bunga oʻtgan asrda toptalgan, eskilik sarqiti sifatida pisanda qilingan xalq ogʻzaki ijodimiz nodir namunalarini qayta tiklash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar yaqqol dalildir. Xususan, shunday ezgu maqsad yoʻlida yigirma yil muqaddam Termiz shahrida “Alpomish” dostoni yaratilganining ming yilligi keng nishonlandi. Oʻtmishdan sayqal topib, noyob milliy maʼnaviy boyligimizni el orasida keng targʻib qilayotgan, faxr bilan kuylab kelayotgan baxshi-shoirlar xizmatini munosib ragʻbatlantirish uchun “Oʻzbekiston Xalq baxshisi” unvoni taʼsis etildi. Baxshilar festivali va koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish ajoyib anʼanaga aylandi. Ammo bu sohaga keyingi yillarda koʻrsatilayotgan eʼtibor butun sayyoramizni lol qoldirmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Gapning rosti bunday oʻzgarishlarni dostonlarni buyuk madaniy meros sifatida eʼzozlaydigan xalqimiz ham, uni el orasida keng targʻib etadigan noyob isteʼdod sohiblari ham baxshichilikning bugungidek qadr topishini, nafis soʻz sanʼatimiz dunyo hamjamiyatining nodir mulkiga aylanishini, dunyo baxshilarini har ikki yilda bir marta mamlakatimizda birlashtirishni, yurtimizda barcha sharoitlarga ega zamonaviy baxshilar maktabi barpo etilishini xayollariga keltirmagan edi.

Davlatimiz rahbarininng 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Alpomish va Barchinoylar yurti – Termiz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik festivali faqat bizning mamlakatimizda emas, balki dunyo miqyosida olamshumul ahamiyatga ega tarixiy voqea boʻldi. Dunyo baxshilari va folklorshunos olimlarini janubdagi vohaga jamlagani, ular bilan bir sahnada doston kuylash baxtiga musharraf boʻlganimiz faxr-iftixor hissimizni yanada oshirdi.

Surxondaryo viloyatida mazkur festivalga tayyorgarlik koʻrish asnosida koʻplab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani, Sherobod dostonchilik maktabi asoschisi Sherna baxshi qabrini obodonlashtirishga kirishilgani, qator dostonlar nashr etilgani ham mamlakatimizda soʻnggi yillarda baxshichilik sanʼatiga qaratilayotgan beqiyos eʼtibor samarasidir. Termiz shahrida baxshilar maktabi va qator tumanlardagi musiqa hamda sanʼat maktablarida baxshilar sinflari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ajdodlardan meros qolgan bu sanʼat kelajagini yanada mustahkamlagani bilan ahamiyatli boʻldi. Xalqimiz qadimdan eʼzozlab, avaylab-asrab kelgan dostonlarni bizga tuhfa qilgan qalbi pok ulugʻ ajdodlarimiz ruhini shod etdi. Misol uchun, bundan uch yil ilgari ot haqida yozgan “Jiyron qashqa tulporim” dostonimni nashr ettirgan edim. Buni qarangki, festival arafasida ustozim Chorsha baxshidan oʻrgangan “Alpomish” va oʻzim yod olgan “Oltin qovoq” dostonim nashr qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston xalq baxshilari Shoberdi baxshi Boltayevning “Malla savdogar”, Shodmon baxshi Xoʻjamberdiyevning “Surxonim doʻmbirasi” kitoblari hamda Umr Shoir va Avliyoqul Mardonaqul oʻgʻlining “Alpomish” dostonlari, qator ilmiy-ommabop risolalar chop etildi. Bularning barchasi Vatanimizda baxshichilikni davlat darajasida qoʻllab-quvvatlab, rivojlantirishga, kelgusi avlodlarga beshikast yetkazishga qaratilayotgan yuksak gʻamxoʻrlik namunasidir. Ayting, bundan 25-30 yil avval biz xalq ogʻzaki ijodimiz va uning fidoyi kuychilarini ana shunday yuksak darajada eʼzozlashimiz, ulugʻlashimiz uchun sogʻlom muhit, imkoniyat bormidi? Yoʻq, albatta! Bunga oʻsha zamon mafkurasi yoʻl qoʻymas edi. Mamlakatimizda olib borilayotgan bu singari mardonavor xayrli ishlar kelajakda mardlik va jasoratni, fidoyilik va sof muhabbatni, yurtimizda yuz berayotgan tub oʻzgarishlaru, yangiliklarni baralla tarannum etadigan yangi dostonlar yaratishga ishonch tuygʻumizni yuksaltirmoqda, barchani birdek xushnud etmoqda. Biz, baxshilarga esa ilhom bagʻishlab, mamlakatimizdagi oʻzgarishlar haqida terma va dostonlar kuylashga undayotir:

Yurtimiz boʻylab mustaqil kezib yurdim elma-el.

Dala, togʻu bogʻlarda xonish qiladi bulbul.

Mustaqillik elimning qaddini tik qilibdi.

Shaharu qishloqlar ham birdek obod boʻlibdi.

Bunday goʻzal goʻshada arilar yigʻadi bol,

Buyuk kuch-qudratingga taʼzimdamiz, istiqlol!

Shu oʻrinda yana bir gapni aytishim kerakki, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida qabul qilingan ushbu qarordan ilhomlanib, faqat baxshichilik sanʼati yoʻnalishida yuz bergan oʻzgarishlarga qisqacha toʻxtaldim, xolos. Boshqa soha va tarmoqlardagi yangilanish va oʻzgarishlarning har biri alohida-alohida doston uchun mavzu boʻladi. Bu haqda ham mazkur sohalarning mutaxassislari oʻz fikr-mulohazalarini bildirishiga ishonaman.

Abdunazar POYONOV,
Oʻzbekiston xalq baxshisi.

OʻzA
796