Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 19:00 Chop etish versiyasi

Buyuk kelajakka qat’iy ishonch bilan

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan "Buyuk kelajakka qat’iy ishonch bilan!" shiori ostida talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

San’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim maskanlarining mutasaddilari, talaba-yoshlar, o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etgan mazkur uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, uning har bir yigit-qiz hayoti, taqdirida o‘z ifodasini qay tarzda topayotgani xususida atroflicha so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, salohiyati va qiziqishini yuzaga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni mamlakatimizga mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni xolis tahlil etish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Muloqot chog‘ida ta’kidlanganidek, yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan amaliy sa’y-harakatlar ta’limning barcha bo‘g‘inlarini tubdan takomillashtirish, yigit-qizlarning mehnat bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini oqilona va samarali tashkil etish, milliy hayot tarzimizga zid va zararli bo‘lgan g‘oyalardan ishonchli himoyalash imkonini bermoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgani, unda tinchlikparvarlik, insoniylik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining teran ifoda etilgani xalqaro miqyosda alohida e’tirof etilmoqda.

– Bugungi uchrashuv davomida yoshlarga taalluqli barcha dolzarb masalalar keng va to‘laqonli qamrab olingani e’tiborga molikdir, deydi institut magistranti Gavhar Nazarova. – Mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, porloq istiqboli uchun hamma sharoitlar yaratilmoqda. Bunday imkoniyatlarga munosib bo‘lish, ularning qadriga yetish, mustaqillik ne’matlarini asrab-avaylash bizning burchimizdir.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlarga oid ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy, ma’naviy dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi. Iste’dod sohiblarining ijodiy imkoniyatlarini namoyish etishga oid turli ma’rifiy loyihalar, konsertlar, ko‘rik-tanlovlar qamrovni kengaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
805






Все о погоде - Pogoda.uz