Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 17:01 Chop etish versiyasi

Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz

Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz Ana shunday shior ostida Jizzax viloyatida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Mudofaa vazirliklari, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari, boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda taniqli shoir-yozuvchilar, olimlar, sportchilar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, harbiylardan iborat targ‘ibot guruhlari joylardagi ta’lim muassasalari, madaniyat va san’at maskanlari, xiyobonlar, Mehribonlik va Muruvvat uylari, mahallalar, harbiy qismlarda bo‘lib, uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Targ‘ibot tadbirlari yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli tahdidlardan ishonchli himoya qilish, navqiron avlodda mustahkam mafkuraviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirishga qaratilgan.

To‘rt guruhga bo‘lingan targ‘ibotchilar birinchi kuni Arnasoy, Baxmal, Sharof Rashidov, Do‘stlik tumanlaridagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari va mahallalarda bo‘ldi.

Do‘stlik tumani madaniyat va aholi dam olish maskanida o‘tkazilgan tadbirda sanoat va xizmat ko‘rsatish hamda tibbiyot kollejlarining 400 dan ziyod o‘quvchisi ishtirok etdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist B.Muhammadkarimov, taniqli shoir Mirza Karim, kinoaktrisa A.Esembetova, estrada xonandasi N.Yandasheva va boshqa bilan uchrashuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

– Biz, mustaqillik tufayli hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘aymoqdamiz, – deydi Do‘stlik sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi X.Islomova. – Davlatimizning yosh avlodga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligiga Vatanga sidqidildan xizmat qilish, uni xalqaro miqyosda ulug‘lash bilan javob beramiz.

16.JPG

Shunday tadbirlar tumandagi "Farhod" kinoteatri, Do‘stlik qishloq xo‘jalik kolleji, “Berdiboy Bo‘riboyev” fermer xo‘jaligi, 5-musiqa va san’at maktabi hamda 1-, 4-, 9-umumta’lim maktablarida ham bo‘lib o‘tdi.

Targ‘ibot tadbirlari doirasida korxona va ta’lim muassasalarida xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Ulardan davlat va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz, tinchligimiz posbonlari bo‘lgan harbiylar, el-yurt farovonligi va ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotgan fermerlar, dehqonlar, chorvadorlar, bog‘bonlar, shifokorlar va boshqa soha vakillarining fotosurati, ularning sermahsul hayot yo‘li haqidagi qisqacha ma’lumotlar o‘rin olgan.

Tadbirlar doirasida, shuningdek, davra suhbatlari, sport musobaqalari, konsert-tomoshalar, harbiy qismlarga yoshlarning tashrifi, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar uchun muruvvat tadbirlari tashkil etilmoqda.

"Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz!” shiori ostidagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
4 254






Все о погоде - Pogoda.uz