Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 19:10 Chop etish versiyasi

Buyuk insonlar xotirasi unutilmaydi

Surxondaryo viloyati Denov tumani Ozod mahallasida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Sharof Rashidovning o‘ta murakkab yillarda O‘zbekistonga rahbarlik qilgani, respublikani rivojlantirish yo‘lida salmoqli ishlarni amalga oshirgani, bir yoqlama mafkura hukmron bo‘lgan mustabid tuzum davrida sermahsul ijodi bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgani ta’kidlandi. Yirik davlat arbobi va serqirra ijodkor o‘zining jasoratga yo‘g‘rilgan hayot yo‘li, el-yurt farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ishlari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

– Sharof Rashidov o‘ta murakkab va mashaqqatli davrda yurtimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi, adabiyotimiz va madaniyatimiz rivoji yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi, – deydi akademik Baxtiyor Nazarov. – Bunday jasoratni, fidoyilik va xalqparvarlik kabi yuksak fazilatlarni yoshlarimiz ongu shuuriga chuqur singdirish ularda Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik sharofati bilan atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov nomi berilgan ushbu xo‘jalik iqtisodiy-ijtimoiy yuksalmoqda. Zamonaviy turar joylar, servis va xizmat ko‘rsatish binolari, ijtimoiy obyektlar, keng va ravon yo‘llar bunyod etilmoqda. Tadbirkorlik, fermerlik harakati odamlarning turmush darajasini tubdan o‘zgartirayotir. Aholi tomorqasida barpo etilgan zamonaviy issiqxonalar odamlarning qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda.

Xo‘jalik markazida ulug‘ ajdodimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ifodasi sifatida yodgorlik o‘rnatilgan. Tevarak-atrofi obodonlashtirilib, anvoyi gullar ekilgan bu maskan hamisha gavjum.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan juda quvondik, – deydi mehnat faxriysi O‘rol Safarov. – To‘g‘ri, o‘tgan asrda biz uchun ardoqli insonga aylangan ul zot nomiga vafotidan so‘ng ayrim insonlar “tosh” ham otdi, noo‘rin gap-so‘zlar ham aytib ko‘rdi. Lekin, xalqimiz uning fidokorona mehnatlarini unutmadi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan nomi oqlanib, adolat qaror topdi. O‘shanda xo‘jaligimizga Sharof Rashidov nomi berilganidan g‘ururlanib, oqsoqollar bilan maslahatlashgan holda shu yerga yodgorlik o‘rnatgan edik. Bugun bu yer so‘lim bog‘ va gulzorga aylangan.

Tadbirda o‘quvchi-yoshlar Sharof Rashidov asarlaridan namunalar o‘qidi, sahna ko‘rinishlari namoyish etdi. Yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 116






Все о погоде - Pogoda.uz