Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 18:11 Chop etish versiyasi

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy mangu barhayot

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy mangu barhayot Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mamlakatimizda ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish, uni dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

9-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida shoir tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

12.JPG

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, navoiyshunos olimlar, adib va shoirlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

1.jpg

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, navoiyshunos olim U.Jo‘raqulov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida shoir xotirasi abadiylashtirilgani uning jahon adabiyoti xazinasiga qo‘shgan buyuk hissasi hamda cheksiz iste’dodiga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi ekanini ta’kidladi.

17.JPG

Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas bir siymo hisoblanadi. Iste’dodining ulug‘vorligiyu teranligi jihatidan ham, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei yuzasidan ham, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot ahliga ko‘rsatgan homiyligi jihatidan ham o‘xshashi yo‘q siymo.

Buyuk mutafakkir bobomizning eng muhim maqsadi va asl maslagi inson ko‘nglini obod etish edi:

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron o‘lsa obod aylagay…

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari buyuk ajdodimizning o‘lmas bunyodkorlik g‘oyalari uning avlodlari tomonidan munosib davom ettirilayotganidan dalolatdir.

3.JPG

– Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyni bugun butun dunyo e’tirof etadi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov. – U zotning siymosi mangu barhayotdir. Men Alisher Navoiy siymosini gavdalantirish baxtiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyatda shodman. Hazratning yuksak ruhiy-ma’naviy qiyofasini ochib berish katta mas’uliyat yuklaydi. Xalqimiz she’rxonlikni yaxshi ko‘radi, adabiyotni sevadi, Alisher Navoiyni mangu ardoqlaydi.

20.JPG

Darhaqiqat, Alisher Navoiyni qanchalar yuksaklarga ko‘tarsak-da, ta’rifiga so‘z topish mushkul. Ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz u zot haqida bebaho fikrlarini bayon qilgan. Jumladan, uning do‘sti, muxlisi Husayn Boyqaro “Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojizturur”, desa, Davlatshoh Samarqandiy “Bu ulug‘ amir dinu davlat homiysi, shariat hamda millatning pushti panohidir”, deya ta’rif bergan.

26.JPG

O‘zbekiston xalq hofizlari A.Ibrohimov va B.Do‘stmurodov ijrosida Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi. Yosh shoir B.Elmurod Hazrat Navoiyga bag‘ishlab yozgan she’rini, aktyor S.Sattorov Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonini ko‘chirgan kotib Muhammad Yusuf ibn Usta Qalandar Marg‘inoniyning ulug‘ shoirga bag‘ishlangan madhiyasini o‘qib berdi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Akmalov ishtirok etdi.

* * *

Shu kuni poytaxtimizdagi Shoirlar xiyobonida ham buyuk bobokalonimiz tavalludiga bag‘ishlangan mushoira bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba va o‘quvchi-yoshlar qatnashdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, navoiyshunos olim A.Qayumov va boshqalar Alisher Navoiyni o‘qish va uqish, o‘rganish, targ‘ib qilish, ayniqsa, yoshlarimizga o‘zligini anglatish, ma’naviyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida, umuminsoniy g‘oyalar asosida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

29.JPG

– Alisher Navoiyning tavallud ayyomi xalqimiz, butun dunyo uchun adabiyot bayrami desak arziydi, – deydi yosh shoir Bahodir Bahrom. – Boisi, Alisher Navoiy o‘zining ijodi, insoniy g‘oyalari bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgan. Hazratning so‘z mulkining sultoni, deb atalishi ham bejiz emas. Shu paytgacha dunyo adabiyotida ulug‘ mutafakkir bobomizchalik biron ijodkor o‘z ijodida ko‘p va xo‘b so‘z ishlatgan emas. U kishining ma’naviy merosi xalqimiz uchun bitmas-tuganmas xazinadir.

Alisher Navoiy asarlaridan namunalar o‘qildi. Faol o‘quvchilarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.

Buyuk shoir tavalludiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda.

Bayram Aytmurodov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
10 902