O‘zA O`zbek

05.03.2018 14:27 Chop etish versiyasi

“Buyuk allomalar muzeyi” — Davlatimiz rahbari taklifi bilan muzey shunday nomlandi

“Buyuk allomalar muzeyi” — Davlatimiz rahbari taklifi bilan muzey shunday nomlandi
Qo‘qonda shahar musiqali drama teatri, “Buyuk allomalar muzeyi” va teatr, san’at va madaniyat xodimlari uchun yangi uy-joy binosini o‘z ichiga olgan ansambl barpo etildi

– Davlatimiz rahbari teatrga tashrif buyurganida butun jamoamiz bilan quvondik, – deydi Qo‘qon shahar musiqali drama teatri direktori Husanjon Eshmatov. – Teatrimizga 1915 yilda Shohid Miroqilov tomonidan asos solingan. O‘tgan bir asrlik davr mobaynida zabardast ijodkorlar tomonidan ko‘plab shoh asarlar teatrimiz sahnasiga olib chiqilgan, muvaffaqiyat qozongan. Biroq so‘nggi yillarda teatr binosi ta’mirtalab holda edi. Prezidentimizning topshiriqlari asosida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari madaniyat va san’at xodimlariga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.

1.JPG

O‘tgan davr mobaynida teatr binosi tubdan yangilandi. Aktyorlarning ishlashi, dam olishi, spektakllarga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha qulayliklar, sharoitlar yaratildi. Bu esa jamoaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab ularni yanada yaxshiroq ijod qilishga, tomoshabin uchun eng sara obrazlarni jonlantirishga undamoqda. Teatr jamoasiga “Isuzi” avtobusi sovg‘a qilingani va “Neksiya-3” xizmat avtomashinasi berilgani jamoani yanada ruhlantirdi, olis hududlardagi muxlislariga ham ijod namunalarini hadya etish imkoni tug‘ildi.

Teatr ro‘parasidagi Yangi chorsu ko‘chasida 3 qavatli 36 xonadondan iborat yangi uy-joy binosi qurib bitkazildi va imtiyozli kredit asosida teatr, san’at va madaniyat xodimlariga berildi. O‘zbekiston xalq artisti Shafoat aya Rahmatullayevaga ham yangi uyning ikkinchi qavatidan ikki xonali xonadon Prezident sovg‘asi sifatida berildi.

Biz Shafoatxon aya bilan yangi xonadonda uchrashdik. Zamonaviy andozalar asosida qurilgan xonadon barcha qulayliklarga ega, mebel jihozlari bilan ta’minlangan.

11.JPG

– Yurtboshimiz tashriflaridan so‘ng shahrimiz yanada ravnaq topdi, – deydi Shafoat aya Rahmatullayeva. – Ayniqsa, teatrda bo‘lgan o‘zgarishlar bugun barchamizni quvontirdi, kuchimizga kuch qo‘shib ijodiy izlanishlarga chorlamoqda. Teatr xodimlari uchun qurib bitkazilgan bu uy-joy esa olis qishloqlardan qatnab ishlaydigan ijodkorlarimizga qanot bag‘ishladi. Mana bu uy menga katta tuhfa bo‘ldi. Ijodimni qadrlagan, hurmat qilgan xalqimizdan, farzandlarimday bo‘lib qolgan jamoamdan, Yurtboshimizdan minnatdorman. Yana ko‘p yillar xalqimizga xizmat qilishni, shogirdlarimga bosh-qosh bo‘lishni niyat qildim.

Ansambldan o‘rin olgan “Buyuk allomalar muzeyi” ham milliy qadriyatlarimiz, milliy ma’naviyatimizning eng noyob boyliklarini o‘zida jamlagan. Muzeyning ilmiy konsepsiyasi yangitdan ishlab chiqildi va uning asosida tematik ekspozitsiya rejasi tuzildi va ekspozitsiya ishlari boshlab yuborildi.

– Muzeyni davlatimiz rahbari taklifi bilan “Buyuk allomalar muzeyi” deb nomladik, – deydi muzey direktori R.Ziyayev. – Muzeyda o‘rta asrlar, Temuriylar davri, Qo‘qon xonligi va mustamlakaga qadar yashab ijod etgan allomalarimizga oid eksponatlar, asarlar, suratlar yig‘ilmoqda. Bu yerga tashrif buyuruvchilar buyuk ajdodlarimiz hayoti, bosib o‘tgan yo‘llari, ijod mahsullari haqida to‘laqonli ma’lumot oladi. Buyumlar, turli idishlar esa o‘sha davr turmush tarzidan darak beradi.

Ha, bugun Qo‘qon shahrida bo‘lgan kishi bunday bunyodkorlik ishlaridan yanada zavqlanadi, ko‘nglida mamnunlik uyg‘onadi. Ayniqsa, madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor ham ma’naviy kamolot sari qo‘yilayotgan qadam aslida. 

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA

Ushbu maqola O‘zA obunachilariga taqdim etilgan yangilikning bir qismi bo‘lib veb saytda qisqartirilgan shaklda chop etildi.

7 395