Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.05.2018 15:35 Chop etish versiyasi

Buyuk adib ijodiga bag‘ishlandi

Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi, osoyishtaligi, kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida samarali faoliyat olib borgan.

Yozuvchining “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori" kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulug‘ adib xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor namunasidir.

Buxoro shahridagi 28-umumta’lim maktabida ushbu qaror ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi, ijodiy faoliyati haqida so‘z yurtildi.

– Adibning badiiy barkamol asarlari gumanizm va ezgulik g‘oyalari, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, – deydi 28-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dildora G‘afforova. – Shu sababli uning asarlari mamlakatimizda ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda. Xalqimiz bu asarlarni o‘zgacha mehr va qiziqish bilan qarshi oladi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan adibning “Asrga tatigulik kun” asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 433