Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2018 15:36 Chop etish versiyasi

Buyuk adib Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanadi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2 apreldagi "Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar mazkur qaror o‘zbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti bo‘lgan buyuk ijodkorga yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida qardosh qirg‘iz xalqi bilan yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda, adabiyot, madaniyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi.

Atoqli adib nafaqat qirg‘iz elining, balki butun dunyoning buyuk shaxsi edi. Uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori" kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Ayniqsa, xalqimiz uning asarlarini o‘zgacha mehr va qiziqish bilan qarshi oladi. Chunki ulug‘ adibning yurtimizga, xalqimizga bo‘lgan muhabbati, hurmati cheksiz va buyuk edi. Chingiz Aytmatov adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixini yuksak baholab, "Qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin" degan purma’no so‘zlari, o‘z taqdirini o‘zbek xalqi taqdiriga o‘xshatishi uning ana shu ulkan mehr-muhabbatining ifodasi edi.

Qarorda ta’kidlanganidek, o‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.

Atoqli yozuvchi o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasidir.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirayotgan ezgu sa’y-harakatlari yurtimizda yashayotgan qirg‘iz millati vakillarini cheksiz quvontirmoqda, – deydi O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi R.Jabborov. – Davlatimiz rahbarining "Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarni yanada rivojlantirishiga ishonchimiz komil.

Qarorda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash, “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish, Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish, yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish, Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish, Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-umumta’lim maktabida adib byustini o‘rnatish, “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish, mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish, 2018 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillarining hisobotlari tinglandi, kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov so‘zga chiqdi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
7 444