O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Buxoroda ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqariladi

Buxoroda ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqariladi

Buxoro viloyati Kogon shahridagi erkin iqtisodiy zonada ish boshlayotgan “Qizilqum class invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mamlakatimizda yagona sub’ekt bo‘ladi.

U o‘z hududidan uncha olis bo‘lmagan karerdan olinadigan xom ashyo asosida ishlaydi. Mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ne’mat Mansurovning aytishicha, Buxoro ohaktoshi namunalari Yaponiya va Italiyadagi tegishli laboratoriyalarda o‘rganildi. Natija juda yaxshi. Xom ashyo tarkibining sifati va boshqa qator xususiyatlari yuqori baholangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ohaktoshning bir tonnasini qayta ishlash jarayonida unga polimer birikmasini qo‘shgan holda 800 kilogramm qog‘oz olish mumkin ekan. Undan esa gazetabop qog‘oz hamda qog‘oz mahsulotlari – devoriy gulqog‘oz, shuningdek, bir marta ishlatiladigan tarelka va boshqa idishlar ishlab chiqariladi.

Loyiha iqtisodiy jihatdan foydali. Xususan, u chetdan olib kelinadigan qog‘oz importi uchun sarflanayotgan katta miqdordagi xorijiy valyuta tejab qolinishiga xizmat qiladi.

Korxonaning oylik quvvati o‘rtacha 70 ming tonnadan ziyod. Uning loyiha-smeta qiymati 136 million dollardan iborat. Moliyalashtirish Malayziyadagi hamkor investorning to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilinadigan mablag‘i hisobiga amalga oshiriladi.

Ta’kidlash kerak, Buxoro viloyatida kichik biznesni rivojlantirish va ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlashda muayyan tajriba to‘plangan. Mazkur yo‘nalishda viloyat hokimligida har haftaning chorshanba kuni “Investorlar kuni” tadbiri o‘tkazilmoqda. Unda mahalliy va xorijiy tadbirkorlarning 2019–2021 yillarda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Yuqorida tilga olingan ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasi ham viloyat hokimi O‘.Barnoev va uning tegishli soha bo‘yicha o‘rinbosarlari, mutaxassislar, banklar mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda Kogon shahri hokimligi va tashabbuskor MChJ rahbarining reja-takliflari o‘rganildi. Albatta, muammolarga ham e’tibor qaratildi. Viloyat rahbari loyiha chuqur o‘rganib chiqilishini va, albatta, qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Taqdimot tadbirida Qorako‘l tumanida turkiyalik investorlar ishtirokida akril tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish va bo‘yash, undan trikotaj mahsulotlari tayyorlash korxonasini barpo etish, Jondor tumanida afg‘onistonlik investor ko‘magida elektr kabellar, avtomashinalar metall disklari va xo‘jalik mollari – turli o‘lchamdagi po‘lat qozonlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ATU Buxara” qo‘shma korxonasini tashkil etish loyihalari ham muhokama qilindi. 

Tadbirda amalga oshirilayotgan loyihalarni tezlashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Umuman, “Investorlar kuni”da umumiy qiymati qariyb 300 milliard so‘mlik bo‘lgan 16 ta istiqbolli loyiha ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati ikki yilga mo‘ljallangan. Diqqatga sazovor jihati shundaki, yaqin bir yil ichida amalga oshirilishi kutilayotgan biznes rejalari evaziga joylarda 700 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

420
Erkin YoDGOROV, O‘zA