O‘zA O`zbek

22.02.2018 16:43 Chop etish versiyasi

Buxoroda joriy yilda 8,6 ming tonnadan ziyod baliq yetishtiriladi

Buxoroda joriy yilda 8,6 ming tonnadan ziyod baliq yetishtiriladi Buxoro viloyatida 240 fermer xo‘jaligi va boshqa subyektlarga qarashli 1 ming 600 gektardan iborat sun’iy hovuzda baliq parvarishlanmoqda. Ular orasida tashkil etilganiga hali bir yil ham to‘lmagan “Buxorobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati alohida o‘rin tutadi.

Uni cohaning o‘ziga xos kichik klasteri ham deyish mumkin. Boisi, mazkur korxonada baliq yetishtirish bilan bog‘liq jarayonlar uzviy, ya’ni yagona texnologik zanjir asosida bog‘langan.

4.jpg

Prezidentimiz 2017-yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha qator tavsiyalar bergan edi. Shunga muvofiq, o‘tgan vaqt mobaynida Buxoro tumanida “Buxorobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. “Ipotekabank” viloyat filialining krediti va ulushi, loyiha tashabbuskorlarining jami 7 milliard so‘mlik mablag‘i hisobidan 90 gektarlik maydonning 70 gektarida hovuz qazildi. Hovuz yonida zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish majmuasi ham barpo etildi. Shuningdek, hududda 5 gektar bog‘ yaratildi.

Joriy yilning 16-17 fevral kunlari Prezidentimiz islohotlarning borishi va ishlab chiqilgan loyihalarning amalga oshirilishi jarayoni bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida mazkur baliqchilik xo‘jaligida bo‘lib, bu yerdagi ishning tashkil etilishini yuqori baholadi.

6.jpg

– Baliqchilikda ham naslchilik muhim rol o‘ynaydi, – deydi “Buxorobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ilmiy maslahatchisi, biologiya fanlari nomzodi Davron Niyozov. – Bizda bu masalaga alohida e’tibor qaratiladi. Inkubatsiya seximizda yiliga 60 million chavoq yetishtiriladi. Bu yerda biroz e’tiborsizlik ham baliqlarning zaiflashuviga sabab bo‘lishi hech gap emas. Shuning uchun chavoqlar parvarishi, xona harorati mo‘tadil bo‘lishi qat’iy nazoratga olingan.

Inkubatsiyadan chiqarilgan chavoqlar yopiq binodagi kichik hovuzlarda vazni 1,5-2 grammga yetguncha boqilib, ochiq havza hududidagi har qaysisi 1 gektarlik to‘rtta maxsus hovuzda bosqichma-bosqich “yozlik parvarish” davrini o‘taydi. Ular vazni 35-50 grammga yetgach, maxsus hovuzda qishlaydi. Bahorda esa katta suvga qo‘yib yuboriladi. Kuzga borib g‘alvir suvdan ko‘tariladi.

11.jpg

Yana bir muhim jihati, majmuada yopiq suv aylanma tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Unda qishda intensiv usulda mo‘l baliq yetishtiriladi.

Korxonada mahsulotni tozalash, qisqa muddatga muzlatish va 200 tonna sig‘imga ega sovutgichlarda uzoq vaqt saqlash uchun maxsus sexlar ham faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, bu yerda baliqni qayta ishlash, ya’ni dudlash texnologiyasi ham mavjud. Xullas, mahsulot bozorga muzlatilgan va tayyor mahsulot holida chiqariladi. Agar inkubatsiyadan chiqarilgan 60 million chavoqning 48 millioni shartnoma asosida turdosh xo‘jaliklarga yetkazib berilishi nazarda tutilsa, korxona qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Albatta, sun’iy hovuz mahsuldorligi ozuqaga juda bog‘liq. Bu masala yechimi puxta o‘ylangan. Korxona yillik quvvati 2 ming tonnadan ziyod ozuqa ishlab chiqaradigan zamonaviy sexga ega. Bu yerda tarkibi makkajo‘xori doni, protein, turli vitamin va boshqa aralashmalar bilan boyitilgan ozuqalar tayyorlanadi. Bundan tashqari, ovlangan baliqlarni tozalashda hosil bo‘lgan chiqindilar qayta ishlanib, ulardan ikkilamchi yemish olinadi.

1 (1).jpg

– Bahor baliqchilar uchun ham mas’uliyatli davr, – deydi “Buxorobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qayum Salomov. – Kichik hovuzlarda sazan, oq amur, oq do‘ngpeshona, chipor do‘ngpeshona, Afrika laqqasi kabi baliq chavoqlarini parvarish qilishni boshlaymiz. Rejaga ko‘ra, kuzda 300 tonnaga yaqin baliq ovlaymiz. Kelgusi yilda mehnat samarasi bundan-da ziyod bo‘ladi. O‘tgan yili kuzda Buxoroga kelgan vetnamlik hamkasblar taklifiga binoan fevral oyi boshlarida Xanoy shahrida bo‘ldim. Baliq yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda katta yutuqlarga erishayotgan xorijliklar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Istiqbolda korxonamiz negizida qo‘shma korxona ham tashkil etmoqchimiz.

Bugungi kunda Buxoro viloyatida umumiy maydoni 56 ming gektar bo‘lgan 8 tabiiy ko‘l va bitta suv ombori, 1 ming 600 gektar sun’iy hovuzlarda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda ulardan o‘tgan yilgiga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p, aniqrog‘i, 8,6 ming tonnadan ziyod mahsulot olinishi ko‘zda tutilgan. Bunda baliqchilik xo‘jaliklari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Buxoro viloyatida baliqchilikni rivojlantirish loyihalariga 2018-2019 yillarda 100 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishi ham soha istiqboliga xizmat qilishi shubhasiz.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
19 452