O‘zA O`zbek

08.03.2018 15:41 Chop etish versiyasi

Buxoro mahsulotlari – Tojikiston bozoriga

Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi “Bahor plastiks” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan kir yuvish vositalariga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab ortmoqda.

Korxonaning “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi bosilgan raqobatbardosh mahsulotlari Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikistonga ham eksport qilinmoqda. Xorijlik buyurtmachilar orasida Tojikiston tobora mustahkam o‘rin egallayotir.

– O‘tgan yili 390 ming dollarlik mahsulotni eksport qildik, – deydi “Bahor plastiks” qo‘shma korxonasi direktori o‘rinbosari Solih Latipov. – Eksportning yarmini tojikistonlik sheriklarimiz buyurtmasi tashkil etadi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichlar yanada salmoqli bo‘lishi kutilmoqda. “Buyurtma portfeli”ga asosan xorijga 1 million, jumladan, Tojikistonga qariyb 500 ming dollarlik mahsulot yetkazib beramiz.

“Bahor plastiks”ning viloyatdagi turdosh korxonasi hisoblangan Buxoro tumanidagi “Buxoro shaten klean” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham qo‘shni mamlakat bozoridan o‘rin topishga ulgurdi. Joriy yilda mazkur subyekt tomonidan 120 ming dollarlik kir yuvish vositalari jo‘natiladi. Bu o‘tgan yildagidan 35 foizga ko‘pdir.

Buxoro viloyatidan Tojikistonga to‘qimachilik va boshqa mahsulotlar ham eksport qilinmoqda. O‘tgan yili uning hajmi 445 ming dollardan oshdi.

O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan iqtisodiy hamkorlik aloqalarida Buxoro viloyatining ham o‘z o‘rni bor. Yaqin kunlarda qo‘shni davlat poytaxti Dushanbe shahrida tashkil etiladigan O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham namoyish etiladi. Bu o‘ziga xos taqdimot tadbirkorlik subyektlarining tojikistonlik ishbilarmonlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini yanada kengaytirish, yangi shartnomalar imzolanishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Erkin Yodgorov, O‘zA
5 471