Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.06.2018 15:51 Chop etish versiyasi

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlik samara beryaptimi?

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlik samara beryaptimi?
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligida ochiq hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining soha bo‘yicha taqdim etayotgan xizmat va vositalardan foydalanish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi tortishuvlar bo‘yicha mediatsiya (yarashtiruv) institutini joriy etish masalalari muhokama etildi.

Agentlik bosh direktori A.Fayzullayev va boshqalar mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish hamda bu borada mavjud muammolarni hal etish talablarini qo‘yayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonuni 2001 yilda qabul qilingan. Mazkur qonun bilan ish yuritish jarayonida vujudga kelgan muammolar tahlili va xalqaro qonunchilik normalarining o‘rganilishiga muvofiq, yig‘ilishda amaldagi qonunning 4, 7, 8, 10, 24, 25, 27, 30 va 32-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklifi muhokama qilindi. Shuningdek, “Mediatsiya to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ko‘rib chiqilayotgani, yarashtiruv institutining keng joriy qilish bo‘yicha amaliy samarasi mavjudligi hamda intellektual mulk, jumladan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida mediatsiya jarayonining amaliyotdagi o‘rni haqida ham batafsil tushunchalar berildi.

– Har bir soha rivojida xalqaro tajribalar muhim o‘rin egallaydi, – dedi Patent talabnomalarining rasmiy ekspertizasi bo‘limi boshlig‘i S.Azimov. – Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, ushbu tashkilot taqdim etgan patent vakillari tomonidan ixtirochilar va kichik korxonalarga bepul huquqiy maslahat berish orqali ularni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun “Inventors assistance program” dasturi, intellektual mulk salohiyatidan foydalangan ravishda rivojlanish sohasidagi aniq muammo va vazifalarga yechim izlovchilar uchun onlayn platforma “Wipo match”, PCT talabnomalarini onlayn ravishda topshirishga mo‘ljallangan “ePCT-Filing” kabi xizmat va vositalaridan foydalanish soha ravnaqida muhim ahamiyatga egadir.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan taklif, fikr-mulohazalar bildirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 800