O‘zA O`zbek

06.06.2019 18:36 Chop etish versiyasi

Bugunning gapi: “TUYA GOʻSHTI YEGAN PENYA”

Bugunning gapi: “TUYA GOʻSHTI YEGAN PENYA”

Yoxud Qarshida tabiiy gaz isteʼmolchilarini nima sarosimaga solayapti?

Shu kunlarda Qarshi shahri gaz idorasiga ishi tushgan deyarli hammaning ogʻzida bir gap: “Qarzim yoʻq, ammo falon soʻm penya chiqibdi. Toʻlamasa boʻlmasmish”. Bu holga faqat bir-ikki kishi duch kelgan boʻlsa ham mayli edi. Tushunsa boʻlardi. Axir intizomsiz isteʼmolchilar ham yoʻq emas-da oramizda. Biroq qizigʻi, dabdurustdan xabari berilgan ushbu “siylov”dan bebahra odamni uchratmaysiz hisobi. Bevosita joyiga borib oʻrganish asnosida ham bunga toʻla ishonch hosil qildik.

Kimdir penya xabarini eshitib sarosimaga tushgan, kimningdir jigʻibiyroni chiqqan. Buni ularning yuziyu soʻzidan bilish ham qiyin emas. Hayratdan yoqa ushlayotgan isteʼmolchilar ham topiladi. Ayrimlarini suhbatga tortdik.

– Qarzni toʻlayman, deb kelsam, 235 ming soʻm penya chiqarib oʻtiribdi, – deydi Qarshi shahri Kat mahallasida yashovchi Tamara Ikromova. – Kompyuterga qarab aytishdi. Hisoblagich boʻyicha oʻtgan oy 6 ming soʻm ishlagan. Doim oyma-oy toʻlov qilib kelganmiz. Ortiqchasi bilan 50 ming soʻm toʻlamoqchi edim. Endi bu ahvol. Nimaga bunday qilishadi, hayronman. Yoʻq joydan penya deb tursa. Oilada bir oʻzim ishlayman. 500 ming soʻm maosh olaman. Osonmas-da. Qay biriga yetkazaman?!

Chaqar mahallalik Gulbahor Xudoyorova ham intizomli isteʼmolchi boʻlish payidagi fuqarolardan. Oʻzi pensioner. Oʻtgan oy foydalanilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlikni soʻndirgani kelgan. Qarzdan qutulgani yetmaganidek, abonent daftarchasi ustiga 186 ming soʻm penya, deb yozib qoʻyishibdi. Shoshib qolgan fuqaro 150 ming soʻmini toʻlab ham beribdi.

Albatta, isteʼmolchilarning iddaosi ham toʻgʻri, eʼtirozi oʻrinli. Toʻlovini oyma-oy qilgan boʻlsa, nega unga penya hisoblanishi kerak? Oʻzi bu chora qachon qoʻllanishi mumkin? Shu oʻrinda masalaning huquqiy tomoniga bir koʻz yugurtirishni lozim topdik.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qaroriga asosan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” tasdiqlangan. Unda keltirilishicha, isteʼmolchi oy tugaganidan soʻng 10 kun mobaynida isteʼmol qilingan gaz hajmi uchun tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari yoki belgilangan meʼyorlar asosida toʻlovni amalga oshiradi. Tegishli muddatda isteʼmol qilingan tabiiy gaz haqi oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda, isteʼmolchi gaz taʼminoti tashkilotiga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya toʻlaydi. Hozirda bu miqdor qarz umumiy summasining 0,1 foizini tashkil etadi.

Bir qarashda bu arzimagan raqamdek koʻrinadi. Aytaylik, isteʼmolchining muddatidan kechikkan 100 ming soʻm qarzdorligi boʻlsa, unga oʻtgan har bir kun uchun 100 soʻmdan penya hisoblanishi, ammo bu miqdor qarz summasining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Demak, fuqarolarga yozib berilayotgan penya bir yo ikki oyda shakllanib qolmagan. Bugun gardaniga hatto 2 million soʻmgacha penya ilingan isteʼmolchilar borligi shunday deyishimizga asos boʻladi. Mana bir misol. Qarshi shahri Gulshan mahallasida istiqomat qiluvchi Nigora Hamidova xonadoniga gaz uchun 1 million soʻmdan ziyod penya hisoblangan.

– Yashab turgan uyimizni 2017-yilda birovdan sotib olganmiz, – deydi fuqaro. – Notariusdan oʻtkazguncha, uy egasi MIBdan gazdan qarzi yoʻq, degan maʼlumotnoma olib kelib beruvdi. Tartibi shunday ekan. Bugun bilsak, 5-6 yilligini koʻtarishibdi. Bizda shuncha penya bor ekan. Qiziq, qarzi boʻlmasa, penya qayoqdan keldi?!100 mingning nari-berisida boʻlsa ham boshqa gap edi. Toʻlab ketardim. Bunga qayerdan topaman pulni. Maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Kommunaldan qarzi yoʻq, degan “spravka” talab qilishadi. Shunga keluvdim oʻzi. Endi bu penyani oyligimdan ushlab qolishmasa yaxshi edi. Qiynalib topgan pulimizni yemay-ichmay, shu penyaga ishlatamizmi?!

Maʼlum boʻladiki, fuqaro yangi uyda yashay boshlaganiga endi 2 yil boʻlibdi. Aytganidek, isteʼmol qilingan tabiiy gaz haqini oydan oyga oʻtkazib ham yubormagan. Chunki ish joyiga doim qarzi yoʻq degan maʼlumotnoma topshirgan. Xoʻsh, shu qisqa fursatda unga 1 million soʻmdan koʻp penya hisoblanishi mumkinmi? Har oyning oxirgi sanasida toʻlov qilgan taqdirda ham buncha chiqmaydi. Qaysi “aqlli” kompyuter hisoblagan buni? Yemagan somsaga pul toʻlashmi bu? Qani bu yerda mantiq, qani adolat?!

Ushbu taʼminot korxonasining boshqa bir mijozi – Qarshi tumanilik A.

Xudoyqulov bilan yuz bergan holat hammasidan oshib tushdi. Isteʼmolchining bildirishicha, bir necha yil oldin unga tabiiy gazdan qariyb 1,5 million soʻm noreal qarzdorlik hisoblangan. Fuqaro buni isbotlab bergach, asossiz qarz tegishli akt hujjati bilan yurituvdan olib tashlangan. Eʼtiborlisi, isteʼmolchi bugungi kunda unga yozilgan 500 ming soʻmdan koʻp penyadan norozi boʻlib abonent kartasini koʻzdan kechirganda, oʻtgan davrdan beri aynan shu qarzdorlik summasiga ham jarima qoʻllab kelinayotgani maʼlum boʻlgan. Shuning oʻziyoq ushbu jarayon xolis kechayotganini shubha ostida qoldiradi.

Qolaversa, odamlarni oʻylantirayotgan boshqa bir savol bor. Taʼminotchi korxona isteʼmolchilarning kechiktirilgan qarzdorlikdan hosil boʻlgan penyasi 5-6 yil davomida yigʻilib borishiga nega yoʻl qoʻyib berdi? Nima uchun uni vaqtida, oyma-oy undirib bormagan, aholini xabardor etmagan? Penya uchun bir oyda 4-5 ming soʻm toʻlagan qaydayu, 72 oyda bir necha million soʻm?! Albatta, ikkinchisi har qanday kishiga ogʻir botadi. Shuningdek, qarzi yoʻqligi haqidagi maʼlumotnomalar nimaga asoslanib yozib berilgan? Xullas, penya masalasi nega aynan hozirgi paytga kelib kun tartibiga chiqarildi? Oldinroq qayerda edi shu gaplar? Ana shunday savollar bilan Qarshi gaz taʼminoti uchastkasi mutasaddilariga yuzlandik.

– “Oblgaz”ga borasiz, penya masalasida ular toʻliq javob berishadi, biz uchastka boʻlib qolganmiz, taʼminot bilan shugʻullanamiz, xolos, – deydi uchastka muhandisi Nodir Sharopov. – Kassada oʻtirganlar ham bizning ishchilar emas. Hammasi MIBning xodimlari. Xullas, penyani biz hisoblamaymiz. 2013-yildan beri kompyuterga kiritiladi. Qarzdorlik boʻyicha 278-sonli qaror bor. Shu boʻyicha tartibga solinadi. Hisob-kitob bizga qaragan payti, 2015-yil aholi janjal qilib kelgach, oʻrtada bir-ikki yil toʻxtadi. Shu yil yanvar oyida Toshkentdan, “Oʻztransgaz”dan komissiya kelib, penyani undirish masalasini koʻtarib ketdi. Boʻlgani shu. Nega qayta joriy qilingani, huquqiy asosini keltirishga vakolatimiz yoʻq.

Maʼsulning soʻzlaridan anglash mumkinki, bu yuqoridan boʻlgan topshiriq. Boz ustiga, penyani undirishni istalgan payti toʻxtatib, yana qayta yoʻlga qoʻyishayotganiga nima deysiz?! Gʻalati-a, shunday emasmi?! Nima, bu ishlar odamlarning asabini sinash uchun qilinadimi? Penyasi tugʻib yotgan isteʼmolchining avval bamaylixotir, xotirjam yurishiga qoʻyib berib, keyin birdan sarosimaga solishdan, falon soʻm penyang, bor deb yurak yorishdan qanday maqsad koʻzlangan?

– Penya kecha yo bugun chiqqan yangilik emas, 2005-yildan beri bor bu chora, – deydi Qashqadaryo boʻyicha gaz taʼminoti filiali direktori oʻrinbosari Shokir Qodirov. –Isteʼmolchi qarzdorligini oyning 10-sanasiga qadar soʻndirmadimi, dastur unga penya hisoblab ketaveradi. Hammasi avtomatik bajariladi. Faqat 50 foizdan oʻtkazmaydi. Bu masala nega hozir asosiy masalaga aylandi? Chunki ilgari eʼtiborsizlik bor edi-da. Endi xalqning oʻzi qoʻzgʻaldi. “Spravka”, shunga oʻxshash u-bu narsa chiqdi. Uyni oldi-sotdi qilayapti, shunda qarzi yoʻqligi haqida maʼlumot olishi kerak. Menda penya bormi-yoʻqmi, deb fuqaroning oʻzi qiziqayapti-da. Avval bu masalada kam odam murojaat qilardi. Endi koʻpaydi. Penya dolzarb boʻlgani sababi ham shu.

Siz mutasaddining gaplaridan nima tushundingiz? Goʻyoki penya degan jabrni aholi oʻzi istab sotib olgan, degan maʼno kelib chiqadi. Oʻzi tashabbuskori boʻlgan narsadan oʻzi bexabar boʻlishi mumkinmi? Xoʻp, loqaydlik boʻlgan ekan, bunga kim aybdor, taʼminotchimi yo isteʼmolchi? Axir shu paytgacha penyasi borligi biror joyda, na abonent daftarchasiga tikiladigan toʻlov kvitansiyasi (bu hujjatda “penya” degan alohida band bor – mual.)da, na fuqaroga taqdim etilayotgan qarzsizligini tasdiqlovchi maʼlumotnomada qayd etilmagan. Jilla qursa, ogohlantirish ham berilmaganku. Shokir Qodirov ham oʻz ogʻzi bilan aytib turibdi, oxirgi paytda gaz idorasiga “spravka” soʻrab kelgich koʻpaygan. Endi esa buni qulay fursat bilib, hech ikkilanmay foydalanishgan-qoʻyishgan.

Bu yerda kim haq oʻzi?! Uni-buni bahona qilib, isteʼmolchidan 5-6 yillik penyani undirish uchun huquqiy asos bormi?

– Penya boʻyicha koʻp muammo boʻlayapti, koʻp ariza tushayapti, – deydi Qarshi shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tashkiloti huquqiy himoya mutaxassisi Rustam Berdiyev. – Shu masala yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlaro sudiga ikki fuqaro nomidan daʼvo arizasi ham kiritdik. Hali hal qiluv qarorini olmadik. Shunday boʻlsa-da, bu masalani yuridik jihatdan baholash mumkin. Bunda ikkita xatoga yoʻl qoʻyilayapti. Yaʼni birinchidan, taʼminot korxonasi va aksar isteʼmolchilar oʻrtasida shartnoma mavjud emas, shu kungacha tuzilmagan. Agar shartnomaviy munosabat rasmiy boʻlmasa, uning kuchi yoʻq degani. Isteʼmolchiga majburiyat yuklab boʻlmaydi. Qolaversa, hisoblash notoʻgʻri boʻlayapti. Yaʼni Fuqarolik kodeksi 150-moddasiga koʻra, daʼvo muddati uch yil etib belgilangan. Bundan chiqadiki, 2016-yildan berisi qamrab olinishi kerak. Aslida penya yildan-yilga oʻtmasligi darkor. Isteʼmolchiga toʻlang deb, xat berilishi lozim edi. Maʼlum boʻlishicha, hisob raqami boshqa deb, penyani alohida hisobga undirishayapti. Unutmaslik kerakki, penya ham qarzdek narsa.

Toʻgʻri-da. Penya ham jarima sifatidagi chora, isteʼmolchi zimmasidagi qarz. Oʻtgan yillari fuqarolarga tegishli maʼlumotnoma berib kelgan gaz idorasi qanday qilib ularni yana qarzdorga chiqarishi mumkin?! Uddaburonlikni qarangki, bugun mazkur amaliyotni qoʻllashda sal boshqacha yoʻl tutishayapti. Endi maʼlumotnomada birvarakayiga ham qarzdorlikni, ham penyani aks ettirishayapti. Yaʼni, tabiiy gazdan asosiy qarzdorlik yoʻq, lekin falon soʻm penya bor. Bir oʻylab koʻraylik. Byudjet tashkilotida ishlovchi isteʼmolchi bu hujjatni oʻz ish joyiga taqdim etdi. Mavjud tartibga koʻra, qarz xodimning oyligidan ushlab qolinadi. Xoʻp, tagʻin penyaga deb shu maoshdan mablagʻ undirilmasliga kim kafolat beradi?!

Yana bir jihat. Taʼminotchi korxona soʻnggi paytda isteʼmolchilarning gaz haqini vaqtida toʻlamayotganiga qattiq yopishib olgan. Ular talabicha ham boraylik. Buning uchun barcha sharoit yaratib berilganmi oʻzi?! Maʼlumotlarga koʻra, hozirda Qarshi gaz taʼminoti uchastkasiga 126 ming maishiy isteʼmolchi – aholi vakili qaraydi. Taʼminotchining shuncha kishidan oyning 10-sanasigacha toʻlovlarni toʻliq qabul qilib olishga imkoniyati yetadimi? Agar oʻrtacha ming fuqarodan toʻlov qabul qilish kerak boʻlsa, ularning har biriga 5 daqiqadan vaqt ketsa ham, shahar gaz idorasi yonida tashkil etilgan qabul jarayonida bunga bir kunda ulgurish amri mahol. Axir biz 126 ming isteʼmolchi haqida gapirayapmiz. Oʻsha kuni bu yerga ertalab 6 dan borgan ayrim fuqarolarga 1-2 soatda ham navbat tegmayotgani bu tizim qanday ishlashini yaqqol koʻrsatib turibdi. Aholiga yoppasiga penya yozishdan avval shu haqda ham bafurja bosh qotirishsa yaxshi boʻlardi chamamda.

Boz ustiga, “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning faqat penyaga daxldor bandi ijrosini bajarishda jonbozlik koʻrsatayotgan taʼminotchi boshqa majburiyatlarini ham sidqidildan ado etsa barchaga foyda boʻlardi nazarimizda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining oʻsha 22-son qarorida maishiy isteʼmolchilarga tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, oʻrnatish, roʻyxatdan oʻtkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Oxirgi paytda bu masala ham nuqul isteʼmolchi gardaniga yuklab qoʻyilayotgani ayni haqiqat. Taʼminotchi oʻz hisobidan biror aholi xonadoniga “schyotchik” olib borib oʻrnatib berganini yaqin orada eshitmadik.

Toʻsatdan dolzarblik kasb etgan penya masalasini odamlar oʻzicha tusmol etayotgani ham bor gap. Kimdir “gazchilar ishida kami chiqqani uchun shuni toʻldiraman deb, yoppasiga aholiga penya solishayapti”, degan gumonni bildiradi. Ammo bunisi bizga qorongʻi, dalil-isbotsiz aniq bir fikr aytishga ojizmiz. Qolaversa, bu tashkilotdan ilgari ham pand yeganlar koʻp boʻlgan. Kamomad boʻlib qolsa, katta pulni shartta fuqorolarga taqsimlab tashlashgani, natijada noreal qarzdorliklar yuzaga kelgani avvallari koʻp quloqqa chalingan. Qarz asossiz mindirilgani koʻp bora oʻz isbotini ham topgan.

Sarlavhani ham bekorga bunday tanlamadik. Agar homilador ayolning tugʻrugʻi kechiksa, tuya goʻshti yeganmi, deyisharkan momolarimiz. Chunki tuya goʻshti tanovul qilgan xotinning oy kuni biroz kechikarkan. Bu naql ayni holatga ham juda mos kelayapti. Aftidan, gaz idorasida ishlovchi mutasaddilar ham aholi penyasiga tuya goʻshti yedirib rosa boʻrdoqiga boqishgan koʻrinadi. Aks holda, arzimagan 0,1 foiz hisobidan kelib chiqqan jarima yillar oʻtgani sari koʻpayib, katta bir summa holida endi-endi namoyon boʻlmasdi, “tugʻrugʻi” bunchalik kechikmasdi. Bu esa haqli ravishda isteʼmolchini esankiratib qoʻyayapti.

Mirzohid JOʻRAYEV,jurnalist
“Qashqadaryo” gazetasi 4-iyun soni

O'zA
3 373