O‘zA O`zbek

01.01.2018 10:46 Chop etish versiyasi

Bugundan moliya va soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘rish mexanizmi kuchga kirdi

Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-dekabrdagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarning to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Farmonga ko‘ra, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Endilikda bu organlar rahbarlari mahalliy byudjet daromadlarining tasdiqlangan prognozi ijro etilgani uchun 10 foiz, byudjetga to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzdorligi qisqartirilgani uchun 20 foiz va mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari bajarilgani uchun 20 foiz miqdorida mukofotlanadi.

Aksincha, yuqorida ko‘rsatilgan mezonlarning ijrosi ta’minlanmagani uchun ularning lavozim maoshlaridan 30 foiz miqdorida jarima sanksiyalarini qo‘llash tizimi joriy etiladi.

Moliya va soliq organlari rahbarlarini mukofotlash yoki javobgarlik choralarini qo‘llash moliya vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tumanlar (shaharlar) hokimlarining tavsiyalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

O‘zA
8 956