Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2018 16:00 Chop etish versiyasi

Bugun ulug‘ o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tug‘ilgan kun!

Bugun ulug‘ o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tug‘ilgan kun!
Abdulla Qodiriy va Muhammad Yusuf

O‘zbek adabiyotida juda ko‘plab shoirlar Qodiriyga, uning o‘lmas romanlari qahramonlari - Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolarga she’rlar bag‘ishlashgan. Lekin bu borada M. Yusufning xirmoni uzoq-uzoqlardan ham ko‘zga yaqqol tashlanib turadi: shoirning bir necha o‘nlab go‘zal va haroratli she’rlari ayni mavzuda bitilgan. Muhammad Yusufning Qodiriy siymosiga, uning asarlariga, xususan, “O‘tkan kunlar” romaniga, uning qahramonlari - Otabek, Kumush va Zaynabga murojaat tarzida yozgan she’rlari, ayniqsa, ko‘pchilikni tashkil etadi. “Vatanim”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo”, “Muhabbat”, “Kundoshli uy”, “Laganbardorlar”, “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor”, “Sodda Muhammadman”, “Kinoga kirmayman”, “Zaynab qo‘shig‘i”, “Bibi”, “Otabek qo‘shig‘i”, “Tushimga kiradi Qodiriy bobo” (shoir bir xil nom ostida ikkita she’r bitgan), “Toshkent”, “Ona tilim” kabi she’rlarida bevosita yoki bilvosita Qodiriyning o‘ziga va asarlariga, ularning qahramonlariga murojaat bor bo‘lib, buning ma’nosi g‘oyat teranlarda ekanligi, ya’ni ikki ijodkor ruhining xalq ruhiyatiga yaqinligi bilan izohlanadi. Xususan, Istiqlolga erishgan millatning estetik, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va ruhiy jihatdan qaddini tiklashi pallasida Qodiriydek yurt ozodligi va millat ravnaqi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar nomini eslanishi, ularning yodi va ishlariga suyanilishi alal-oqibatda maqsadu intilishlar mushtarakligidan dalolat bo‘lib, M. Yusufning ayni mavzudagi she’rlari so‘zimizning yaqqol misolidir. Shu ma’noda shoir she’rlarini mazmun-mundarijasiga ko‘ra bir necha guruhga ajratishimiz mumkin. Chunonchi, bevosita “Otabek qo‘shig‘i”, “Kumush”, “Zaynab qo‘shig‘i” kabi she’rlar “O‘tkan kunlar” romani qahramonlari tilidan yoki ularga murojaat tarzida bitilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, shoir har bir she’r qahramonining ko‘zi bilan dunyoga qaraydi, ularning dardini (o‘z nazarida davom ettirgan holda) she’r tili bilan izhor aylaydi: 

Sen Shirinu men ham Farhod emasman,
Sen achchig‘u men ham novvot emasman.
Zaynab, Zaynab, menga aytma zoringni,
Sen dilxunu men ham dilshod emasman...
Boshga neki tushsa, ko‘kdan atomish,
Biz bir qafas aro giryon bir juft qush.
Bir go‘shada sen xomushsan, men xomush 
Sen vayronu men ham obod emasman... 

Shu tarzda shoir Otabek tilidan romanda bayon etilgandan o‘zgacharoq manzaralarni chizadiki, natijada o‘quvchi Otabekning chorasizlikda qolgan holatini, dardini teranroq, ko‘lamliroq anglaydi, ayni damda, Zaynab tushib qolgan vaziyatga, uning fojiasiga ham boshqa nuqtai nazardan razm soladi, unga salbiy qahramonga qaragandek qarashni bir zumga qo‘yib, sho‘rlik ayolni “ko‘kdan ato” taqdirga bo‘yin sungan bir bechora o‘laroq taniy boshlaydi. Boshqacha aytganda, M. Yusufning yuqoridagi she’rlari misolida roman voqeligi va qahramonlar xatti-harakatlari o‘ziga xos yo‘sinda talqin qilinadi.

Tengim boshqa, dedi yor,
Topdim desam tengimni.
Marg‘ilonlik bir dildor
Tortib oldi begimni...
Nima bo‘ldi bek yigit,
Bekangizga qarash yo‘q?
Kumushdan ming o‘rgilib,
Zaynabdan hol so‘rash yo‘q... 

“O‘tkan kunlar” romanini o‘zini ziyoliman degan o‘zbek o‘quvchisi borki, o‘qigan. Uni har kim o‘z darajasida uqqan, mag‘zini chaqqan. Odatda, asarni o‘qib bo‘lishi bilan o‘quvchi qalbini Kumushga nisbatan muhabbat va achinish hissiyu Zaynabga nisbatan nafrat tuyg‘usi qamrab oladi. M. Yusuf she’rlari esa o‘quvchining ana o‘sha ilk munosabatiga tahrir kiritadi, hammasini boshqatdan o‘ylab ko‘rishga, Zaynabni ham bir inson o‘laroq tushunishga undaydi. Buning uchun esa voqelikka aynan Zaynab ko‘zidan qarash talab etiladi. Bu, Zaynabning mudhish qilmishini oqlashga intilish emas, balki u tushib qolgan vaziyat chigalligini va kundoshli ayol boshiga yog‘ilgan sho‘rish zalvorini yurak-yurakdan his qilishga da’vat etish deganidir. 

Endi boshqa bir she’rdan o‘qiymiz:

Marg‘ilonda Kumushni ko‘rdim,
Ko‘ziga yosh olib turibdi.
Sochlarini maydalab o‘rib,
Otabekni izlab yuribdi... 

“Kumush” deb nomlangan she’rida shoir ana shunday manzarani chizadi. Bu bilan esa o‘quvchi xayolini yana o‘sha buyuk sevgi qissasiga, bag‘oyat go‘zal va sadoqatli Kumush obraziga – sochini mayda o‘rib, ko‘zi to‘la yosh bilan Marg‘ilonda Otabekni izlab yurgan Kumushga qaratadi. Natijada o‘quvchi ko‘z o‘ngida yana “O‘tkan kunlar” romani voqealari, qahramonlari jonlanadi-da, beixtiyor, asarning badiiy olami chashmasidan estetik didi chanqoqligini qondirib oladi.

She’rlarning boshqa bir guruhi esa Qodiriyning nomi bilan bog‘liq. “Tushimga kiradi Qodiriy bobom”, “Vatan”, “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor”, “Toshkent”, “Ona tilim” deb nomlangan she’rlar ijtimoiy mavzularda bo‘lib, o‘quvchi e’tibori o‘rni-o‘rni bilan Qodiriy siymosiga yo‘naltiriladi:

O‘tkan kuning o‘tkan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun.
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim. 

Qodiriy qo‘lini bog‘lab, dilini dog‘lab ketgan o‘tkan kunni eslash bu Vatanimiz tarixini, kechagi qora kunini xotirlash va tarixdan to‘g‘ri saboq chiqarishga yuzlanishdir. O‘sha vaqtlarda Vatan va millat dushmanlari bag‘oyat kuchli bo‘lib, Qodiriy kabi millatning ma’naviy gullari payini qirqqani, qolganlarni esa duduq bo‘lishga majbur qilgani yaqin kechmishimizdan ma’lum. Demak, she’r tarixni kinotasma yanglig‘ o‘quvchi ko‘z o‘ngidan qayta kechirib, xayolida jonlantirgan ko‘yi badiiy idrok etishga chorlayapti.

Uchinchi guruh she’rlar esa u yoki bu mavzu haqida bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay Qodiriy asarlari va asarlari qahramonlarining nomlari yodga olinadi, bundan kerakli xulosalar chiqariladi. “Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor, Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor, O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim, Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor” . Tarixiy harakatda ma’lum bosqichga yetgan millat shoiri ortga o‘girilib, o‘tmishni yodga oladi, uni anglamoqchi, anglaganlariga ko‘ra xulosalar chiqarmoqchi bo‘ladi. Chunki bu millat yangi tarixiy burilish oldida turibdi, bu tarixni yaratish uchun esa kechagi kun sarhisob etilishi shart: “Alhazar, alhazar, ming bor alhazar, Ana, yurishibdi kiyganlari zar. Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...” Bu bilan shoir kechagi davrning fojialariga e’tiborni qaratib, undan kerakli, bugungi va ertangi kun uchun zaruriy o‘gitlar chiqarishga undayotgandek bo‘ladi. Ya’ni Qodiriyga, uning achchiq qismatiga va asarlariga murojaat orqali shoir kelajak avlod ma’naviyatiga xizmat qiladi. She’r “Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar – Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...” degan alamangiz misralar bilan yakunlanadi. Bu misralarning birinchisida Qodiriyning achchiq qismatiga va uni sotganlarga, o‘sha murakkab davrga ishora bo‘lsa, ikkinchisida buyuk adibning “Mehrobdan chayon” nomli ikkinchi romani nazarda tutiladi. Ayni damda, yana bir ma’noki, roman nomi Qodiriyni sotganlarga epitet sifatida xizmat qildiriladi. Ko‘rinadiki, tarix kitobini varaqlash tarixni idrok etishning yagona yo‘li emas ekan. Tarix kitoblarini uqib o‘qish yonida badiiy adabiyot qahramonlari qismatlari va dardlarini anglash ham millat o‘tmishini his qilib anglashga olib borarkan. Aytilgandan shunday xulosa qilish mumkin: badiiy adabiyot tarixga olib borguvchi yana bitta yo‘l - his va tafakkur bilan yo‘g‘rilgan muqaddas yo‘l.

Shoirning yana shunday she’rlari borki, ularni to‘rtinchi guruhga oid deb atash mumkin. Chunki ularda shoir Qodiriy qahramonlariga murojaat vositasida o‘z ahvoliga nazar tashlaydi, uni o‘quvchi ko‘z o‘ngida bor bo‘yicha gavdalantirmoqchi bo‘ladi. Chunonchi, “Bibi” nomli she’rdan o‘qiymiz:

Marg‘ilon havosi elitdi andak,
Ma’yus ko‘chalarda yurdim dovdirab.
Hozir Kumush chiqib qoladigandek
Har eshikka boqdim ko‘zim jovdirab.
Chiqsa, Bibi derdim,
She’rga yor bo‘ldim,
U bir yuho yanglig‘ domiga tortar,
Shuhrat yo‘liqqanda do‘stga zor bo‘ldim,
Qalbimni yolg‘izlik azobi o‘rtar.

Ya’ni Kumushbibiga dardini izhor aylarkan, el aro mashhur shoirning oddiy inson sifatida bir do‘stga zorligi, ustiga ustak, yovlarining ko‘p va ulkanligi quyiroqda bayon etiladiki, natijada shoir qismati “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Kumush obrazi bilan qiyos etiladi:

Aslida-ku, shaharga yo‘lim chap edi,
Netay, poytaxtdaman, nasibam ekan.
Seningku, dushmaning bir Zaynab edi,
Mening kundoshim ko‘p, yovlarim ulkan.
Bulardan qo‘rqqulik. Bular dog‘uli,
Zaynab nima? Zaynab bir rashk bandasi.
Bular dushmanlarning eng nomard xili,
Bular kundoshlarning eng sharmandasi... 

Alamli va achchiq ayblov shoir bilan zamondosh ayrim olchoq, ichiqora va tuban kimsalarning asl basharasini, yovuz siyratini ochib tashlaydi, ayni damda M. Yusufdek ulkan shoir dardini, armon va iztiroblarini elga oshkor aylaydi. 

Ko‘rinadiki, Muhammad Yusufdek xalqqa, uning ruhiyatiga eng yaqin shoirlardan biri butun ijodi davomida ulug‘ yozuvchi Abdulla Qodiriy va uning asarlariga murojaat qilganligi sira bejiz bo‘lmay, bu avvalambor, adib va shoir dunyoqarashida, olamni badiiy-estetik idrok etishida muayyan mushtarak jihatlar borligini ko‘rsatadi. Qolaversa, Qodiriy ijodi M. Yusuf she’riyati suv ichgan ko‘plab zilol chashmalardan biri ekanligini bildiradi.

Ulug‘bek HAMDAM

7 708