Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 11:05 Chop etish versiyasi

Bugun askarlarning hayoti yana bir yorqin xotira bilan boyidi

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Andijon viloyatining Paxtaobod mahallasida ulg‘aygan Isroiljon Mirzakarimov Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmat burchini sharaf bilan o‘tamoqda. Bugun uning askarlik hayoti yana bir yorqin xotira bilan boyidi.

Vatan himoyachilari kuni oldidan “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” shiori ostida Surxondaryo va Andijon viloyatlari o‘rtasida tashkil etilgan videomuloqotda oddiy askar I.Mirzakarimov ham ota-onasi, yaqinlari va do‘stlari bilan onlayn muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

– Vatanni qo‘riqlashdek sharafli vazifani ado etayotganimdan faxrlanaman, – deydi oddiy askar I.Mirzakarimov. – Harbiy qismda o‘z burchimizni a’lo darajada o‘tashimiz, jismonan toblanish va ma’nan yuksalishimiz uchun barcha sharoit mavjud. Armiya yigit kishining mard va jasur bo‘lib shakllanishida shijoat va matonat maktabi ekan. Lekin bugun Termizda turib, Paxtaoboddagi ota-onam va do‘stlarim bilan salomlashish, yuzma-yuz muloqot qilish xayolimga ham kelmagan edi. Onlayn uchrashuvda, ayniqsa, onajonim va yaqin o‘rtog‘im Abdulatif menga barcha yangiliklarni aytib berganidan juda xursandman. Men ularga askarlik davrimda erishgan yutuqlarim, bizga yaratilgan sharoitlar va safdosh do‘stlarim haqida faxr bilan so‘zlab berdim.

Videomuloqot Andijonda xizmat burchini bajarayotgan surxondaryolik o‘g‘lonlarning ota-onalari va do‘stlari uchun ham hayajonli damlarga boy bo‘ldi. Jumladan, termizlik Asliddin Xurramov Termiz iqtisodiy-ijtimoiy kasb-hunar kollejini muvaffaqiyatli tugatib, Vatan oldidagi konstitutsiyaviy burchini o‘tashga astoydil tayyorgarlik ko‘rdi. Hozir Andijonda xizmat vazifasini a’lo darajada bajarayotir. Shu kuni oddiy askar A.Xurramov ota-onasi va yaqin do‘sti Sardor bilan guyo bir dasturxon atrofida suhbatlashayotgandek his qildi o‘zini.

– Bir mahallada o‘sib-ulg‘aydik, – deydi Asliddinning o‘rtog‘i Sardor Yangiboyev. – Unga harbiy libos juda yarashibdi. Bo‘y-basti yanada o‘sib, fikri teranlashibdi. Rosti, do‘stimga havasim keldi. Menda ham harbiy sohaga qiziqish paydo bo‘ldi. Askar do‘stim bilan dildan muloqot qilganimda unda yuz bergan ana shu o‘zgarishlarni aytdim. Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, do‘stlarimizning dil so‘zlarini, salomini yetkazdim.

Videomuloqot ishtirokchilari dilbandlariga mahalla-ko‘y va yaqinlarining salomini yetkazdi. Xizmat burchini yorug‘ yuz bilan o‘tab qaytishiga samimiy tilak bildirdi.

Tadbirda Vatan, do‘stlik va yoshlikni, mehr-muhabbat va osoyishtalikni tarannnum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Yurtimizning janubiy sarhadlarini ishonchli qo‘riqlayotgan andijonlik askarlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
7 883