Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 17:20 Chop etish versiyasi

Bozorlarimizda qulay sharoitlar yaratilmoqda. Biroq...

Mamlakatimizda bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish darajasini yuksaltirish, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 27-martdagi “2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Dasturning amalga oshirilishi dehqon bozorlarining soni va hududi maqbullashtirilishi, ularning maydonlaridan va infratuzilma obyektlaridan samarali foydalanilishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishi, xaridorlar uchun qulay savdo muhiti yaratilishi, savdoni hisob-kitob terminallari orqali tashkil etish hisobiga bankdan tashqari naqd pul mablag‘lari aylanmasi qisqarishini, shuningdek, mamlakatimizda 2020-yilgacha dehqon bozorlari to‘liq rekonstruksiya qilinishini ta’minlaydi. 21 ta dehqon bozori hududida yangi zamonaviy savdo majmualarini qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Shunday shart-sharoitlar yaratilishiga qaramasdan ayrim “uddaburon” tadbirkorlar tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida turli qoidabuzarlik holatlari sodir etilmoqda. Mazkur qonunbuzilish holatlarining oldini olish va bartaraf etish maqsadida bozorlar va savdo komplekslari hududidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilish borasida Davlat soliq qo‘mitasi bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasining hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning 1-sentabriga qadar jami 10 mingdan ortiq soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan tekshirishlarda qariyb 1 ming 760 holatda nazorat-kassa mashinasi o‘rnatilmagani, 5 ming 526 holatda nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, 4 ming 350 holatda 10,7 milliard so‘m miqdorida naqd pul tushumini bankka topshirmaslik, 21 holatda to‘lovlarni bank plastik kartochkasida qabul qilishni rad etish va 484 holatda to‘lovda narxni sun’iy ravishda oshirish holatlari aniqlanib, 5 ming 300 ga yaqin huquqbuzarga nisbatan jami 982,6 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima va 3 ming 483 material bo‘yicha 15,1 milliard so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, 67 ta material bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Mazkur raqamlar joriy yilning 8 oyi yakuni bilan shakllanganiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tadbirkorlar huquqbuzarliklari tufayli o‘ziga qanchadan-qancha moddiy zarar yetkazayoganligini ko‘rishimiz mumkin.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqbuzarliklarning qariyb 44 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan savdo yoki xizmat ko‘rsatish faoliyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat turlari bilan shug‘ullanish holatlari aniqlanganda davlat soliq xizmati organlari faoliyatning tegishli turi bo‘yicha qat’iy belgilangan soliqning o‘rnatilgan stavkasidan kelib chiqib, bir yillik miqdordagi summasini bir vaqtning o‘zida undiradi, agar davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat bilan shug‘ullanish holatlari aniqlangan sanadan boshlab o‘ttiz kun mobaynida jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan hollar bundan mustasno. Bunday jismoniy shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda qat’iy belgilangan soliqning hisoblangan yillik summasini o‘n ikki oy mobaynida ushbu davr uchun qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha kelgusi soliq majburiyatlari hisobiga to‘lash huquqi beriladi.

Shu o‘rinda aytish zarurki, huquqbuzarlik oqibatida o‘ziga va xalq manfaatlariga zarar yetkazmaslik uchun tadbirkor avvalambor o‘zi shug‘ullanayotgan faoliyat turi bo‘yicha amaldagi qonunchilikni puxta bilishi lozim, bu bilan tadbirkor o‘z faoliyatining qonuniyligini ta’minlash orqali sodir etishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarlikni hamda uning natijasida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan jarimalarning oldini olgan bo‘ladi.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari har bir sohaga chuqur kirib kelgan. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz saytida soliq va soliqqa oid normativ-huquqiy hujjatlar bilan kengroq tanishish, boshqa ko‘plab imkoniyat va qulayliklar yaratilgan. Shu tufayli yuridik va jismoniy shaxslar soliq idoralariga bormasdan turib, interaktiv xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega.

Ravshan Raimov,
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi
chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni
profilaktika qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.

O‘zA
1 883






Все о погоде - Pogoda.uz