O‘zA O`zbek

11.08.2018 15:10 Chop etish versiyasi

Bolaligimga qaytargan mamlakat

Bolaligimga qaytargan mamlakat
– Suvda elektron bormi?
– Suv, domlajon, bitmas-tuganmas elektr manbai.
– Masalan... Masalan? Farxod GES, Nurek GES......

Esladingiz. “Uchrashuv” filmidagi Ergash Karimovning so‘zlari.
Bugun Nurek GESini emasu, Nurek suv omborini borib ko‘rdik.

Kulob sari yo‘lga chiqar ekanmiz, Nurek suv omboridan o‘tdik. Kulobda bizlarni shahar hokimi Xayrullo Omonullo kutib oldi. So‘ng Mir Said Ali Hamadoniy maqbarasini ziyorat qildik. Asosan o‘zbeklar istiqomat qiladigan “Tomosha tepa” mahallasidagi maktabga borib, u yerda xalq hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan tanishdik. Bu yil Tojikistonda “Turizm va hunarmandchilik yili” deb nomlangan, shu sababli hunarmandchilikka katta e’tibor berilayotganini ko‘rdik. Oqsoqollar bilan suhbatlashdik. Keksalar ikki mamlakat rahbarlarini duo qilishar ekan, o‘zbeklar va tojiklar et va tirnoq ekanliklarini, etni tirnoqdan ajratib bo‘lmasligini qayta-qayta ta’kidlashdi. Shu yerda bolaligim yodimga tushib ketdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Turob To‘laning 60 yillik yubileyi qishlog‘imizda ham nishonlagan, butun o‘zbekistonlik yozuvchilar tashrif buyurgan edi. O‘shanda biz bolalar hayrat ko‘zi bilan yozuvchi va shoirlarga boqqan edik. Axir biz tirik adiblarni ko‘rib turardik. Maktabda bizni kutib oluvchilar orasida mana shu – beg‘ubor bolalar ham bor edi.

20180810_091317.jpg

Ortga qaytar ekanmiz, ko‘p yillar mobaynida o‘qituvchilik qilgan O‘lmasxon Rahimova “uyga kirib bir piyola choy ichib ketasizlar”, deya turib oldi. Bizga hamrohlik qilayotgan rasmiylar bunga e’tiroz bildirishdi. Chunki boshqa uchrashuv belgilangan edi. Ammo bizni taklif etgan mahalliy aholi vakilining uyiga bordik. Bu uyda bolalik xotiralarim yana yodga tushdi. Qo‘limizga obdastada suv quyib, sochiq tutishdi.

20180810_115244.jpg

Kulobdan so‘ng Dang‘ara tuman markaziga keldik. Bu yerda Xatlon viloyati Raisining o‘rinbosari Mahfirat Xidirzoda kutib oldi va tashrifimiz so‘nggigacha hamrohlik qildi. Dang‘ara Davlat universiteti faoliyati bilan tanishdik. Bu borada universitet rektori Shohiyon Nurali Nabot atroflicha ma’lumot berdi va O‘zbekiston oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlik qilish niyati borligini bildirdi.

20180810_163612.jpg

So‘ng “Juntoy Sinsilu Teksitil” qo‘shma korxonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. “Xurramshahar” dam olish maskanida haqiqatan ham dam oldik. San’at asari yaratilibdi. Hamkasblarimizdan biri lutf qilib, bu binoni Tojikiston “Toj Mahali” deb ta’rifladi. Nonushtadan avval yana qo‘llarimizga suv tutishdi.

20180810_165355.jpg

Viloyat markazi Xatlonda katta konsert tashkillashtirishibdi. Bu tadbir shaharliklar hordiq chiqaradigan “Bayroq markazi”da bo‘lib o‘tdi.
Dang‘ara tumani va Boxtar shahridagi bannerlar o‘zbekistonlik jurnalistlarning tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rilganidan dalolat. Tojikistonda Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevni hurmat qilishadi va ularni juda yuksak qadrlashadi.

Tojikistonda o‘z qahramonlarini e’zozlashlariga guvoh bo‘ldik. Olti nafar fuqaro “Tojikiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan. Ularning suratlarini har bir idora va muassasada ko‘rish mumkin.

Dushanbeda avtomobillar raqamining rangiga e’tibor qaratdim. Fuqaro va idoralarga tegishli mashinalar raqami – xuddi biznikiga o‘xshaydi. Ammo yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan avtomobillarga sariq rangli raqam berishar ekan. Yashil rangli avtomobillar xorijiy diplomatlarga tegishli. Ichki ishlar idoralarining avtomobillariga havo rangdagi raqam berilishiga guvoh bo‘ldik.

Tojikistonda ham xuddi O‘zbekiston singari aholi salomatligiga e’tibor qaratiladi. Har qadamda “Doruxona” (“Dorixona”)ni uchratish mumkin.

Yana bir narsani alohida ta’kidlashni istardim. Ko‘chalardagi lavhalar faqat va faqat davlat tilida yozilgan.

Tojikistonga bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlarning press-turi shu tariqa nihoyasiga yetdi. Milliy taomlar, bu – alohida mavzu. Biz tashrif buyurgan restoranlarda faqat o‘zbek va tojik qo‘shiqlari – jumladan “Andijon polkasi” va “Lazgi” yangradi. Bu ham bo‘lsa, ikki xalq do‘stligining ramzidir. Bo‘lib o‘tgan rasmiy va norasmiy uchrashuvlarda bir gap yangradi: o‘zbek va tojiklar yaxshi kunda ham, yomon kunda ham hamisha birga bo‘lgan va bundan keyin ham birga bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Tojikistonga qilingan besh kunlik safarimiz mobaynida men bolaligimga qaytdim: bolalik xotiralarim yodga tushdi. Buning uchun Tojikiston hukumatiga, tojik xalqiga va so‘zsiz Tojikistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklarga o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman.

Sh.To‘laganov, O‘zA
2 107