Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.12.2017 18:24 Chop etish versiyasi

Bolalarni zararli axborotdan asrash zarur

Samarqandda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarur yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-avgustdagi “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari, xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari ishtirok etgan tadbirda mazkur qonunning maqsad va vazifalari, axborot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning axborotlarni yoshga oid tasniflash, ekspertizadan o‘tkazish, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi hamda ushbu faoliyatda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar vakolati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

– “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarur yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, deb belgilandi, – deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari S.Shukurov. – Shu bilan birga, qonunning 25-moddasida agentligimiz, adliya va boshqa manfaatdor tashkilotlarga uning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Ushbu davra suhbati ana shu vazifalardan kelib chiqib tashkil etildi.

Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbarining joriy yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida bayon etilgan fikrlar, bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida qabul qilingan yuqoridagi farmon va qarorlari matbuot va axborot sohasidagi boshqaruvni takomillashtirish, kitob mahsulotlari nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, xalqimiz kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosida ommaviy axborot vositalari, nashriyot va matbaa korxonalari oldida turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 393