Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2018 13:00 Chop etish versiyasi

Bolalar manfaati doimiy e’tibor va himoyada

“Poytaxt” biznes markazida BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) tomonidan nogiron shaxslar masalalarini ommaviy axborot vositalarida yoritishni kengaytirish, jamiyatda imkoniyati cheklangan insonlarga nisbatan sog‘lom munosabatni shakllantirish bilan bog‘liq vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan tadbirda imkoniyati cheklangan shaxslarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarda faol ishtirok etishini ta’minlash, bunda ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rni kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili H.Freyzer, YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari S.Graumann va boshqalar O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida qaralib, ularning ijtimoiy hayotdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida aniq yo‘naltirilgan maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Mazkur jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorlikda yuksak faollik ko‘rsatayotgani alohida qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlar, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan puxta qonunchilik bazasi yaratilgan. Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi tizimni yanada yaxshilash bilan birga, nogironlarning jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishga ko‘maklashish imkonini bermoqda.

Davra suhbatida qayd etilganidek, jamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish, odamlarning ular haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarini o‘zgartirishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi.

Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarga taalluqli masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, jismoniy cheklangan bolalar uchun qulay muhit va ijobiy munosabatni shakllantirish, shuningdek, bu borada qonunchilik tizimiga joriy etilayotgan xalqaro standartlar yuzasidan fikr almashildi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
5 440